17:30 / 28.10.2019
0
7493
Yunusobodda juda ko‘p miqdordagi soliqlarni to‘lamaslik holati aniqlandi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida juda ko‘p miqdordagi soliqlarni to‘lamaslik holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda.

Mahkama Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “W.T.” MChJ mansabdor shaxslari 2019 yilning yanvar-iyun oylarida xorijdan import qilingan 61,1 mlrd. so‘mlik yuqori likvidli mahsulotlardan 44,9 mlrd. so‘mligini naqd pulga sotib, savdo tushumini bank muassasasiga kirim qilmasdan, 2019 yil 2-chorak yakuni bo‘yicha hisobotlardan yashirib, budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan qariyb 9 mlrd. so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganliklari aniqlangan.

Xabarda aytilishicha, korxona mansabdor shaxslariga, bir oy muddat ichida soliq to‘lovlarini budjetga to‘lashi lozimligi tushuntirilib, 2019 yil 5 oktabr kuni rasman ogohlantirilgan.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 184- (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 189-moddalari (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top