20:40 / 28.10.2019
5
27228
Bojxona qo‘mitasi jismoniy shaxslarga yangi bojxona tartibi bo‘yicha tushuntirish berdi

Bir necha kun muqaddam O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida tovarlarning olib o‘tish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e'lon qilingandi. Davlat bojxona qo‘mitasida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Olimjonov ushbu qaror yuzasidan izoh berdi.

– Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona postlaridan notijorat maqsadlarda olib kelinayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtirishni soddalashtirish maqsadida mazkur qaror loyihasi ishlab chiqildi. Agarda chegara-bojxona postlari orqali fuqarolar qancha tez harakatlansa, Davlat bojxona postlarining baholash tizimi bo‘yicha baho yaxshi hisoblanadi. Rasmiylashtirish ishlarini soddalashtirish, vaqt va xarajatni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida bojxona to‘lovlarini undirish tartibotini soddalashtirish nazarda tutilgan. Ya'ni, amaldagi qonunchilik bo‘yicha bojxona boji, aksiz solig‘i va QQSni umumlashtirilgan holda uning o‘rniga yagona bojxona to‘lovi joriy qilish nazarda tutilmoqda. 300 dollargacha tovarlar olib kirish belgilangan bo‘lsa, shundan ortig‘iga bojxona to‘lovi belgilanishi amaliyotda mavjud. Amaliyotda tovarlar soni miqdoriga qarab rasmiylashtirish muddati cho‘ziladi. Har bir tovar bo‘yicha nomenklaturasini, kelib chiqish mamlakatini, bevosita bojxona qiymatini aniqlashga majbur bo‘lar edi. Agarda har bir fuqaro to‘rttadan tovar olib kelayotgan bo‘lsa 30-40 daqiqa sarf etilayotgan edi. Bu har bir fuqaroga! Endilikda taklif etilayotgan qaror loyihasi bilan mahsulot qiymatidan, ya'ni qo‘lingizda turgan mahsulot cheklari va kvitansiyalarga asosan qiymat belgilanadi. Ushbu kvitansiyalardagi qiymatdan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlari uchun - 30 foiz, lekin kamida 1 kg uchun 2 AQSh dollari; nooziq-ovqat mahsulotlari uchun - 50 foiz, lekin kamida 1 kg uchun 4 AQSh dollari miqdorida yagona bojxona to‘lovini undirish nazarda tutilyapti.

Farhod Olimjonov

Tashqi iqtisodiy tovarlar nomenklaturasida 11295ta tovar ro‘yxati mavjud. Hozirgi kundagi bojxona boji stavkalari, aksiz solig‘i stavkalari tasdiqlangan. Jumladan, pishloq tovarlarini misol keltiramiz: 15 foiz miqdorida bojxona boji, 10 foiz miqdorida aksiz solig‘i va 15 foiz miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i undiriladi. Ya'ni, jami bo‘lib – 44 foiz bojxona to‘lovlari to‘lanishi lozim. Yangi tartib bo‘yicha pishloq mahsulotiga 30 foiz miqdorida bojxona to‘lovi undiriladi.

Kiyim-kechak tovarlariga ayni vaqtda 30 foiz bojxona boji va 15 foiz miqdorida aksiz solig‘i belgilangan. Bu 35 foizni tashkil qilyapti deb aytishingiz mumkin. Yo‘q. Agar qo‘lingizda ushbu tovarlarni ishlab chiqaruvchi tovarlar sertifikatini tasdiqlovchi sertifikatingiz bo‘lmasa, bojxona boji ikki karra hisoblanadi. Bojxonadan o‘tayotgan tovarlarning birortasida bu sertitifikat mavjud emas. Bu holatda kiyim-kechak mahsulotlariga nisbatan 61 foizni tashkil qiladi. Bojxonadan olib kirilayotgan go‘sht-sut mahsulotlari sanoat qadog‘isiz bo‘lsa, bunga taqiqlov o‘rnatilyapti. Agarda bu norma bo‘yicha xalqaro tajribaga yuzlanadigan bo‘lsak, qo‘shni davlatlarda ham, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida, AQShda, Xitoyda allaqachon o‘rnatib bo‘lingan. Bundan maqsad turli kasalliklar, cho‘chqa grippi, parranda grippi, Qrim-kongo lixoradkasi, qorason kabi kasalliklar kirib kelish ehtimoli ortadi va butun chorvachilikning qirilib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qaror loyihasi regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi va bunda ko‘pchilik baland belgilanganini aytmoqda. Undirilish tartibini soddalashtirish nazarda tutilmoqda. Ya'ni, tovarlar nomenklaturasiga qaraydigan bo‘lsak, ayni paytdagi stavkalardan ancha past belgilangan. Misol uchun, asosiy olib kirilayotgan mahsulotlarga nisbatan – maishiy texnika, kiyim-kechak, pishloq, mineral suvlarga nisbatan o‘rtacha past belgilangan. Bu fuqarolarimizga ortiqcha sarf-xarajat olib kelmaydi. Bu belgilangan normadan ortig‘iga to‘lanadi va qisqa muddatda rasmiylashtirish mumkin.

Bahodir Ahmedov suhbatlashdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top