14:30 / 29.10.2019
7
29749
«Markaziy Osiyo gaz tizimini O‘zbekistonda markazlashtirish kerak» – «O‘ztransgaz» rahbari bilan suhbat
«O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Sayidov

O‘zbekistonda aholini gaz bilan ta'minlash yaxshilanishi uchun nimalar qilinmoqda, magistral gaz quvurlari qay ahvolda, gaz eksporti qanday yo‘nalishlar orqali amalga oshiriladi?

Shu va boshqa qator savollarga javob olish maqsadida «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Sayidov bilan suhbatlashdik.

Sayidov Ulug‘bek Husanovich – O‘zbekiston neft-gaz sohasida qariyb 20 yillik ish tajribasiga ega. Dastlab «O‘zLITIneftgaz» OAJda muhandis sifatida ish boshlagan, 32 yoshida mazkur loyiha institutining bosh direktori etib tayinlangan. 2016-2019 yillarda «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida mehnat qilgan.  2019 yilning 24 iyulidan – «O‘ztransgaz» AJ boshqaruvi raisi.

– Ulug‘bek Husanovich, dastlab O‘zbekiston gaz transport tizimi haqida so‘zlab bersangiz.

– Mamlakatimiz gaz-transport tizimi eng rivojlangan tizimlardan biridir. Barcha viloyatlardan magistral gaz quvurlari o‘tgan va ularning umumiy uzunligi 13 250 km.ni tashkil qiladi. Misol uchun aytishimiz mumkin, Buxorodagi Gazli koni hatto sobiq ittifoq gaz tizimining boshlanish nuqtasi bo‘lgan. Bundan 50-60 yil oldin Buxoro gazi Rossiya federatsiyasi hududiga yetkazib berilgan. Mana shu Gazli hududini haligacha O‘zbekiston Respublikasining gaz-transport habi deb hisoblash mumkin. Gazli koni negizida gaz ombori ham mavjud va bu ombor har yili 3 mlrd. kub m. gaz saqlash va qish mavsumida foydalanish imkonini beradi.

Bugungi kunda tarmog‘imizda 393 ta gaz taqsimlash, 25 ta kompressor stansiyalari bor va ularda 250 ta agregatlar ishlaydi. Ular gazni bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga yetkazishga xizmat qiladi.

Eng muhim nuqtalarimizdan biri bu – Markaziy Osiyo gaz o‘tkazish quvurlari tizimi. Bu tizim azaldan o‘zbek va turkman gazlarini shimolga yetkazib berishga xizmat qilgan va bir kunda 100 mln. m3 gaz o‘tkazish quvvatiga ega.

Mustaqillik yillarida yana bir yirik gaz o‘tkazish tizimi qurildi – bu O‘zbekistonning 525 km. hududidan o‘tuvchi, Turkmaniston va O‘zbekiston gazini Xitoyga yetkazib beruvchi yo‘nalish hisoblanadi. Bu tranzit orqali O‘zbekiston yaxshi mablag‘ ishlab olish bilan birga mazkur loyiha to‘liq xorijiy investitsiya orqali amalga oshirilgani ham ahamiyatlidir. Bu loyiha 50 mlrd. m3gacha gaz o‘tkazish quvvatiga ega. Loyiha ishchilarining barchasi yurtdoshlarimizdir.

– TsARES davlatlari anjumanida soha vaziri Alisher Sultonov Markaziy Osiyo davlatlari gaz tizimini bir markaz orqali boshqarish tashabbusini ilgari surgandi. Bu reja amalga oshishi mumkinmi?

– Biz Markaziy Osiyo hududida xuddi elektr energiyasidagi singari integrallashgan umumiy tizim ishini yo‘lga qo‘yish taklifi bilan chiqqanmiz. Hozir Osiyo Taraqqiyot Banki va qo‘shni davlatlar bilan mana shu masala ustida ishlayapmiz.

