20:25 / 25.10.2019
0
15787

«O‘n mingga yaqin ko‘p qavatli uyda issiqlik ta'minoti yo‘q». Vazir o‘rinbosari bilan suhbat

Aholini uzluksiz issiq suv va issiqlik quvvati bilan ta'minlash bo‘yicha 4 oktabr kuni prezident huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi. Biz shu mavzu yuzasidan suhbat o‘tkazish maqsadida Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida bo‘ldik.

Vazir o‘rinbosari G‘ofur Jamolov bilan kechgan suhbatimiz issiqlik ta'minotidagi muammolar va bu sohada qilinayotgan ishlar mavzusida bo‘ldi.

– Issiq suv va issiqlik quvvati bizdagi og‘riqli masalalardan biri hisoblanadi. O‘zimiz ham poytaxtga kelganimizdagina issiq suv ta'minotini ko‘rganmiz. Butun respublika bo‘ylab qachon issiq suv ta'minlanishi mumkin?

Ko‘p yillar davomida sohada faoliyat yurituvchi yagona muvofiqlashtiruvchi tizim bo‘lmagan. Soha hududiy boshqaruvga berilgan. Tashkilotlarning o‘z ustida ishlashi, modernizatsiya bo‘yicha bir «yo‘l boshlovchi» bo‘lmagan. O‘sha paytlarda joriy va kapital ta'mirlash masalalari uchun tariflarda mablag‘lar ko‘zda tutilmaganligini ham misol qilishimiz mumkin.

Jami bo‘lib, 39 mingta ko‘p qavatli uy bo‘lsa, ulardan 23800tasini ta'minlashimiz shart. Aytilgan masalalar sababli hozirgi kunda 13900ta uyga issiqlik beryapmiz. Bu degani 10 mingga yaqin uylar issiqlik tarmog‘idan uzilgan deganidir.

Issiqlik ta'minoti va issiqlik energiyasi bo‘yicha kelgusidagi qadamlarimizni aniq belgilab oldik. Sohaga oxirgi marta investitsiya kiritilgani 1988 yilda bo‘lgan. Eng yangi qozonxonamiz 1988 yilgi qozonxonadir.

Bizda mavjud 5 ming kilometr issiqlik tarmoqlaridan 75 foizi foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan. Xuddi shunday, 633ta markaziy va mahalliy qozonxonalarimiz bor. Ulardan ham 40 foizi muddatini o‘tab bo‘lgan. Ular sobiq ittifoq davrida qurilgan bo‘lib, energiyani ko‘p sarf etadigan holdadir.

Mana, loyihalarni boshladik. Jahon banki bilan birgalikda 5ta yirik shaharni o‘ziga qamrab olgan loyihalar boshlandi. Loyiha Andijon, Buxoro, Samarqand, Chirchiq va Toshkentning Sergeli tumani issiqlik ta'minotini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishni ko‘zda tutadi.

Yuqorida aytganim 10 mingga yaqin issiqlik energiyasi berilmayotgan uylardan 1200tasini shu loyihada qilib beramiz.

Yana bir loyiha – Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki bilan olib borilmoqda. Loyiha qiymati 150 million dollar bo‘lib, u poytaxtning ikki issiqlik markazi va 200ga yaqin qozonxonani qamrab oladi.

Umumiy qiymati 2 milliard 900 millionga teng loyihalarni belgilab olganmiz. Bu qisqa va uzoq muddatlarda aniq rejalar asosida olib boriladi. Bunda vakolatli tashkilotlar vazifalari ham aniq qilib belgilangan.

Biz oldimizga maqsad qilib qo‘ydik: 23 mingta markazlashgan issiqlik ta'minotidagi uylarni 2025-2026 yilga to‘liq ta'mirlashni amalga oshiramiz.

– Investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha rejalaringiz qanday?

Biz sohaga asosan xorij investitsiyasini jalb qilish niyatidamiz. Shuningdek, davlat-hususiy sherikchilik asosida investorlarni jalb qilishga alohida e'tibor beriladi.

Toshkent shahridagi issiqlik ta'minotini investorlarga berish uchun Osiyo taraqqiyot banki loyihalariga berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

G‘ofur Jamolov

– Prezident issiqlik ta'minoti bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda Avstriya, Daniya, Germaniya, Finlyandiya tajribasi haqida aytildi. Ularning qanday afzalliklari bor?

