18:17 / 28.10.2019
1
108962
«Singlim - aqli zaif ham, fohisha ham emasdi!» – Nodira Qodirovaning akasi bilan suhbat

Jizzaxlik mehnat muhojiri Nodira Qodirova shu yilning sentyabrida, 23 yoshida Turkiya parlamenti deputatining uyidagi hodisa oqibatida vafot etgan edi.

Hozirgacha voqea yuzasidan Anqara politsiyasi va prokuraturasi, O‘zbekiston konsulligi hamda deputat Shirin Unalning o‘zi rasman izoh bergan bo‘lsa-da, jamoatchilikda shubha-gumonlar hamon saqlanib qolmoqda.

Kun.uz bu mavzuni ham turk matbuoti, ham o‘z muxbirini Anqaraga yuborish orqali yoritib keldi. Voqeadan bir oy o‘tib, Nodira Qodirovaning akasi bilan kechgan batafsil suhbatimiz biz e'lon qilib kelgan o‘ndan ortiq xabarlarni bir-biriga bog‘lagani, mish-mishlarga oydinlik kiritgani va fojia haqida umumiy tasavvur hosil qilishga imkon bergani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

«Nodira oxirgi bir yil davomida Turkiya parlamenti deputati, iste'fodagi general Shirin Unalning uyida uning 20 yildan buyon xasta ayoliga qarab kelayotgandi.

«Singlimning o‘z joniga qasd qilishiga hech qanaqa sabab yo‘q edi. Psixologik yo moddiy muammolari yo‘q edi. Hammasi joyida edi, umidlari ko‘p edi. «Aka, o‘qiyman, oliygohlarga kiraman», degan maqsadlari bor edi», – deya turk OAVga bergan intervyularidagi so‘zlarini tasdiqladi Muhammadali Qarshiboyev.

(Aka-singilning familiyasi boshqacha ekani ularning biriga ota, ikkinchisiga ona tomondan bobosining ismi familiya sifatida berilgani bilan bog‘liq).

– Voqea payti Shirin Unal sizni telefon qilib chaqirgan ekan. Uni oldin ko‘rganmisiz?

– Ko‘rganman, singlimni nazorat qilib turish uchun uyiga borib turardim. Choyga chaqirib turishardi. Borib, suhbatlashib, shu bahona singlimdan xabar olib turardim. Nima muammong bor, kayfiyating qanaqa, biron narsa kerak bo‘lmayaptimi, deb so‘rab turardim, 1-2 soat o‘tirib qaytib kelardim.

– 23 sentabr kungi voqealar xronikasini gapirib bersangiz.

– 23 sentabr kuni oqshom 20:48da Shirin Unalbey shaxsiy telefonidan menga telefon qildi. Uyda to‘pponcha yo‘qolgani, shu sababli 3-4 kundan beri bu masala bo‘yicha notinchlik bo‘layotganini aytdi.

Uning gaplari «Singling pistoletni olib, senga olib borib bermadimi?» deb so‘ramoqchidek bo‘lib tuyuldi, lekin bunday deya olgani yo‘q. «Senga pistolet kerak bo‘ldimi?», demoqchi ekani sezilyapti. Yo‘q, dedim. «Pistoletga ehtiyojim yo‘q, biz unaqa tarbiya ko‘rgan bolalardan emasmiz».

Keyin esa: «Yo‘q, bu yerda bir yanglishlik bor, nima bo‘ldi o‘zi?» deb so‘radim. Sarosimaga tushdim. Hozir boraman, dedim. Shu payt telefon o‘chdi.

Taksiga o‘tirib, uyiga bordim. U yerda politsiya va prokuratura xodimlari bor edi. Meni uyga kirgizishmadi, lekin men talab qildim. Akasi bo‘laman, kiray, ko‘ray, dedim.

Organ xodimi: «Xavotir oladigan joyi yo‘q, singlingning qo‘lidan ozgina o‘q yalab o‘tgan», dedi. Men singlimning qayerdaligini so‘radim. Anqaraning Bilkent tumanidagi shifoxonaga olib ketildi, dedi. Politsiya xodimlaridan iltimos qilib, meni u yerga olib borishlarini so‘radim. «Yordam qilib olib boringlar, yonimda hamyonim yo‘q, qanday chiqib kelganimni bilmayman», dedim.

