15:39 / 24.10.2019
0
3533
Yog‘-moy kombinatlari chiqindisidan qurilish bitumi olish texnologiyasi yaratildi

Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmatinining xabar berishicha, o‘z-o‘zini qoplash asosida moliyalashtiriladigan startaplardan biri - “Gossipol smolasidan nefsiz qurilish bitumi olish texnologiyasini ishlab chiqarishga tatbiq qilish” asosida ilk bor O‘zbekistonda yog‘-moy kombinatlari chiqindisidan jahon standartlariga mos keluvchi qurilish bitumi olingan.

Mazkur loyiha Xorazm viloyati “Korroziyaga qarshi izolyatsiya ilmiy markazi” xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida yog‘-moy kombinatlari chiqindisi bo‘lgan gossipol smolasi asosida jahon standartlariga to‘la mos keladigan, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan nefsiz qurilish bitumlari olishning mukammal texnologiyasini yaratilib, amaliyotga tatbiq qilingan.

Bugungacha yog‘-moy kombinatlarining ko‘p ming tonnalik chiqindisi bo‘lgan gossipol smolasini keng doirada ishlatish hal qilinmagan edi.

Ushbu izolyatsion materialdan yer usti va ostida, hatto suv ostida inshootlar, qurilish konstruksiyalari, fundamentlar, magistral quvurlarni gidroizolyatsiya qilishda, korroziya va eroziyadan himoyalashda foydalanish mumkin, shuningdek tom yopishda ishlatiladi.

Loyiha doirasida model uskunada nefsiz bitumlar ishlab chiqarishning texnologik parametrlari to‘liq o‘rganildi. Tajriba-sanoat namunalari ishlab chiqarildi va ularning fizik-mexanik xossalarini O‘zdavstandart talablari asosida aniqlandi, tegishli laboratoriyalarida sinovdan o‘tkazildi, shu bilan birga yurtimizning turli sanoat obektlarida qo‘llanilib, yangi tur mahsulotga xalqaro ISO 9001 muvofiqlik sertifikati olindi, deyiladi vazirlik xabarida.

Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, hozirgi kunlarda gossipol smolasi Respublikamiz yog‘-moy kombinatlarida chiqindi bo‘lib, qo‘shimcha ekologik muammolarni tug‘dirmoqda. Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsadni amalga oshirish natijasida bir vaqtning o‘zida ushbu chiqindidan xalqaro darajadagi bitum mahsulotlari olinadi, hamda bu chiqindi bilan bog‘liq ekologik masalalar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi. Yog‘-moy kombinatlarini chiqindisiz korxonalar qatoriga qo‘shilishiga zamin yaratiladi.

Nefsiz bitumlarning tajriba – sanoat namunalari Osiyo, Yevropa, Amerika va MDH davlatlarida o‘tkazilgan xalqaro yarmarkalarda namoyish etilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizga 700 000 tonna bitum valuta hisobiga import qilinadi. Mazkur loyiha doirasida 2020-2021 yillarda yillik ishlab chiqarish hajmi 500 tonnani tashkil etish mo‘ljallangan. Keng miqyosda ishlab chiqarish tashkil etilsa, Respublika bo‘yicha yiliga 30 000 tonnadan ortiq nefsiz bitum ishlab chiqarish imkoniyati tug‘iladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top