01:35 / 24.10.2019
0
8771
Rossiya mudofaa vaziri “Suriya demokratik kuchlari” bosh qo‘mondoni bilan muzokaralar o‘tkazdi   

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 23 oktabr oqshomda videoaloqa orqali “Suriya demokratik kuchlari” bosh qo‘mondoni Mazlum Abdi bilan Suriyada Rossiya harbiy politsiyasi bo‘linmalari sonini ko‘paytirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.   

Foto: RIA "Novosti"

“Suriya demokratik kuchlari” (SDF) Suriyaning qurollangan muxolifati kuchlari alyansi bo‘lib, uning tarkibiga kurd mudofaa otryadlari (YPG va YPJ), turli arab muxolif guruhlari hamda assuriya va turkman otryadlari kiradi.

Tomonlar, shuningdek, Rossiya va Turkiya prezidentlari 22 oktyabrda Sochida erishgan kelishuvlar doirasidagi tadbirlarning kurdlar tomonidan amalga oshirilishini muhokama qilishgan.  

Shoygu rossiyalik harbiy politsiyachilar Suriya-Turkiya chegarasida tinch aholi xavfsizligini ta'minlashiga va'da bergan. Shu sababli bu hududlar aholisiga o‘z uylarini tark etishlari talab etilmaydi.

22 oktyabrda Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Sochidagi uchrashuvda Suriya shimoli-sharqidagi vaziyatni tartibga keltirish bo‘yicha birgalikdagi harakatlar haqidagi memorandumni qabul qilishgan. Unga ko‘ra, Rossiya harbiy politsiyasi va Suriya qo‘shinlari 23 oktyabrdan Suriyada Turkiya amaliyoti olib borilayotgan hudud bilan chegaradosh hududlarga kiritilishi kerak edi. Kurd tuzilmalariga esa Turkiya chegarasidan 30 kmlik hududni to‘liq bo‘shatish uchun 150 soatlik muhlat beriladi. Shundan keyin Rossiya va Turkiya bu hududni birgalikda patrullashni boshlaydi.  

23 oktyabrda belgilangan yo‘nalish bo‘yicha birinchi patrullash amalga oshirilgani ma'lum qilindi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top