11:38 / 26.10.2019
0
3229
BMT vakili Orolbo‘yi ekologiyasini yaxshilash bo‘yicha harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) ma'murining maxsus maslahatchisi Abdulay Mar Diye O‘zbekistonga tashrif buyurib, «Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» deb nomlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Mulozim Orolbo‘yi mintaqasini tiklash borasidagi sa'y-harakatlarni kuchaytirishga qaratilgan ishlarni davom ettirishga chaqirdi. 

«BMTTD resurslarni jalb etish, kelgusida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish va Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish uchun bilimlarni taqdim etish maqsadida O‘zbekiston hukumati bilan keng hamkorlik qilish tarafdoridir. Qadam baqadam, nostandart tamoyillarga asoslangan yondashuvdan foydalangan holda, biz muvaffaqiyatga erishamiz. Biz bu ishda yordam bera oladigan yangi g‘oyalar, platformalar va tashabbuslarni ma'qullaymiz. Bizning bosh tamoyilimiz - «Hech kimni yolg‘izlatib qo‘ymaslik». Aynan shuning uchun Qoraqalpog‘iston xalqisiz O‘zbekiston ham millat sifatida rivojlana olmaydi», - dedi Abdulay Mar Diye konferensiyaning ochilish marosimidagi kirish so‘zida.

«Orol dengizining qurishi mintaqadagi eng jiddiy ekologik falokatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ushbu iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy inqiroz barqaror rivojlanishning barcha muhim unsurlarini qamrab olgan. Hozir harakat qilish davridir. Biz tabiiy sharoitlarni, xususan Qoraqalpog‘istonning uzoq tumanlarida insonlar uchun hayotning maqbul sharoitlarini tiklashimiz zarur. Bu sharoitlar yoshlarni qaytib kelishi va Orolbo‘yini tiklash ishlarini davom ettirishlari uchun rag‘bat bo‘ladi» - dedi Abdulay Mar Diye.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati BMTTD ko‘magida 66 ming nafardan ortiq qishloq aholisini ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan ta'minlab, sog‘liqni saqlash va sifatli ta'lim olishi uchun imkoniyatini taqdim etdi. 215dan ortiq kichik korxonalar qo‘llab-quvvatlandi. Bundan tashqari, 213,4 ming odam sifatli tibbiy xizmat olish imkoniga ega bo‘ldi.

Anjuman yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bilan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasining loyihasi kelishib olindi. 

Shuningdek, Abdulay Mar Diye Mo‘ynoq shahriga ham tashrif buyurib, hududdagi vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, mahalliy aholi bilan muloqot qildi. Bundan tashqari, bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Basitxanova, Oliy Majlis senati raisining o‘rinbosari Svetlana Artikova, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va boshqalar bilan mamlakat rivojining ustuvor yo‘nalishlari haqida ko‘proq ma'lumot olish, imkoniyatlar va muammolarni, hamda BMTTD bilan hamkorlik haqidagi masalalarni muhokama qilish uchun muzokara o‘tkazdi. 

BMTTD ma'murining maxsus maslahatchisi, xalqaro moliya institutlari, tahlil markazlari vakillari bilan uchrashdi va Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti talabalari bilan qashshoqlikni bartaraf etish bo‘yicha interfaol sessiyani o‘tkazdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top