12:40 / 26.10.2019
0
5680

Toshkent viloyati Markaziy Osiyoda ham alohida ahamiyatga ega – Yaponiya vakili

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan Invest in Tashkent region forumi davom etmoqda. Unda turli xalqaro tashkilotlar va xorijiy hukumat delegatsiyalari, institutsional investorlar va biznes vakillari ishtirok etyapti.

Aytish joizki, 2015 yildan 2018 yilgacha ichki mintaqaviy mahsulotning ikki marotabaga ko‘payishi ta'minlangan, dinamik rivojlanayotgan poytaxt viloyati iqtisodiyotning real sektoriga kapital qo‘yilmalar uchun noyob maydonchadir.

Moneo Takasaka

Forumda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Moneo Takasakaning aytishicha, Toshkent viloyati o‘ziga xos infrastrukturasi, boshqa hududlar bilan oson bog‘lanishi, qishloq xo‘jaligi uchun mos iqlimi bilan ajralib turadi. Shuning uchun bu hudud nafaqat O‘zbekistonning ijtimoiy rivojlanishida muhim ahamiyatga ega, balki Markaziy Osiyoda ham alohida o‘rin tutadi.

«Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi viloyatning moliyaviy taraqqiyoti yo‘lida yapon investorlari tashrif buyurishini qo‘llab-quvvatlaydi», deydi xorijlik vakil o‘z nutqida.

Yana bir xalqaro vakillardan biri - Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i Aukes Grakers ham O‘zbekistonning oxirgi bir necha yillik taraqqiyoti haqida o‘z tahlillarini bildirib o‘tdi.

Aukes Grakers

«O‘zbekistonda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan strategiya uchta qismdan iborat: birinchisi, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotda uning ulushini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi asosiy maqsad esa energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirishda namoyon bo‘ladi.

Va nihoyat oxirgisi, bog‘liqlik bilan izohlanadi. Bunda Respublikadagi har bir hududning bir-biri bilan bog‘liqligini ta'minlagan holda ularga investitsiyalar kiritish lozim», - deya ta'kidladi Aukes Grakers.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mamlakatda xususiy kompaniyalarning marketing sohasida raqobatbardoshligini yanada oshirish, ularni zamonaviylashtirish ham muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Toshkent viloyatida ham investorlar ko‘payishi uchun yuqoridagilarga ahamiyat berish zarur.

Shuningdek, forumda ma'lumot berilishicha, viloyatda respublikaning 15.3 foiz sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Respublika bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan 45 foiz elektr energiya, 98 foiz ko‘mir, 43 foiz sement Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top