Shu orada Shirin Unalning o‘zi chiqib keldi. «Ahmoq singling o‘zini o‘zi otdi», dedi. Qani u desam, tez yordamda shifoxonaga olib ketishdi, dedi. U yerga borishimga yordam berishlarini so‘radim. Shirin Unal xodimlardan biriga menga taksi puli berishlarini aytdi. Menga 50 lira pul berishdi. Taksiga o‘tirib, shifoxonaga bordim.

45-50 daqiqacha kutdim, shifoxona ichkarisiga qo‘yishmadi. 50 daqiqalardan keyin shifokorlar chiqishdi. Akasi ekanimni aytdim. «Ayni paytda otasi ham, onasi ham menman. Otamdan yodgorlik», dedim. Shifokor bandalik dedi. O‘sha yerda yiqildim.

Ko‘rsam bo‘ladimi, deb so‘radim. Prokurorning ruxsatisiz ko‘rish mumkin emas, deyishdi. U yerdagi politsiya xodimi: «O‘zingizni qo‘lga oling, prokuror qachon ruxsat bersa, o‘shanda ko‘rsatiladi», dedi.

Morgning kutish xonasida kutdim. 24 sentyabrga o‘tar kechasi, soat 00:30larda prokuror keldi. Savol-javob qildik. «Singling o‘zini o‘zi o‘ldirgani bo‘yicha surishtiruv ketyapti. O‘z joniga qasd qilishga biror bir sabab bormidi?», deb so‘radi. Men hech qanaqa sabab yo‘qligini, bunday qilishga singlimda jasorat ham bo‘lmaganini aytdim.

– Singlingizni oxirgi marta qachon ko‘rgandingiz?

– Oxirgi marta 18 sentyabrda ko‘rgandim. Dam olish kunida ishlayotgan joyimga kelib, ovqatlanib ketardi. Uning dam olish kuni haftada bir marta, u ham bo‘lsa 12 soat davom etardi. Shunda ham 4-5 soatga yonimga kela olardi. Keyin uyidan telefon bo‘lardi, qaytib ketardi. Oldimga kelganida onam bilan IMO`da gaplashardik.

Ishxonam bilan u yashayotgan joy orasi juda uzoq – metro, avtobusda 2 soatlik yo‘l. Ishxonamga iloji boricha har hafta kelib turardi.

– Oxirgi kelganida kayfiyati qanaqa edi?

– Kayfiyati juda ham zo‘r edi. Energetik, xushchaqchaq edi. Yuzida hech qanaqa tushkunlik, sarosima alomatlari yo‘q edi. Xursand edi: «Aka, o‘qiyman, o‘zingiz bosh-qosh bo‘lasiz, nazorat qilib turasiz». Har kelganida o‘qish haqida gaplashardik.

22 sentyabrda ham qo‘ng‘iroqlashgandik. Hatto voqea ro‘y bergan 23 sentabr kuni ham tushdan keyin soat uch yarim – to‘rtlarda gaplashganmiz. «Nodi, sen topgan repetitorlaringdan biroz shubhalanyapman. Bo‘lmaydi. Tanish-bilish qilib, surishtirdim – oliygohga tayyorlaydigan yaxshi, ishonchli o‘qituvchilar bor», dedim. «Xo‘p bo‘ladi, aka», dedi. Gaplashdik.

Muhammadali Qarshiboyev

«Siz aytayotgan universitetni diplomi dunyoning boshqa davlatlarida ham o‘tadimi», deb so‘radi. O‘tadi, dedim. «Diplomi hamma joyda o‘tadigan xalqaro universitet ekan. Ham o‘zimning tanishim. O‘zim olib borib, o‘zim olib kelaman», dedim. [Buni eshitib] juda ham xursand bo‘ldi. Oxirgi paytlar o‘qish masalasi bo‘yicha gaplashgandik.

