17:30 / 22.10.2019
0
25713
Zidan falokat yoqasida: YeChLda kun o‘yinlari anonsi

Seshanba oqshomida Chempionlar ligasida guruh bosqichining 3-turi doirasida 4ta guruhda 8 uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

A guruhi
«Real» uchun «jahannam» yo‘li

«Galatasaroy» — «Real»
22 oktabr. Istanbul. «Turk Telekom» stadioni. 23.55
Yo‘qotishlar
«Galatasaroy»: Oqbobo (jarohat), Lemina, Falkao, Feguli (barchasi — so‘roq ostida)
«Real»: Asensio, Beyl, Lukas Vaskes, Modrich, Nacho (barchasida jarohat), Kroos (so‘roq ostida)
Hakam: Orsato (Italiya).

«Bryugge» — «PSJ»
22 oktabr. Bryugge. «Yan Breydel» stadioni. 23.55 
Yo‘qotishlar
«Bryugge»: Former (diskval.), Balanta, Tau (ikkisi — jarohat.), Rikka (so‘roq ostida)
«PSJ»: Guy, Draksler, Kerer, Neymar (barchasi — jarohat), Dagba, Tiagu Silva (ikkisi — so‘roq ostida)
Hakam: Zibert (Germaniya).

O‘tgan haftaning shanba kuniga qadar «Real» Ispaniya chempionatida muntazam ravishda turnir jadvalini boshqarib kelayotgandi va ko‘pchilik madridliklardagi inqiroz haqida gapirish o‘rinsiz degan fikrda edi. «Qirollik klubi» yorqin o‘yin ko‘rsata olmayotgan bo‘lsada, jimgina ochkolarini jamg‘arib kelayotgani uchun xavotirlarga o‘rin yo‘qdek edi. Ammo shanba kuni «Real» turnir jadvali autsayderi, joriy mavsumda Segundadan yuqori ligaga ko‘tarilgan «Malorka»ga yutqazdi (0:1), «Barselona» esa shu kechada «Eybar»ni yirik hisobda yengdi (3:0), natijada birinchi o‘rin boy berildi, endi madridliklarning ahvoli xavotirli ekani ko‘rinib qoldi.

Chempionlar ligasida Zinedin Zidan jamoasining ahvoli shunchaki juda yomon. Startda «PSJ»dan uchralgan yirik mag‘lubiyatdan keyin «Real» o‘z uyida Belgiyaning «Bryugge» klubiga qarshi bazo‘r durang o‘ynadi (0:2 hisobi ikkinchi bo‘limda 2:2 ko‘rinishiga keltirilgandi), seshanba oqshomida esa madridliklar Istanbulda mehmon bo‘lishadi. O‘tgan asrda mehmonlarni «Do‘zaxga xush kelibsiz» (Welcome to hell) yozuvi bilan kutib oladigan «Ali Sami Yen» stadionida rekonstruksiya ishlari o‘tkazilgach, bu yozuvlar yo‘q bo‘lgan va stadion nomi «Turk Telekom»ga o‘zgargan. Lekin turk ishqibozlari o‘sha-o‘sha.

Bu stadionda «Real» Beyl, Modrich va Asensiosiz o‘ynaydi, Kroos jamoa bilan birga uchgan bo‘lsada, uning maydonga tushishi so‘roq ostida. Yozda katta umidlar bilan sotib olingan Yovich hali gol urmadi, Kurtua esa barqaror ravishda gol o‘tkazishda davom etmoqda, shunday ekan, ispanlarning istiqboli u qadar yorqin ko‘rinmayapti. «Real»ning baxtiga shu hafta oxirida «Kamp Nou»da bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan klasiko bahsi Barselonadagi tartibsizliklar tufayli dekabr oyiga qoldirilgan. Yo‘qsa, bu holatida jamoa Messi qaytganidan keyin yana avvalgidek o‘ynay boshlagan «Barselona»ga qarshi tura olmasligi aniq edi.

Guruh yetakchisi «PSJ» esa bu kecha Bryusselda mehmon bo‘ladi va bu jamoa navbatdagi uch ochkosini olib, guruh masalasini deyarli hal qilib qo‘yish niyatida. Parijliklar uchun yaxshi yangilik ham, yomon yangilik ham bir futbolchi bilan bog‘liq: Neymarning YeChLdagi diskvalifikatsiyasi muddati tugadi, lekin braziliyalik futbolchi terma jamoasi o‘yinida jarohat olib, bir oy muddatga safdan chiqqan. Lekin bu yulduz futbolchisisiz ham parijliklar turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

B guruhi
«Bavariya» navbatdagi qurbonini, «Tottenhem» o‘zini izlamoqda

«Olimpiakos» P — «Bavariya»
22 oktabr. Pirey. «Georgios Karaiskakis» stadioni, 23:55
Yo‘qotishlar
«Olimpiakos» P: Benzia (diskval.), Fortunis (jarohat)
«Bavariya»: Zyule (jarohat)
Hakam: Makkeli (Niderlandiya).

