22:57 / 26.10.2019
0
11091

RPL. «Rostov» Yeryomenkoning dubli evaziga g‘alaba qozonib, 2-o‘ringa ko‘tarildi

Rossiya chempionati 14-turining navbatdagi o‘yini Rostovda yakunlandi. O‘z maydonida «Sochi»ni qabul qilgan «Rostov» 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindagi har ikki golga Roman Yeryomenko mualliflik qildi.

O‘yinni har ikki jamoa xotirjamlik bilan boshladi. Dastlabki 10 daqiqada «Rostov» Bayramyan va Yeryomenkoning noaniq zarbalari bilan yodda qoldi. 23-daqiqaga kelib Eldor Shomurodov ilk marta darvoza tomon zarba yo‘lladi. Yeryomenkoning uzatmasini bosh bilan darvozaga yo‘llagan Shomurodovning zarbasi biroz kuchsiz bo‘ldi.

28-daqiqada «Rostov» hisobni ochishi mumkin edi. Roman Yeryomenkoning zarbasini Bayramyan yo‘l-yo‘lakay bosh bilan darvozaga yo‘naltirdi, ammo darvozabon to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. 33-daqiqada Roman Yeryomenko yana bir xavfli vaziyat yaratdi. Uning o‘tkir burchakdan turib bergan zarbasi darvoza to‘riga tashqi tomondan tegdi. 34-daqiqada «Sochi» yarimhimoyachisi Nikita Burmistrov chap qanotdan markazga o‘tib zarba yo‘lladi, ammo mo‘ljalda biroz adashdi.

41-daqiqada o‘yinda hisob ochildi. «Sochi» jarima maydonchasida paydo bo‘lgan pala-partishlikdan foydalangan Roman Yeryomenko olis burchakni aniq nishonga oldi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqada Shomurodov chalqanchasiga zarba yo‘lladi, ammo noqulay holatda yo‘llangani uchun zarba kuchsiz chiqdi.

51-daqiqada «Sochi» hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Anton Zabolotniyning uzatmasidan so‘ng Ibragim Tsallagov yaqin masofadan zarba yo‘lladi, ammo Baburin seyv qayd etib, to‘pni qaytardi.

78-daqiqasida Roman Yeryomenko o‘yindagi ikkinchi golni ham urdi. Uning zarbasi himoyachiga tegib, darvoza to‘riga borib tushdi. Bu g‘alabadan so‘ng «Rostov»ning ochkolari soni 29 taga yetdi va Karpin jamoasi 2-o‘ringa ko‘tarildi.

RPL. 14-tur
«ROSTOV» — «SOChI» 2:0
«Rostov Arena» stadioni, 33 716 tomoshabin.
Gol
: Roman Yeryomenko (41, 78).

«Rostov»: Yegor Baburin, Aleksey Kozlov, Yevgeniy Chernov, Dmitriy Chistyakov, Ivelin Popov, Dennis Xadjikanunin, Matias Normann (Danil Glebov, 85), Xoren Bayramyan (Baxtiyor Ziyovuddinov, 63), Roman Yeryomenko, Aleksey Ionov (Aleksandr Saplinov, 76), Eldor Shomurodov.

«Sochi»: Soslan Janayev, Igor Yurganov, Nikita Kalugin, Mixa Mevlya, Aleksey Pomerko, Nikita Burmistrov, Ibragim Tsallagov (Dmitriy Poloz, 76), Elmir Nabibulin, Andrey Mostovoy, Kristian Noboa, Anton Zabolotniy (Aleksandr Karapetyan, 70).

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top