Tushgan keyin gaplashganimizda ishda edim. Oqshom payti soat 8larda ishdan chiqdim. Uyga borgim kelmay, biroz vaqt o‘tsin deb ko‘chada o‘tirdim. Uyga kirib borganimdan keyin telefon bo‘ldi. Oqshom soat 20:48da.

– Shirin Unal telefon qilganida nega bunchalik shoshilib yo‘lga otlandingiz? U singlingiz haqida nima degandi?

– Otib qo‘ydi, deb [telefonda] aytmadi. Lekin pistolet yo‘qoldi, shunaqa-shunaqa voqealar bo‘lyapti, 2-3 kundirki shu masala bo‘yicha muammo bo‘lyapti, dedi. Keyin esa: «Tentak singling mening pistoletimni olib, xonasiga qulflanib oldi. Biz eshikni ocha olmayapmiz», dedi.

U orada qizining devor-eshikka urgan ovozlari chiqdi. Singlimning emas, Shirin Unalbeyning qizining ovozini eshitdim. Shu orada telefon o‘chdi.

Qolaversa, singlim agar bitta telefon qilsa, hamma ishimni tashlab boraman. Meni ishdan haydab yuborishsa ham. Chunki bu hayotda singlimdan, oilamdan muhimroq narsa yo‘q.

– Telefonda siz eshitgan shovqinni to‘liqroq tasvirlay olasizmi?

– Shirin Unalbeyning o‘zi juda ham xotirjam bir kayfiyatda telefon qildi. Uning o‘rnida men bo‘lsam, uyimda qurol masalasi ko‘tarilib turgan bo‘lsa, xizmatkoring uni olib qo‘ygan bo‘lsa, bu – juda jiddiy masala.

Mening uyimda shunday bo‘lsa, juda ham sarosimaga tushgan bo‘lardim. Nega qurolimni xizmatkorim oladi, deb hayajonlanardim. «Tez yetib kel, Muhammadali! Shunaqa voqea bo‘lyapti!» degan bo‘lardim. Aksincha, bu odam judayam xotirjam edi.

Bu orada qizi baqiryapti. «O-o-ch eshikni, och!» degan ovozlar. Menimcha, bu narsalar – uyushtirilgan. Shu zaylda telefonini o‘chirib qo‘ydi.

– Uning qizi taxminan necha yoshda?

– Taxminan 32 yoshda. Turmushga chiqmagan.

– Marhumni O‘zbekistonga yuborish jarayoni qanaqa kechdi? Xarajatlarni Shirin Unal to‘lab berdimi?

– Ha. 24 sentyabrga o‘tar kechasi tunda singlimning jasadini kasalxonadan olib chiqib, ekspertiza bo‘ladigan joyga – morgga yuborishdi. Bu vaqtda Shirin Unalning haydovchisi yordam tariqasida yonimizda edi.

Unalning o‘zi 23 sentabr kuni kasalxonadaligimda ham [singlim vafot etgani aniq bo‘lgach], ertasi kuni ham telefon qilgani yo‘q. Bandalik ekan, deb o‘zi, na oilasi telefon qildi. U oilaning o‘rnida men bo‘lganimda hamma ishlarimni tashlab, yordam qilgan bo‘lardim. Chunki mening uyimda bo‘layotgan narsa, tushunyapsizmi? Bir inson hayotdan ko‘z yumyapti...

Ertasiga ekspertiza bo‘ladigan joyga borishimizni, O‘zbekiston konsulligi bilan maslahatlashgan holda nima qilishni hal qilib olishimizni aytishdi. Bordik, ayrim hujjatlarga qo‘l qo‘ydim. Keyin hujjatlarni kutib o‘tirgandik.

Shirin Unalning haydovchisi kelib: «Hamma hujjatlar tayyor ekan, faqat qo‘l qo‘ysanglar bo‘ldi», deganida hayron qoldik. Biz ertalabdan beri kutib o‘tirgandik. Bizga ma'lumot berishmayotgan paytda u buyoqdan kelib hammasi tayyor, deb aytyapti.

– Biz deb kimlarni nazarda tutyapsiz?

