23:46 / 23.10.2019
1
21619
IIBB Yangiyo‘l taksichilarini YHXB leytenanti masalasida hissiyotga berilmaslikka chaqirdi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahridagi yo‘nalishsiz taksi haydovchilari kuni kecha internetda tarqalgan audioga izoh so‘rab, IIBga murojaat qilmoqda.

Militsiya mansabdoriga tegishliligi gumon qilinayotgan haqoratli audio tarqalganidan so‘ng, Telegram'dagi «Voditeli Yangiyulya» guruhi a'zolari soni ikki kun ichida ikki barobarga oshib, 3,5 mingga yaqinlashgan.

Guruhdagi so‘nggi postlarga qaraganda, ayrim taksichilar audio muallifi deb gumon qilinayotgan Yangiyo‘l IIB YHXB boshlig‘i o‘rinbosari U.Z.ni qidirmoqda. Xususan, haydovchilar IIB binosiga to‘plangani haqida ham xabarlar bor.

Viloyat hokimligi va IIBB mazkur holat nazoratga olinib, hozirda tekshiruv ishlari olib borilayotganini ma'lum qildi.

«Yaqin vaqtda bu holat bo‘yicha batafsil rasmiy bayonot beriladi. Ayni paytda vaziyat nazoratda, fuqarolar bilan suhbat asnosida, yuzaga kelgan tushunmovchilik bo‘yicha izoh berilyapti», – deyiladi hokimlik xabarida.

«Tekshiruv xulosasiga ko‘ra, albatta, qonuniy choralar ko‘riladi va bu haqida OAV orqali batafsil ma'lumot beriladi», – deya qayd etgan viloyat IIBB.

Ichki ishlar organi o‘z bildirishida fuqarolarni masalani hissiyot bilan emas, qonuniy yo‘l bilan hal etishga chaqirgan.

«Internetdagi norasmiy ijtimoiy tarmoqlar orqali tezkor tarqatilayotgan audio, foto, video va bosma materiallar ijtimoiy muhitda birlamchi salbiy fikrning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday tezkor xabarlarning aksar qismi, tekshiruv ishlari yakuniga ko‘ra, bir tomonlama yondashib, noto‘g‘ri talqin qilinganligi aniqlanmoqda.

Hurmatli fuqarolarimizdan tarqatilayotgan har bir xabar yuzasidan faqatgina rasmiy ma'lumotlarga tayanishlarini so‘rab qolamiz», – deyiladi Toshkent viloyati IIBB munosabatida.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, audio egasi deb gumon qilinayotgan YHXB katta inspektori xizmat tekshiruvi vaqtida ovozli yozuv unga tegishli emasligini bildirgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top