16:22 / 28.10.2019
4
9425
Nizomga qanday zarurat bor edi? AOKA rasmiysi qonunga zid izohlarni o‘chirish mexanizmi haqida

Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tomonidan tayyorlangan, veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shu jumladan blogerga xabarnoma olgan paytdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan qonunchilikka zid axborotni o‘chirishi va agentlikni bundan xabardor qilishi nazarda tutilgan hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasida bo‘lib turibdi.

Kun.uz sayti ushbu masala yuzasidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov bilan suhbat o‘tkazdi.

– Dilshod aka, Nizom loyihasi ishlab chiqildi va takliflar bildirilmoqda. Ushbu Nizomga qanday ehtiyoj yoki zarurat bor edi?

– Ta'kidlash lozimki, bu hali loyiha va uning ustida ish olib borish uchun portalga qo‘yilgan. Agentlik mamlakatdagi axborot maydonini monitoring qiladi. Zimmamizdagi vazifalarimizdan biri – axborot xavfsizligida qatnashishdir. Bu ko‘tarilgan norma 2014 yildan beri amalda kelmoqda, aslida. «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan bo‘lib, uning 12-1-moddasida, blogerlarga ta'rif berilgan va unda qonunga xilof axborotlar masalasi belgilab o‘tilgan. Moddada shuningdek, har qanday javobgarlik keltirib chiqaruvchi holatlar ham nazarda tutilgan. 2014 yildan beri bu qoida amalda, biroq hech kim bunga e'tibor qaratmagan.

Blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar, OAV kuchaygani sari xalq erkin fikrini ifoda etishi normal holat. Lekin hech kim bu qoidadan kelib chiqib ish tutmagan. Ularning ichida ko‘plab qonunga zid axborotlarni uchratishimiz mumkin. Bu norma qoidalaridan kelib chiqib, agentlik buni hammaga eslatdi va bu biroz e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Bloger va jurnalistlarga bu bo‘yicha tushuntirib o‘tildi. Veb-sahifa, messenjer egalari va blogerlar o‘zlarining xabar va postlarining ostiga qoldirilgan izohlarni ham kuzatishlari kerak. Veb-sahifa ikki qismga bo‘linadi: post va uning ostidagi izohlar qismi. Aytaylik, post qonun doirasida, lekin uning ostida qonunga xilof izoh bo‘lsa, har qanday rivojlangan davlatlarda taqiqlanadigan axborotdir. Biz bu normani ishlab chiqayotganda o‘rganib chiqdikki, yuqoridagi moddada keltirilgan axborot deyarli barcha davlatlarda noqonuniy hisoblanadi. Biz uning mexanizmini tushuntirmoqchi bo‘ldik.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov

– Demak, bu tartib boshqa rivojlangan davlatlarda ham mavjud?

– Bu loyihani tayyorlash jarayonida Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va AQSh kabi davlatlar tajribasi o‘rganildi. Yuqoridagi modda tasniflagan holatlarning hammasi taqiqlangan. Faqat bizda qonunosti normativ-hujjatida bu mexanizm yozilmagan edi. Shu sababli, bu mavzu juda ham e'tirozli bo‘ldi. Agentlik rahbariyati tushuntirish berganidan so‘ng, shunday mexanizm tayyorlashga qaror qildik. Bu normani qay tarzda ishlatishni ikki tomon ham bilar edi. Agentlik ogohlantirishni o‘z zimmasiga olyapti. Misol uchun, blogerning vaqti bo‘lmasligi mumkin, OAVda har bir chiqqan xabarni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib borish uchun mas'ul shaxs bo‘lmasligi mumkin. Ularning vaqti bo‘lmay qolishi mumkin. Yig‘ilishda kelishildiki, agentlik mexanizm ishlab chiqadi. Unga ko‘ra, agentlik monitoring qiladi. Mabodo qonunga zid axborot topilsa, veb-sahifa, messenjer egasi ogohlantiriladi. «Sizning falon postingiz ostida qonunga zid izoh yozilgan», degan ma'noda. Umid qilamizki, postlarning o‘zida qonunga zid axborot yozilmaydi.

– Bu ko‘pchilik tomonidan boshqacha qabul qilinyapti. Masalan, hozirgi kunda ko‘plab tashkilotlar faoliyatiga nisbatan tanqidlar qilinmoqda. Shunday tanqidiy materiallarga nisbatan xabarnoma kelmasmikin degan ko‘rquv bor.

– Shuni e'tiborga olish kerakki, bu norma ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi, jurnalistlarning professional faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga hech teskari emas. Ya'ni, ularning talablari ham hisobga olingan. Tanqidiy material odatda jurnalist yoki bloger tomonidan ma'lum izlanish asosida yaratilgan materialdir. Yuqoridagi moddada bu tanqidiy material haqida gap ketmayapti. Masalan, terrorizm, ekstremizm, millatini kamsitish, birovni tahqirlash kabi axborotlar tushunarli. Bularning tanqidga aloqasi yo‘q. Tanqid odatda konstruktiv bo‘ladi. Masalan, kimdir biror vazirlik faoliyatidan qoniqmasa, o‘z e'tirozini yozadi. Misol uchun, yo‘llar yomonligi, murojaatlarga o‘z vaqtida javob berilmasligi va hokazo. Bular qonun doirasidagi gaplardir. Bularning yangi mexanizmga aloqasi yo‘q.

– Bunday tartib joriy qilinsa, o‘ziga yarasha kadrlarga bo‘lgan talab ham oshsa kerak. Katta axborot maydonini bu holatda nazorat qilish juda qiyin. Kadrlar zaxirasi qanaqa? Ertaga norozi bo‘lib, sudga berilishi bor. Sudga borish kerak. Monitoring qilish kerak...

Agentlik doirasida markaz bor. Markazning vazifasi monitoringni amalga oshirish. U joyda kadrlar yetarli. Bu ular uchun og‘ir va mas'uliyatli ish. Chunki axborot xavfsizligi bilan bog‘liq. Shu sababli markazda kadrlar yetarli. To‘g‘ri, ularda endi ish hajmi oshadi. Lekin ishlar elektron tarzda qilinadi. Xabarnoma elektron jo‘natiladi, javob ham elektron tarzda olinadi. Agar bloger yoki veb-sahifa egasi o‘chirilishi so‘ralgan izohni o‘chirmasa, «agentlik uni sudga berish mumkin» deyilgan. Berishi aniq deyilmagan. Biz maksimal tarzda yumshatib yozganmiz. Kadrlar masalasida muammo ko‘rmayapman. Bu bizning vazifadir.

Bizda internetda muloqot qilish madaniyati yomon rivojlangan. Odamlar muammoni muhokama qilar ekan, bir-birini so‘kishga o‘tib ketadi. Bu holat qonunga ziddir. Jinoyat kodeksi va ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham tahqirlashga javobgarlik mavjud. Mexanizmdan maqsad odamlar orasidagi madaniyatni oshirishdir. Etika qoidalari, umuminsoniy qoidalar asosida muloqot madaniyatini yaratishdir, aslida. Ishonamizki, vaqt o‘tishi bilan shunday natijaga olib keladi.

Bahodir Ahmedov suhbatlashdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top