– Yonimda Nodiraning dugonasi Laylo Niyozova, [Anqarada yashovchi o‘zbekistonlik ayol] Nigora opam va ishxonamdagi xo‘jayinim bor edi. Hammasidan Alloh rozi bo‘lsin, menga yordam berib turishdi.

Unalning haydovchisi kelgach, oqshomgacha u yordam qildi. Elchixonaga bordik. Jasadni yuborish, menga chipta olish xarajatlarining hammasini elchixona bilan gaplashdi. Elchixona bilan maslahatlashgan holda samolyotga chiqarib yuborishdi.

– O‘zbekistonga kelgach, aeroportda sizni so‘roq qilishgani haqida mish-mishlar bor.

– Yetib kelganimizda hech qanaqa savol-javoblar bo‘lmadi. Turkiyada ham, O‘zbekistonda ham aeroportda hech qanday so‘roq bo‘lgani yo‘q.

O‘zbekistonga [25 sentabr] soat 07:00da keldik. Soat 11da dafn qildik...

– Jasadni yuvish vaqtida tanada bir emas, ikkita o‘q izini ko‘rishgani haqidagi xabarlarga izoh bera olasizmi?

– Ha. G‘assollar besh kishi edi. Yuvayotgan payti belining chap qismida o‘q chuqur kirmagan, yalab o‘tgan [-ini ko‘rishgan]. Ya'ni o‘q kirgan joyi bor, tikilgan, lekin uncha ichkari kirmagan. Ikkinchi o‘q yuragining biroz ustidan teshib o‘tgan. Tanada umumiy ikkita o‘q izi bor.

Tanada ko‘kargan-qizargan joylar bor. Chap ko‘zida kaltak yeganining izi qolgan. Orqa miyasida yoriq izi bor, nima bilandir urilgan.

(Izoh: Bu jarohatlar tibbiy ekspertiza o‘tkazilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin – tahr.)

– O‘zbekistonga qaytgach, sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilishini so‘ramadingizmi?

– Turkiyadan kelganimda shok holatida edim. Kutilmagan holat bo‘lgani uchun o‘zimda emasdim. Juda ham qo‘rqinchli narsa bo‘ldi...

Va, olib kelganimizda Allohga shukr dedim. O‘ligini bo‘lsa ham olib keldik, Alloh nasib qildi. O‘ligini olib kela olmagan yurtdoshlarimiz bor, ko‘pchiligini eshitganman, hatto ko‘rganman.

Shukr, jasad ko‘chada qolmadi, olib keldim dedim. Bo‘ldi, kim qilgan bo‘lsa ham Allohga havola...

Bir necha kun o‘tib, internetda har xil gap-so‘zlar tarqala boshladi. Oila a'zolari deputat va iste'fodagi general Shirin Unaldan pul olib, jimgina yurishibdi, degan mish-mishlar ham bo‘ldi. Yo‘q, biz hech kimdan pul olmadik.

Buni kim aytgan, bilmadim, lekin internetdagi mish-mishlarga ko‘ra, Turkiya prokurorlari tomonidan singlim fohishalikda ayblandi. Keyin aqli zaif, psixologik kasal, degan nomlar bera boshlashdi. Bular – kurakda turadigan so‘zlar emas. Bizning oilamizga, O‘zbekiston xalqiga xos emas bu narsalar...

Biz ham qarab turmadik, advokat yolladik. Undan adolatni yuzaga chiqarishini so‘radik.

Mening 23 yoshli bokira, pokiza singlim – fohisha emas. Buni kim aytgan bo‘lsa, javob bersin, o‘rtaga chiqarsin.

– Shirin Unalning haydovchisi O‘zbekistonga kelib, dafn marosimini kuzatib turgani borasida ham gap-so‘zlar tarqaldi.

– Yo‘q, bu ham yolg‘on. Shirin Unalbeyning haydovchisi yordam qildi. U Shirin Unal bilan aloqada bo‘lib turdi. Turkiyadaligimizda qayerdaligimiz, nima qilayotganimiz haqida unga ma'lumot berib turdi.

Haydovchi bizni Anqaradagi katta avtobus bekatigacha kuzatib qo‘ydi. Bu bekatdan biz Istanbulga, Istanbuldan O‘zbekistonga keldik.

