19:22 / 27.10.2019
0
5060

Toshkentda qariyb 2 ming qariya tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga 1,22 mlrd so‘mlik dorilar berildi

2019 yilning 1-8 oktabr kunlari “Keksalar haftaligi” doirasida 1874 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar, shu jumladan, harakat qilishi cheklangan va yotoq holdagi keksa bemorlar nevrolog, otorinolaringolog, urolog, oftalmolog, endokrinolog, kardiolog, terapevt  va boshqalar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Qariyalarga Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan 1,22 mlrd so‘mlik 15 turdagi zaruriy dorilar bepul taqdim etildi.

“Keksalar haftaligi”tadbirlari yakunlangan bo‘lsa-da, keksalar va nuroniylarga e'tibor ko‘rsatish, ularning muammolarini manzilli o‘rganish hamda hal etish ishlari davom etmoqda. Chilonzor tumani “Katta Qozirobod” mahallasida ana shunday tadbirlardan biri tashkillashtirildi. Unda asosiy e'tibor keksalar, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va o‘zgalar ko‘magiga muhtoj insonlarga manzilli yordam ko‘rsatishga qaratildi.

Tadbir davomida 361 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 137 nafariga aniqlangan xastaliklar bo‘yicha 15 turdagi zaruriy dori-darmon va gigiyenik vositalar taqdim etildi. Harakatlanish imkoniyati cheklangan keksalar uylarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, doimiy shifokor nazoratiga muhtoj fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi va sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish uchun statsionar davolanish bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmasiga tavsiya etildi.

Tadbir mobaynida mutaxassislar tomonidan keksalar orasida sog‘lom turmush tarzi va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishni targ‘ib qilindi. Yod tanqisligi va boshqa kasalliklar haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri Tohir Mullajonov, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Botir Parpiyev, Chilonzor tumani hokimi Sarvar Mahametov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top