20:00 / 22.10.2019
0
32237
Surxondaryo viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Alisher Amirov Sherobod tumaniga hokim etib tayinlangach bo‘sh qolgan lavozimga yangi o‘rinbosar tayinlandi.

Bugun, 22 oktabr kuni Surxondaryo viloyati hokimligida faollar yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, hokimlik apparati mas'ul xodimlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. 

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, shu kungacha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi Qurilish bo‘yicha xarid va loyihaoldi hujjatlarini ekspertiza qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Ahmad Xudayshukurovich Suvonqulov viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

U bu lavozimda biroz avvalroq Sherobod tumani hokimi lavozimiga o‘tkazilgan Alisher Amirov o‘rnini egalladi.

Ahmad Suvonqulov 1968 yilning 7 noyabrida Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1994 yilda Toshkent davlat texnika universiteti, 2009 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan.

U turli yillarda Surxondaryo viloyati hokimligida kotibiyat mudiri, viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi direktori, Sho‘rchi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va boshqa mas'uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top