Shirin Unalning haydovchisi O‘zbekistongacha kelib, janozada qatnashib yoki jarayonni nazorat qilib turgani haqidagi gaplar – mish-mish. Bunaqa narsa bo‘lgani yo‘q.

– Hozirgacha sizga, oila a'zolaringizga yoki Nodiraning dugonalariga bosimlar bo‘lmadimi?

– Yo‘q, bugungacha menga ham, marhuma singlimning dugonalariga ham hech qanaqa bosim bo‘lmadi. Lekin u yerda qo‘rqmadim emas, qo‘rqdim.

Chunki birinchidan, bu voqeadan keyin shok holatida yashadim. Qo‘rquvga tushdim – iste'fodagi general Shirin Unalning haydovchisi yonimda edi. U hamma narsa haqida Unalga ma'lumot berib turgandi. Bu jarayonda o‘zim ham biroz qo‘rqdim. O‘zimga o‘zim savol bera boshladim: «Muhammad, hozir bu yerda nojo‘ya biror harakat qilsam, meni ham o‘ldirib yuborishdan toymaydi...» Chunki atrof-muhit, atrofdagi odamlar shu narsani ko‘rsatib turibdi.

Aynan nimani ko‘rsatib turibdi? Nojo‘ya harakat qilsam, «Singlimni sen o‘ldirding» degan gaplarni qilsam, u yerda meni ham o‘ldirib yuborishi hech gap emas, deb qo‘rqdim. Qo‘rqinchli bir jarayon bo‘ldi. Lom-mim demadim.

– Ya'ni qo‘rquv faqat o‘zingizda bo‘ldi, hech kim qo‘rqitmadi?

– Ha, hech kim qo‘rqitmadi. Faqat o‘zim ozgina qo‘rquvda yashadim.

– Laylo Niyozova va Nigora Abdurahmonovaning birinchi ko‘rsatmasini huquq idoralari qabul qilmagani aytilyapti.

– To‘g‘ri, lekin bu narsa prokuratura emas, politsiya xodimlari tomonidan bo‘ldi. Men ham o‘sha yerda edim. Ko‘rsatma berish va fikr olish uchun birga borgandik. Shunaqa voqea bo‘ldi, shunaqa da'vo ochsak nima bo‘ladi, degan ma'noda borgandik.

U yerda politsiya vakillari: «Bu ishlarni ko‘rib chiqib, sizga xabar beramiz», deb qandaydir jiddiy e'tibor qaratishmadi. «Jinoyat bo‘ldi, odam o‘ldirish bo‘ldi!» degan munosabatni ko‘rmadik. Qoniqarsiz javoblar berishdi.

– Idoraga ko‘rsatma berish uchun chaqirilganmidinglar?

– Yo‘q, o‘zimiz bordik. Ko‘rsatma beraylik va bu voqea bo‘yicha chora-tadbir ko‘rilsin, degan maqsadda borgandik.

Voqea internetda, televideniyeda ovoza bo‘lib ketganidan keyin adashmasam, 1-2 kundan keyin ichki ishlar xodimlari Laylo Niyozova va Nigora opamning uylariga borib, u yerdan olib ketilgan va 2-3 kun davomida so‘roq qilingan. Savol-javoblar bosim tariqasida bo‘lyapti.

Laylo Niyozova boshida nima deb aytgan bo‘lsa, oxirigacha bitta gapini aytgan. «Bor gap, ya'ni marhuma dugonam nima degan bo‘lsa, shuni aytyapman. Allohdan qo‘rqaman, o‘zimdan to‘qib chiqarganim yo‘q», deb Laylo Niyozova bor gapni aytgan.

Nigora opa esa: «Men bilgan Nodira oldinga intilgan, orzulari ko‘p, quvonchi to‘la, o‘qiyman degan qiz edi. O‘zini o‘zi o‘ldirishga biron bir sabab yo‘q edi», degan.

– Layloning aytishicha, voqeadan bir kun oldin Nodira bilan telefonda gaplashganida, u «Akamning ko‘ziga qanday qarayman?» degan...

