12:35 / 25.10.2019
0
2348
Suv xo‘jaligi vaziri: «O‘zbekiston transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishdan manfaatdor» 

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Nukus shahrida o‘tkazilayotgan «Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyasi hududi» xalqaro konferensiyasida transchegaraviy suv resurslari to‘g‘risida gapirdi.

«Orol dengizining qurishi hozirgi kunning juda katta va dolzarb muammolaridan biri bo‘lib turibdi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Orol muammosining salbiy oqibatlarini pasaytirish uchun kompleks choralarni ko‘rmoqda. Shulardan biri transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va hamkorlikda foydalanishdir. Bu O‘zbekistonning tashqi siyosatida ham muhim o‘rin egallaydi. 

Transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanish - tinchlik va barqarorlik omilidir. Biz bu borada qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan maxsus komissiyani tuzganmiz va bugungi kunda u samarali faoliyat olib bormoqda. Biz transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishning yanada qulay imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqdamiz. O‘zbekiston bundan manfaatdor. 

Hozirgi kunda suv xo‘jaligi bo‘yicha mavjud bo‘lgan transchegaraviy inshootlarga aloqador barcha muammolar o‘z yechimini topgan. Barcha holatlar xalqaro suv huquqi me'yorlari bo‘yicha tartibga solinmoqda.

Biz Markaziy Osiyo suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha regional dasturni tuzdik va konferensiya a'zolariga taqdim qildik. Bu dasturning qabul qilinishi regional suv hamkorligini yanada rivojlantirish imkonini beradi. O‘zbekiston bu dasturning qabul qilinishi va hayotga tatbiq etilishi uchun barcha choralarni ko‘rishga tayyor», - deya Shavkat Hamroyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top