14:30 / 22.10.2019
1
5595
IELTS kabi o‘zbek tili uchun ham baholash tizimi yaratilishi mumkin

Xalq ta'limi vazirligi o‘zbek tilini bilish darajasini baholashning IELTS kabi tizimini ishlab chiqish ustida ishlamoqda. Bu haqda vazir Sherzod Shermatov ma'lum qildi.

Foto: O‘zA

Shermatov Facebook`dagi sahifasida bunday tizimni yaratish uchun ekspertlarni hamkorlikka chaqirdi.

«Tilni o‘rganishda nafaqat grammatika, balki hayotda u tildan foydalanish uchun ko‘nikmalar hosil qilish juda muhim. Lekin, shu vaqtgacha IELTSdagi kabi barcha 4ta ko‘nikma (o‘qish, yozish, gapirish va eshitish)ni xolis baholaydigan tizim o‘zbek tili uchun yaratilmagan», – deb yozadi u.

Xalq ta'limi vaziriga ko‘ra, agar shunday tizim ishlab chiqilsa, maktab o‘quvchilarining o‘zbek tilini yanada yaxshiroq o‘rganishga, yaxshiroq o‘qib tushunishga, ravon gapirishga, o‘z fikrlarini bemalol yozma ifoda etishga imkoniyat yaratiladi.

«Yaxshi ishonchli tizim yaratilsa, uni keyinchalik Davlat test markazi bilan hamkorlikda Oliy ta'lim muassasalariga ham kirish imtihonlarida joriy qilsa bo‘ladi», – deb fikr bildirdi Sherzod Shermatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir bu to‘rtta ko‘nikmani ingliz tilida baholash uchun xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda kompyuterdagi test tizimi ham yaratilgan. Lekin bu tizimdan o‘zbek tilidagi ko‘nikmalarni baholashda foydalanish uchun o‘zbek tili mutaxassislari, ayniqsa test tuzish bo‘yicha mutaxassislar kerak.

«Biz shunday mutaxassislarni izlayapmiz. Kuchli ekspertlarga qilgan ishlari uchun tegishli mablag‘ ajratiladi», – deya qayd etgan vazir.

XTV rahbari o‘z postida kecha, 21 oktabr kuni mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marta Davlat tili bayrami davlat rahbari ishtirokida nishonlanganini eslab o‘tgan.

«Kuchli va fidoyi mutaxassislarni yig‘a olsak va yangi baholash tizimini yaratsak, barcha ta'lim muassasalaridagi o‘quvchilar uchun juda foydali bo‘lar edi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘zbek tili davlat tili deb belgilanganining 30 yilligi uchun o‘ziga xos yaxshi sovg‘a bo‘ladi», – deydi Sherzod Shermatov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top