22:15 / 29.10.2019
2
12284
O‘zbekistonda 450dan ortiq ko‘p qavatli uy avariya holatiga kelib qolgan

O‘zbekistonda mavjud 35 mingga yaqin ko‘p qavatli uylarning yarmidan ko‘pi ta'mirtalab ahvolda. 455ta uy esa avariya holatida.

29 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘p qavatli uylarning holatini yaxshilash bo‘yicha renovatsiya dasturini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda hisobot bergan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirovga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 34 584ta ko‘p qavatli uylar xatlovdan o‘tkazilgan.

«Mazkur uylarning holati o‘rganilganda ma'lum bo‘ldiki, 13 507ta uy ta'mirga muhtoj emas, 20 622ta uy ta'mirtalab holatga kelib qolgan. Uylarning 455tasi esa avariyali ahvolda.

Ta'mirga muhtoj uylarning 11 172tasini joriy yilda, 7134tasini esa kelgusi yillarda ta'mirdan o‘tkazish rejalashtirilgan», degan Nazirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Nazirjon Nazirov / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Vazir o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, avariya holatidagi 455ta uyni instrumental o‘rganish uchun 2 mlrd 64 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Bunday uylar joriy yil yakuniga qadar turli loyihalashtirish institutlari tomonidan instrumental o‘rganiladi. Tahlil natijalariga ko‘ra, bu uylarni buzish, rekonstruksiya qilish yoki ta'mirlash bo‘yicha xulosa qilinadi.

Nazirjon Nazirov mamlakat ko‘p qavatli uy fondining yoshiga doir ma'lumotlarni ham ochiqladi. Unga ko‘ra:

9421ta uy – 1967 yilgacha,
3074ta uy – 1967-1970,
8975ta uy – 1970-1980,
9197ta uy – 1980-1990,
187ta uy – 1990-2000,
428ta uy – 2000-2010,
1302ta uy – 2010-2019 yillarda qurilgan.

Ma'lumot uchun, prezidentning parlamentga murojaatnomasida aholini munosib turar joy bilan ta'minlash maqsadida mavjud ko‘p qavatli uylarning holatini o‘rganish, dunyoning yirik megapolislari tajribasi asosida renovatsiya dasturini ishlab chiqish topshirig‘i berilgan edi.

Renovatsiya dasturi favqulodda holatlarning oldini olish va ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolarning hayot xavfsizligini ta'minlash uchun eskirib qolgan uylar o‘rniga yangi turar joylar qurishni nazarda tutadi.

Renovatsiyada uylarning yerto‘la va tom qismlarini teploizolyatsiya qilish, zamonaviy romlar o‘rnatish, zaruratga ko‘ra tashqi liftlar o‘rnatish, uylarning fasad qismlarini shaharsozlik talablari asosida ta'mirlash, issiqlik ta'minoti tarmoqlarini izolyatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top