11:01 / 22.10.2019
1
43030
10-11-sinflar uchun yangi fan joriy etilishi mumkin
Foto: O‘zA

Umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 10-11-sinflari uchun “Tibbiy bilim asoslari” fani joriy etilishi mumkin. Bu haqdagi tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida joylashtirildi.

“Aholini tibbiy bilim va madaniyatini oshirish eng dolzarb masalalardan biridir. Sog‘lom yurt vakillari davlatni qudratli qiladi. Aholimiz tibbiy madaniyati kun sayin ortib bormoqda. Lekin shunga qaramay hanuzgacha ba'zi joylarda aholimizning tibbiyot sohasiga oid bilimlari yetarlicha emasligi ko‘zga tashlanmoqda (garchi bu borada ko‘p ishlar qilinayotganligiga qaramasdan)”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Qayd etilishicha, kasalliklarni kelib chiqish sabablari va ularning profilaktikasi, oqibatlari, kerak bo‘lganda bemorga tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelguncha bo‘lgan vaqtda yoki statsionargacha bo‘lgan davrda zaruriy tibbiy yordam ko‘rsata olishni har bir fuqaro bilishi zarur. 

“Kasalliklarning sababi va oqibatlarini bilgan inson shu kasallikning kelib chiqmasligi uchun doimiy harakatda bo‘ladi (oilasi va o‘zi uchun sog‘lom turmush tarzini yaratadi, gigiyenik zararlanishdan saqlanadi, zararli odatlarga berilmaydi). Bu esa turmush tarzini yaxshilab, o‘rtacha umr ko‘rish yoshini oshiradi. Tasavvur qiling, hozirda tez tibbiy yordam xodimlari chaqiruv joyiga yetib borgunlaricha, 40 daraja haroratdagi bemorga onasi yoki boshqa yaqinlari tomonidan yuqori haroratni pasaytiruvchi dorilar tugul, hattoki bemor badanini nam mato bilan ham artib qo‘yish yoki uyda xafaqon kasalligiga chalingan bemorni arterial bosimini o‘lchash va bemorga holatdan kelib chiqib shifokor buyurgan zaruriy preparatlarni ichirish borasida ham ozroq tibbiy bilim zarur bo‘ladi”, - deyiladi petitsiyada. 

Bildirilishicha, nafasi qisayotgan, avtohalokatga uchragan yoki jarohat olgan bemorga qanday birlamchi yordam ko‘rsatishni ko‘pchilik bilmaydi. Bu holatlarda tibbiy bilimga ega bo‘lmaslik, yordam ko‘rsatishdan qo‘rqish yoki noto‘g‘ri harakat qilish bemorlarda qator asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin. Hech bo‘lmaganda tibbiy bilimga ega bo‘lgan yosh oila vakillari o‘z oilasi va farzandlari sog‘ligiga jiddiy e'tibor bergan bo‘lar edi.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda maktablarning 10-11 sinf o‘quvchilari uchun “Tibbiy bilim asoslari” fanini joriy etishni taklif qilaman. Bu fan qolgan asosiy fanlar qatorida dars soatlariga kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, - deya yakunlangan murojaat.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top