«Tottenhem» — «Tsrvena Zvezda»
22 oktabr. London. «Tottenhem Stedium» stadioni. 23.55
Yo‘qotishlar
«Tottenhem»: Lloris (jarohat), Lo Selso, Sessenon, Eriksen (barchasi — so‘roq ostida)
«Tsrvena Zvezda»: Boachi, Gayich, Yovichich (barchasi — jarohat)
Hakam: Gvida (Italiya).

Londondagi o‘yingacha (7:2) «Bavariya» chempionatda hech kimga yutqazmayotgandi, ammo «Tottenhem» ustidan yirik g‘alaba ortidan myunxenliklar «Hoffenhaym»ga yutqazib qo‘yishdi, o‘tgan shanba kuni esa «Augsburg» bilan o‘yindagi g‘alaba qo‘shimcha daqiqalarda boy berildi. Ijtimoiy tarmoqlarda myunxenliklar Londondagi o‘yinda «Tottenhem» virusi»ni yuqtirib olgani haqida hazillar yozilmoqda.

Ammo Chempionlar ligasida «Bavariya»ning holati hozircha a'lo darajada - ikki turdan keyingi yuz foizlik natija jamoaning guruhdan chiqish imkoniyatlarini keskin yaxshilagan. «Shporlar» esa juda yomon vaziyatga tushib qolishgan: londonliklar hozircha ikki uchrashuvdan atigi bir ochko olishgan, bu esa Angliya Premer-ligasidagi natijalar oldida holva - Maurisio Pochettino jamoasi 9 turdan keyin 12 ochko bilan turnir jadvalida 9-o‘rinda bormoqda.

Jamoaning bu holatini Angliyadagilar 2014-15 yilgi mavsumda, Yurgen Kloppning «Borussiya» Dortmund klubidagi so‘nggi mavsumida Bundesligani tark etishiga bir baxya qolgan holat bilan taqqoslashmoqda. O‘shanda ham nemislar klubi hech bir sababsiz yomon natijalar ko‘rsatishgandi. Balki, «Tottenhem» ham omadsiz mavsumdan keyin yana qayta kuchayar.

Ko‘rinishidan, «Tsrvena Zvezda» - uyg‘onish va qaytish uchun mos raqib. Ammo serblar hozirda juda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishmoqda va bu jamoa «shporlar»ning guruh bosqichidan chiqish uchun asosiy raqibidir. Ikkinchi turda «Zvezda» «Olimpiakos»ni mag‘lub etdi, Serbiya chempionatida esa jamoa barchani birin-ketin taslim etmoqda. Millik kubokda esa «Tsrvena Zvezda» ikki hafta oldin 8:0 hisobidagi yirik g‘alabaga erishgan. O‘yin oldidan kim ko‘proq qo‘rqishi kerak - «Tottenhem» yoki «Tsrvena Zvezda»?

C guruhi
Gvardiola quvnoq italyanlarga qarshi

«Manchester Siti» — «Atalanta»
22 oktabr. Manchester. «Etihad» stadioni. 23.55 
Yo‘qotishlar
«Manchester Siti»: Lyaport, Sane (ikkisi — jarohat), Otamendi, Uoker (ikkisi — so‘roq ostida)
«Atalanta»: Sapata (jarohat)
Hakam: Grinfeld (Isroil).

«Shaxtyor» — «Dinamo» Z
22 oktabr. Xarkov. «OSK Metallist» stadioni. 21.55
Yo‘qotishlar
«Shaxter»: Butko, Malishev, Maykon (barchasi — jarohat)
«Dinamo» Z: —
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya).

«Kristal Pelas» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin Pep Gvardioladan u «MYu»-«Liverpul» o‘yinini ko‘rish-ko‘rmasligini so‘rashdi. «Siti» ustozi esa kulimsirab shunday javob qaytardi: «Yo‘q, men «Atalanta» o‘yinini ko‘rishim kerak».

Gvardiola to‘g‘ri tanlov qilgandi: nafaqat o‘zining bo‘lajak raqibi bo‘lgani uchun, balki A Seriya o‘yinidan rohat olish uchun ham. Rimda «Latsio» mehmoni bo‘lgan «Atalanta» ikkinchi bo‘lim o‘rtalarigacha 3:0 hisobida oldinda edi, ammo keyin o‘yinni tashlab qo‘ydi va uchta gol o‘tkazib yubordi. Bu o‘yin Italiyada mavsumning eng tomoshabop o‘yini bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. O‘yinning 89-daqiqasida, hisob «Atalanta» foydasiga 3:2 ko‘rinishida bo‘lib turganida mehmonlar qatorasiga to‘rtta golli vaziyatdan foydalana olishmadi - «Latsio» himoyachilari va darvozaboni matonat ko‘rsatishdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa rimliklar penaltidan hisobni tenglashtirishdi.

