20:40 / 23.10.2019
0
1923
O‘zbekiston sport tibbiyoti bo‘yicha Rossiya bilan hamkorligini kuchaytirmoqda

Rossiya Federatsiyasining Sverdlovskiy viloyati Sog‘liqni saqlash vaziri, tibbiyot fanlari nomzodi Andrey Tsvetkov boshchiligidagi ishchi guruh 23 oktabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘ldi.

Qo‘mita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) rahbari Abdushukur Sadikov va rossiyalik mutaxassislar o‘rtasida kechgan suhbatda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

«Muassasamiz Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, O‘zbekiston terma jamoasi a'zolariga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Yaqinda Rossiya Olimpiya qo‘mitasining tibbiyot sohasidagi mutaxassislari bilan hamkorlik bo‘yicha ijobiy kelishuvga erishib qaytgan edik. Sverdlovsk viloyatining tibbiyot sohasidagi imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. O‘ylaymanki, mutaxassislarimizning o‘zaro tajriba almashishi yanada rivojlanishimizga turtki bo‘ladi», – degan Sodiqovning so‘zlarini keltirdi MOQ rasmiy sayti.

O‘z navbatida Andrey Tsvetkov ham samimiy qabul uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.

«O‘zbekistondagi tibbiyot markazining imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz. Uning zamonaviy uskunalar bilan jihozlanganligiga shubha bo‘lishi mumkin emas.

Bizda sport tibbiyoti chuqurlashtirib o‘qitiladigan oliy o‘quv-yurtlari va bu sohadagi malakali mutaxassislar bor. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan minnatdormiz», – dedi Andrey Tsvetkov.

Suhbat davomida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida mehmonlarga MOQning esdalik sovg‘alari taqdim qilindi. Shundan so‘ng Andrey Tsvetkov boshchiligidagi delegatsiya RSTIAMni aylanib, uning moddiy-texnik bazasi, ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top