11:23 / 29.10.2019
13
37827
G‘ijduvonlik muallima o‘limida aybdor deb topilgan shifokorga sud jazosi o‘zgarishsiz qoldirildi

Kun.uz saytida «G‘ijduvonlik muallimaning sirli o‘limi: uning yaqinlari qotil(lar) jazolanishidan umidvor» sarlavhasi ostida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 10-maktabda 26 yildan buyon boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchisi sifatida ishlab kelgan va 2018 yil 4 yanvarda sirli tarzda o‘lim topgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulmira Nuriddinova bilan bog‘liq voqea yoritilgan edi.

Unda marhumning yaqinlari G.Nuriddinova vrach Salohiddin Xolov o‘z uyida ochgan YaTT shaklidagi klinikada davolana turib vafot etgani, o‘lim sababi G‘ijduvon tumani sud-tibbiy eksperti Faxriddin Ahmedovning xulosasiga ko‘ra atay o‘zgartirilgani haqidagi iddaolari ilgari surishgan edi.

Marhumning jasadi S.Xolovning uy klinikasidan qariyb 7 km naridagi Katta Ja'fari arig‘i ichidan topilgan, unga suvga cho‘kib o‘lish tashxisi qo‘yilgan edi.

Dastlabki tergov hujjatlariga ko‘ra, S.Xolov va uning yaqinlari hamda F.Ahmedov ayblovlarni rad etishgan. Ularning bu boradagi murojaatlari avvalo G‘ijduvon tuman huquq tartibot organlari, chunonchi tuman prokuraturasi tomonidan mutlaqo e'tiborsiz qoldiriladi. G.Nuriddinova vafot etgani holatida jinoyat alomatlari yo‘q, deb topiladi.

Marhumaning yaqinlari tomonidan yuqori instansiyadagi huquq-tartibot organlarga tinimsiz murojaatlardan so‘ng 2018 yil sentabr oyida eksgumatsiya o‘tkaziladi. Toshkentdan kelgan ekspert Shohsanam Yadgarova boshchiligida qabr ochiladi va jasaddan namunalar olinadi.

Shundan so‘ng ishdagi yangi holatlar yuzasidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilib ish sudga oshirilgan.

Takroriy ekspertiza va tergov hujjatlariga ko‘ra, marhuma Gulmira Nuriddinova suvga cho‘kib emas, yuborilgan dori vositasidan zaharlanib o‘lgani oydinlashadi. Ekspert F.Ahmedov esa jasadni dastlabki yorib ko‘rish natijalarini soxtalashtirgani ma'lum bo‘ldi.

G.Nuriddinovaning yaqinlari shifokor Salohiddin Xolov va uning oila a'zolarini 2018 yil 4 yanvar kungi dastlabki ekspertiza chog‘ida vrachlar til biriktirib ekspertiza xulosalarini soxtalashtirishgani, marhum «ruhiy kasal»ga chiqarilib, tuman prokurorlari tomonidan ishni «yopdi-yopdi» qilishga urinilgani, bir oilaning murojaatlari «koptok» qilinganidan g‘azabda edi.

Bu orada Salohiddin Xolovning qizi Human.uz saytiga bergan videointervyusida ham marhum ruhiy nosog‘lom bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan. (Ayni paytda videointervyu Youtube portalidan o‘chirilgan — ammo tahririyatda uning yozuvi bor — Sh.Sh.).

Shundan keyin G.Nuriddinovaning o‘limida gumonlanib, shifokor Salohiddin Xolov ehtiyot shart sifatida qamoqqa olingan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, S.Xolov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lishi), 134-moddasi (murdani tahqirlash), 186-moddasi 3-qismi (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan xizmatlar ko‘rsatish) bilan ayblangan.

Shuningdek, marhum G.Nuriddinovaning jasadini yorib, o‘rgangan ekspert Faxriddin Ahmedov ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi 1-qismi (ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berishi) bilan ayblangan.

Dastlab mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi yurituviga kelib tushgan. JIB Vobkent tuman sudi sudyasi Mahmud Oripov Kun.uz muxbiriga shunday degan edi:

— Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblanayotgan ayblanuvchilarga doir jinoyat ishining tayyorlov qismini ko‘rib boshlagan edik. Biroq jabrlanuvchi tomonidan keltirilgan yozma raddiya hamda sudlanuvchining advokati tomonidan keltirilgan yozma raddiyalar muhokamaga qo‘yilib tinglandi hamda men — raislik qiluvchi M.Oripovga nisbatan ularning ishning xolisona, beg‘araz o‘tishini ta'minlash, boshqa sud tartibida ko‘rish, qolaversa sudlanuvchilardan biri bilan bitta qishloqda istiqomat qilishim sababli sud xolisona o‘tishiga to‘sqinliklar bo‘lishi ehtimoli yuzaga kelishi mumkin, degan fikrlar e'tiborga olinib, JPKning 76-, 80- hamda 426-moddalari tartibida, alohida xonada yozma ravishda ajrim qabul qilinib, sud majlisi ishtirokchilariga o‘qib eshittirildi. Ular tomonidan keltirilgan raddiya qanoatlantirildi. Sud mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqish va sudlov masalasini hal qilish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga yuborish bo‘yicha ajrim qabul qildi va taraflarga e'lon qilindi.

Shundan so‘ng Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudi yurituviga kelib tushadi. JIB Shofirkon tuman sudi raisi J.Jumaniyozov tomonidan o‘qib eshittirilgan hukmga ko‘ra, Salohiddin Xolov Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan, unga shu moddaga asosan va JKning 45-moddasini qo‘llab, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifasidan ishlash huquqidan mahrum qilib, uch yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Faxriddin Ahmedov esa JKning 238-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, ikki yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. U ham JK 45-moddasiga ko‘ra 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifasidan ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Har ikki taraf sudning mazkur qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati yozgan. Apellyatsiya shikoyatlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan.

Ochiq sud majlisida, raislik qiluvchi sudya A.Shaydoyev va hay'at a'zolari tomonidan 21 oktabr kuni chiqarilgan ajrimga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudining 2019 yil 11 iyuldagi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan, keltirilgan apellyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmagan.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top