12:34 / 29.10.2019
0
6445
Ijtimoiy xodimlarning lavozim bo‘yicha tarif-malaka tavsifnomasi e'lon qilindi

O‘zbekistonda ijtimoiy xodimlarning alohida lavozimi bo‘yicha tarif-malaka tavsifnomasi tasdiqlanadi. Tegishli hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.

Tavsifnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4185-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, ijtimoiy ish mutaxassislarining quyidagi lavozimlarining tarif-malaka tavsifini belgilaydi:

1) Ijtimoiy ish mutaxassisi (faoliyatning barcha sohalari);

2) Oila va bolalar hamda yoshlar bilan ijtimoiy ish olib boruvchi mutaxassis;

3) Ijtimoiy ish mutaxassisining o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish bo‘yicha assistenti.

Ijtimoiy ish mutaxassisi o‘z tashkiloti (korxona, muassasasi)da tashkil etilgan shtat birligi va funksional vazifalaridan kelib chiqqan holda quyidagi vazifa majburiyatlarini amalga oshiradi:

davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam jarayonini boshqarish hamda vaziyatlar bo‘yicha ishlarni yuritish (keys-menejment): turmush sharoitini majmuaviy baholash, xizmatlar rejasini ishlab chiqish, ko‘rsatiladigan xizmatlarni muvofiqlashtirish, monitoringini amalga oshirish va natijani baholash;

aholini ijtimoiy himoya qilish hamda ijtimoiy yordam berishning optimal shakllarini aniqlash va qo‘llash;

og‘ir turmush sharoitida bo‘lgan fuqarolar (nogironlik, keksalik yoki bemorlik davrida o‘z-o‘ziga xizmat qila olmaslik, ishsizlik, yetimlik, yolg‘izlik, qarovsizlik, kam ta'minlanganlik, oiladagi ziddiyatli yoki shafqatsiz munosabat, haq-huquqlarning buzilishi, aniq yashash joyining mavjud emasligi, psixofaol moddalarga qaram, ruhiy, OITS/OIV va h.k. kasalliklar mavjudligi sababli hayot faoliyati buzilganlar)ni kompleks ijtimoiy himoya qilinishini tashkillashtirish;

o‘z ish faoliyatida aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning ilmiy-asosli yondashuvlarini qo‘llash;

nogironligi bo‘lgan shaxslar va guruhlarga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi shaxsiy, ijtimoiy, ekologik va ma'naviy xarakterga ega bo‘lgan qiyinchiliklarni anglash hamda ularni bartaraf etishda ko‘maklashish;

huquqiy, profilaktik, qo‘llab-quvvatlovchi, reabilitatsion va terapevtik xususiyatga ega psixoijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish orqali insonlarga og‘ir turmush sharoitidan chiqishga ko‘maklashish;

har bir mijozning o‘z hayotiy vaziyatini yaxshilashi uchun shaxsiy imkoniyatlaridan keng foydalanishiga yordam berish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi va guruhlarni ijtimoiy himoya qilishda barcha mavjud vositalar va jamoat resurslaridan foydalanish.

Oila va bolalar hamda yoshlar bilan ijtimoiy ish olib boruvchi mutaxassis o‘z tashkiloti (korxona, muassasasi)da tashkil etilgan shtat birligi va funksional vazifalaridan kelib chiqqan holda quyidagi lavozim majburiyatlarini amalga oshiradi:

bolalar, jumladan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lish xavfida bo‘lgan bolalar, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, psixojismoniy rivojlanishida nuqsoni va/yoki nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy-huquqiy xatar guruhiga kiruvchi va boshqa himoyaga muhtoj bolalarni himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

himoyaga muhtoj bolalar uchun davlat ta'lim-tarbiya, davolash-sog‘lomlashtirish, ijtimoiy himoya muassasalari bitiruvchilari bo‘lgan, shu jumladan uyushmagan yoshlarning mustaqil hayotga ijtimoiy moslashuvlari davomida yuzaga keluvchi muammolarini hal etish choralarini ko‘rish, ularning manfaatlarini ilgari surish.

Ijtimoiy ish mutaxassisining o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish bo‘yicha assistenti quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga kompleks tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni amalga oshirish;

biriktirilgan kontingentga maishiy masalalarni hal etishda yordam beradi;

psixoijtimoiy rivojlanishida nuqsoni va nogironligi bo‘lgan farzandlari bor oilalarga parvarish qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top