17:00 / 28.10.2019
16
26580
300dan ortiq mahsulot importiga boj solinishi yuzasidan rasmiy izoh berildi
Islom Jasimov / Foto: Kun.uz

28 oktabr kuni Savdo-sanoat palatasida «2019 yil 29 iyun kungi PQ-3818-sonli «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Qarori»ga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi prezident qarori yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Ma'lumot uchun, ushbu hujjat bilan O‘zbekistonda 2020 yil 1 yanvardan boshlab, hozirda nol stavkada bo‘lgan 300dan ortiq turdagi tovarlar olib kirilishiga boj joriy etiladi.

Tadbirni Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov ochib berdi.

«Eng avvalo shuni ta'kidlamoqchimanki, mana shu stavkalar belgilanishi, ya'ni tashqi savdo bilan shug‘ullanish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilishi faqatgina iqtisodiy manfaatlarni ko‘zlaydi va bu hujjat, bu o‘zgartirishlarga biror bir siyosiy tus berish, ularni siyosiy vosita sifatida baholash mutlaqo noto‘g‘ridir.

Xalqaro tajribani o‘rganib, shunday xulosaga keldimki, har bir davlat tashqi savdoni tartibga soladi. Demakki, tashqi savdoni tartibga solish – har bir davlatning ham huquqi, ham majburiyati. Davlatimizning huquqiy chorani qo‘llashga ham haqqi bor, ham ichki ishlab chiqaruvchilarni himoyalashga majburdir.

Proteksionistik choralar qo‘llanildi, degan gaplarni eshityapmiz. Buning boshqa yo‘li yo‘q. Milliy manfaatlarni himoya qilish uchun davlat proteksionizm choralarini qo‘llashga majburdir», – degan Jasimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

SSP raisining birinchi o‘rinbosariga ko‘ra, qabul qilingan hujjat davlat tomonidan ikkita vazifani bajarishga qaratilgan.

«Birinchisi, bu – tashqi savdodagi cheklovlar orqali ichki iqtisodiyotda ayrim milliy ishlab chiqaruvchilar uchun monopoliya sharoitining yaratilishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Ikkinchisi – xorijiy mahsulotning importi tufayli iqtisodiyot strategik sohalarining «o‘tirib qolishiga» yo‘l qo‘ymaslik.

Tobora va tezkorlik bilan globallashib borayotgan jahon iqtisodiyotida milliy iqtisodiyotni boshqarish oson emas. Agar biror bir davlat tashqi savdoni o‘z holiga tashlab qo‘ysa, unda iqtisodiyot «iste'molchi iqtisodiyot»ga aylanadi», – deb ta'kidladi Islom Jasimov.

Mavzuga oid:
Yuzlab yangi bojlar birlamchi iste'mol tovarlari narxi oshishiga ta'sir qilmaydi – Vazir o‘rinbosari

Bojlarning oshishi va xalq salomatligi – muhim narsalar hisobga olindimi?  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top