Qo‘shni davlatlar bilan gaz tarmoqlarimiz bir-biriga bog‘langan. Tizimdan samarali foydalanish, talafotsiz ishlatish va texnik holatlar monitoringi, ta'mirlash ishlarini yo‘lga qo‘yish, kimgadir zarur bo‘lgan paytda gazni yetkazib berish, kimdandir ortiqchasini olish kabi qator masalalarda bizga bunday markaz juda zarur.

Hozir qo‘shni davlatlar bu taklifimizni o‘ylab ko‘rishyapti, hisob-kitob qilishyapti. Har jihatdan qulay joyda joylashganligi uchun bu markaz faoliyatining O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilishi maqsadga muvofiq.

– Aholi eng zich va ta'minoti og‘ir bo‘lgan hudud Farg‘ona vodiysi hisoblanadi. Vodiy ta'minotini yaxshilash uchun qanday ishlar amalga oshirilyapti?

– Prezidentimiz talabi ham, o‘zimizning maqsadimiz ham xalqimizni gaz bilan ta'minlash. Farg‘ona vodiysiga yo‘lga qo‘yilgan «Ohangaron-Pungon» gaz o‘tkazish quvuri noyob loyiha hisoblanadi. Chunki shuncha balandlikda ekanligiga qaramay ishlab kelmoqda. Ana shu quvurni luping qilish, ya'ni o‘tkazish quvvatini oshirish ishlari ketmoqda.

Bundan tashqari, vodiy viloyatlarida ham geologiya-razvedka ishlari olib borilmoqda, yangi konlar ochilmoqda. Ana shunday konlardan biri – Uchtepa konidir.

Eng muhimi, biz Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi gaz omborini modernizatsiya qilishni rejalashtirayapmiz. Sababi bu ombor 900 mln. m3 gaz saqlash imkoniyatiga ega. Biz shu ko‘rsatkichni 1,2 mlrd. m3ga yetkazmoqchimiz. Ana shu qo‘shimcha 300 mln. m3 gaz vodiy aholisining kuz-qish oylaridan qiyinchiliksiz o‘tib olishlariga yordam beradi.

– Bir nechta yirik loyihalar to‘g‘risida gapirdingiz. Bular bir necha yillarni va katta mablag‘larni talab qiladi. Ularni moliyalashtirish manbalari qanday?

– Eng nozik masala moliyalashtirish manbalarini topish va ulardan samarali foydalanishdir. Modernizatsiya ishlarini amalga oshirish uchun ekologik-ijtimoiy audit, tender ishlari amalga oshirildi. Biz birinchi bosqich ishlarida Osiyo Taraqqiyot Banki ko‘magidan foydalansak, keyinchalik Jahon Banki, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki va Yaponiyaning qator moliyaviy institutlari yordamidan foydalanamiz. Ularda bizning loyihalarimizga juda katta qiziqish bor.

Modernizatsiyaga bu qadar jiddiy kirishganimizning sabablari bor, albatta. Ta'kidlash kerakki, juda uzoq vaqt gaz-transport tizimiga katta mablag‘ ajratilmagan. Magistral gaz quvurlarimizning 60 foizi 30 yildan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda. Gaz bosimi, o‘tkazish quvvati, quvur diametri kabi omillarga qarab ulardan foydalanish muddati o‘zgarib boradi. Ba'zi quvurlar 55 atmosfera bosimi o‘tkazishi kerak bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich 30 atmosferaga tushib qolgan, ya'ni ikki barobargacha kamayib ketgan.

Biz vaziyatga ko‘ra ma'lum hudud quvurini butunlay almashtiramiz yoki o‘tkazuvchanlik xususiyatini oshiramiz.

O‘zbekistonda qazib olinayotgan tabiiy gazning 32-35 foizgachasi elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ishlatiladi. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 80-85 foizi tabiiy gaz yordamida hosil qilinadi.

Suhbatni to‘liq shaklda Kun.uz`ning YouTube`dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top