Jahon banki bilan hamkorlikda 5ta shaharni ta'mirlash loyihasi haqida aytdim. Unda Finlyandiya tajribasi asosida ish olib boriladi.

Bizdagi tizim – energiyani ko‘p sarf etadigan, oxirgisi 1988 yilda ta'mirlangan eski andozalardagi holatda.

Issiqlik ta'minotida ikki tizim: ochiq va yopiq tizim mavjud. Bizda ochiq tizimda ish olib boriladi. Bunda jo‘mrakdan tushayotgan suv qozonxonalarda tayyorlangan issiq suvdir. Biz oddiy suvni olib, ma'lum moddalar bilan to‘yintiramiz. Elektr energiyasini sarflab, nasoslarda iste'molchiga beryapmiz.

Aytib o‘tilgan davlatlarda qish sovuqroq keladi. Shu sababli ular bu sohani rivojlantirishga ko‘proq moyilligi bor. Ular buni yopiq tizimga o‘tkazgan. Ularda qozonxonalarda tayyorlangan issiq suvlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xonadonlarga bormaydi. Ularda har bir ko‘p qavatli uyning issiqlik almashuvchi punktlari bo‘ladi. Yuqori darajadagi issiqlik bug‘ ko‘rinishida yetib boradi. Sovuq suv o‘sha bug‘ bilan isitiladi va ko‘p qavatli uyda yashovchilarga beriladi.

Bu bizga nima beradi? Yoz oylarida ko‘plab murojaatlarda aytiladiki, jo‘mrakni ochgandan so‘ng yarim soatda issiq suv keladi. Juda to‘g‘ri murojaat. Biz qishda uzatuvchi va qaytuvchi trubalarda ishlasak, yozda faqat bitta quvurda ishlaymiz. Bunda suv berk joyga borishini anglatadi. Iste'molchiga yetib borguncha sovib qoladi. Biz bunda nafaqat issiq suvni, balki uni isitishga ketgan elektr, gaz va ishchi kuchini yo‘qotyapmiz. Yopiq tizimda 10-15 soniyada issiq suv yetib keladi.

– Ochig‘i, gapingizni eshitganda bu ishlar uchun juda katta vaqt va mablag‘ talab qilinadi, degan o‘y keladi. Aslida ham shundaymi?

Jahon banki bo‘yicha qilgan loyihamiz 2015 yil boshlangan. Bu – oxirgi 30 yildagi birinchi loyiha, bu sohaga kiritilgan investitsiyadir.

Ko‘p yillar davomida vazirlik bo‘lmagani sababli soha o‘zini-o‘zi oqlamay qolgan va so‘nib borgan. Biz soha bo‘yicha mutaxassislarimizni ham yo‘qotib qo‘ydik. Chunki, issiqlik ta'minotlarida oylik maosh ham juda oz. Agar ko‘taradigan bo‘lsak, tariflarga ta'sir qilib ketadi. Chunki har bitta xarajat oqlanishi kerak.

Tashkilotlar – alohida xo‘jalik yurituvchi sub'yektdir. Umumiy miqdorda 2100ga yaqin ko‘p qavatli xonadonlarning issiqlik holatini yaxshilashimiz kerak. Andijon viloyatidagi qozonxona 15 yildan beri ishlamaydi. 300ga yaqin shu qozonxona doirasidagi ko‘p qavatli uy umuman issiqlik ta'minotidan uzilgan. Kimdir elektr isitgich, kimdir gazdan foydalanib qishdan chiqqan.

Ochiq va yopiq tizimning energiya tejamkorligi bo‘yicha farqi – 20-30 foiz atrofida. Bu 20 foiz gaz, 20 foiz elektroenergiya, 20 foiz suv deganidir. Bir yildagi yo‘qotishlar 35-40 foizdan oshib ketyapti.

Tariflardagi xarajatlarning asosiy qismi energiya hisoblanadi. 20 foiz qismi xodimlar maoshi hisoblanadi. Ilg‘or texnologiyalarni jalb qilib sohani rivojlantirish va iqtisodni diversifikatsiya qilishni maqsad qilib qo‘ydik.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Bahodir Ahmedov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top