– Laylo Niyozova marhum singlim bilan bir kun oldin gaplashgan ekan. 23 sentyabrga o‘tar kechasi soat 12:30dan boshlab chamasi 1-2 soat gaplashishgan ekan. Layloning aytishicha, singlim rosa yig‘lagan ekan...

Laylo o‘sha gaplashgan kuniyoq menga hech narsa demadi-da... Xabar bermadi. «Muhammadali, shunaqa gaplar, singling yig‘layapti, muammosi bor», deganida edi, balki men ishlayotgan joyiga borardim, dardini olardim. Shunda balki bu voqealar bo‘lmasmidi, degan armon qoldi ichimda.

Laylo Niyozovaning aytishi bo‘yicha, u singlimdan: «Nega yig‘layapsiz, menga ayting, kim xafa qildi?» deb so‘ragan. Nodira esa «Yo‘q, qo‘yavering», deb aytishni xohlamagan ekan. «Akamning ko‘ziga qanday qarayman...» degan. Orada biroz Shirin Unalbey haqida gapirib o‘tgan. Ya'ni: «Xonamga chiqib, eshikni yopdi va yotgan joyimda ortimdan kelib quchoqlay boshladi. Baqirdim, chaqirdim...» Uyog‘iga faqat yig‘lagan.

Tajovuz qildimi, biron narsa bo‘ldimi, deb so‘raganida marhuma singlim yig‘lagan.

– Oilangiz tomonidan advokatlik qilgan huquqshunos keyinroq ishni topshirganini aytdi.

– Ha, shunday bo‘ldi. Turkiyalik advokatlardan biri Mujde Tozbey Erden ismli ayol bilan muloqotda bo‘lib turdik. Adolat qaror topishi uchun qo‘limdan kelganicha yordam qilaman, dedi. Bu opadan Alloh rozi bo‘lsin, bu ish bo‘yicha yuqorigacha chiqdi.

Bu opani men tanimayman, ko‘rmaganman. Ko‘rmaganim sababli unga ishonch hosil qila olmadim. Faqat telefonda gaplashganmiz. Balki Shirin Unalbeyning odamidir, deb ishona olganim yo‘q.

Shu orada... Nigora opaning eri O‘rxan degan inson bor, uni juda yaxshi taniyman. «Nodira mening ham singlim edi», deb bo‘lgan voqeadan juda qayg‘urdi.

«Muhammad, qo‘limdan kelgancha senga yordam qilaman. Eng yaqin, yoshlikdan birga o‘sgan jo‘ram – advokat. Sen hech kimga ishonma. Shu o‘rtog‘im bilan maslahatlashgan holda ish olib boramiz. Menga ishonasanmi?» dedi. Men avvalo Allohga, keyin esa senga ishonaman, dedim. Chunki O‘rxanbey – u turk fuqarosi – doim yordam qo‘lini cho‘zib kelgan.

[O‘rxanbeyning tavsiyasi bilan] advokat Birol O‘zturkka oilamiz nomidan ish yuritish uchun vakolatnoma berdim.

O‘sha paytda advokat opa Mujde Tozbey Erden, «Mening shuncha harakatlarim puchga chiqdi, menga ishonmadi, men shuncha kurashdim, Nodira qizimiz uchun harakat qildim, lekin vakolatnomani menga bermadi», degan ma'noda ishdan chiqdi. Bu narsalar maslahat bilan bo‘ldi, telefonlashdik.

Hozir turkiyalik advokat Birol O‘zturkbey mening nomimdan ish olib boryapti.

Muhammadalining aytishicha, u hodisa ro‘y bergan kuni tunda prokuror bilan suhbatda bo‘lganidan so‘ng, ko‘rsatma berish uchun huquq organlaridan boshqa chaqiruv olmagan.

Suhbatning ikkinchi qismida jizzaxlik oilaning o‘tmishi va buguni, aka-singilning Turkiyaga borib ishlashi sabablari, Muhammadali Qarshiboyevning Turkiyada musofirchilikda ko‘rgan-kechirganlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

 Komron Chegaboyev suhbatlashdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top