13:48 / 25.10.2019
0
4115

Nurafshonda xalqaro investitsiya forumi boshlandi

Foto: KUN.UZ

Nurafshon shahrida «Invest in Tashkent Region» xalqaro investitsiya forumi boshlandi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Forumda 50dan ortiq mamlakatdan 250ga yaqin mehmon – hukumat delegatsiyalari, institutsional investorlar va biznes vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbirni ochib berish uchun Investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov so‘zga chiqib, viloyatdagi salohiyatli yo‘nalishlarni sanab o‘tdi.

«Ayniqsa, turizm sohasida Toshkent viloyatining potensiali katta. Chorvoq erkin turistik zonasi – turizm uchun juda qulay hudud.

Angren esa erkin iqtisodiy zona sifatida katta industrial salohiyatga ega va bu yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun barcha sharoitlar mavjud. Bundan tashqari, Parkent-farm va Bo‘stonliq-farm kabi ikkita farmatsevtik zona ham mavjud bo‘lib, ular orqali turli farmatsevtik loyihalarni amalga oshirish mumkin. Yaqin orada hududda Koreyalik investorlar bilan hamkorlikda ikkita farmatsevtik klasterlar vujudga keladi», deya ta'kidladi vazir.

Sardor Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent viloyati energetika, tog‘-kon sanoati, tekstil, logistika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, mahsulotlarni qadoqlash kabi qator sohalarda ham resurslar, tajriba va qulaylik mavjudligi tufayli investorlarni jalb qilish imkoniyatiga ega. 

Vazirdan so‘ng so‘z olgan viloyat hokimi Rustam Xolmatov ham hududning biznes potensialiga to‘xtalib o‘tdi.

«Viloyatda 60 mingdan ziyod kichik tadbirkorlik sub'yektlari farmatsevtika, tibbiyot va boshqa sohalarda, 6 mingdan ziyod sanoat korxonalari faoliyat yuritmokda. Respublikada ishlab chiqarilayetgan sanoat mahsulotining 15 foizdan ortig‘i viloyat hissasiga to‘g‘ri kelmokda», – deydi Xolmatov.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan biznes-anjuman ikki kun davom etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top