Bunday quvnoq jamoa endi Angliya chempioniga qarshi turishi talab etiladi. Ko‘rinishidan, «Etihad»da «Atalanta»ni yaxshi damlar kutmayapti, ammo Gvardiola jamoasida ham zaif nuqtalar mavjud. «Pelas» bilan o‘yinning boshlang‘ich tarkibida birorta nominal markaziy himoyachi o‘ynamadi, Stouns esa faqat ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi. Ammo ushbu angliyalik futbolchi bu oqshom ham o‘yinga tayyor bo‘lishiga kafolat yo‘q, himoya markazida tayanch yarimhimoyachilari - Fernandino va Rodri o‘ynashga majbur bo‘lmoqda. Bu esa italiyaliklar uchun imkoniyat yuzaga keltirishi mumkin.

D guruhi
Ronaldu ruslarga qarshi

«Yuventus» — «Lokomotiv»
22 oktabr. Turin. «Allyans» stadioni. 23.55
Yo‘qotishlar
«Yuventus»: De Shilo, Duglas Kosta, Kellini, Pyatsa (barchasi — jarohat)
«Lokomotiv»: Jorjyevich, Jyemaletdinov, Ant.Miranchuk, Rotenberg, Smolov, Farfan (barchasi — jarohat)
Hakam: Sidiropulos (Gretsiya).

«Atletiko» — «Bayyer»
22 oktabr. Madrid. «Vanda Metropolitano» stadioni. 21.55
Yo‘qotishlar
«Atletiko»: Vrsalko, Savich, Joau Feliks (barchasi — jarohat)
«Bayyer»: Arangis, Beyli, Vayzer, Sinkgraven (barchasi — jarohat)
Hakam: Diash (Portugaliya).

Matbuot anjumani vaqtida moskvaliklar ustozi Yuriy Syominga uning «Yuventus»ga qarshi ilk o‘yinini (1993 yil UYeFA Kubogida) eslatishdi. Bu «Lokomotiv»ning yevrokuboklardagi debyuti edi. Ma'lum bo‘lishicha, Yuriy Palich hech narsani unutmagan ekan. U uzunsoch Badjo, soch-soqoli oqargan Ravanelli, yosh Konte va hatto Massimo Karrerani yaxshi eslashini aytib o‘tdi. O‘shanda turinliklarning 3:0 hisobidagi g‘alabasi mantiqiy bo‘lgan, bu moskvaliklar uchun ham sharmandali hisob sanalmagan.

O‘tgan vaqt davomida jamoalar o‘rtasidagi farq kichraydi. Lekin «Keksa sinora» hamon Yevropaning afsonaviy klubi hisoblanadi va tarkibidagi futbolchilari bilan kosmik natijalarga erishishga qodir. Turinliklarning hozirgi bosh murabbiyi Maurisio Sarri Syomin haqida iliq fikrlar bildirdi, avvalroq «Atletiko» ustozi Diyego Simeone ham undan kam bo‘lmagan darajada keksa murabbiyni maqtab, Moskvadan ishonchli g‘alaba bilan qaytgandi.

Turinliklar tarkibida bugun Aaron Remzi va Mario Manjukich o‘ynamaydi, ammo Krishtianu Ronaldu, Paulo Dibala va Gonsalo Iguain maydonda bo‘lishadi. Bu futbolchilar saviya jihatidan 90-yillar boshidagi Badjo va Ravanellidan qolishmaydi. 25 yil muqaddam Turinga borgan moskvaliklar tarkibida Arifullin, Kosopalov va Drozdov kabi nomsiz futbolchilar o‘ynagandi, Alenichev va Ovchinnikov kabi yosh futbolchilar hali «Lokomotiv»ning asosiy jamoasida emasdi. Hozir esa Turinga kelgan jamoa tarkibida 2014 yilgi mundialda Germaniya bilan jahon chempioni bo‘lgan Xevedes, 2016 yilgi Yevropa chempionati g‘olibi, portugaliyalik Joau Mariudan tashqari, Yevropa futbolida o‘z nomiga ega bo‘lib borayotgan rossiyaliklar, Aleksey Miranchuk va Barinov ham bor. 

Sarri kelgach «Yuventus» hujumkorroq o‘yin ko‘rsatmoqda, bu esa «Lokomotiv»ga qarshi hujumlar uyushtirish uchun imkon yaratadi. Himoyada ehtiyotkor o‘ynasa, moskvaliklar Leverkuzenda bo‘lgani kabi muvaffaqiyatga erishishi ham mumkin. «Lokomotiv» uchun «Atletiko»dan ko‘ra «Yuventus» qulayroq raqib, agar Krishtianu Ronaldu bir o‘zi o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ymasa, ruslarda ham yaxshi natija uchun imkoniyat bo‘ladi.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentyabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top