20:46 / 29.10.2019
0
49444
Vetnamdan Britaniyaga: katta pul evaziga o‘lim bilan yakunlangan sayohat

O‘tgan haftada Angliyaning Esseks grafligida yuk mashinasidan topilgan jasadlar katta ehtimol bilan Vetnam fuqarolari bo‘lishgan.

PA MEDIA

Britaniya politsiyasi chorshanba kuni Angliya sharqidagi Esseks grafligining Greys shaharchasidagi sanoat zonasida turgan yuk mashinasi ichidan 31 erkak va 8 ayolning jasadini topgandi. Bu ish bo‘yicha tekshiruv ishlari davom etmoqda. Qurbonlar orasida Vetnam fuqarolari ham bo‘lgani tasdiqlandi. Reyter xabariga ko‘ra, Vetnam politsiyasi qarindoshlari ushbu yuk mashinasida bo‘lganini taxmin qilayotgan vetnamliklarning DNK ma'lumotlarini yig‘moqda.

Marhumlarning qarindoshlari jurnalistlar bilan bog‘lanib, vetnamliklar yuk mashinasi yukxonasida jo‘natilgani haqida xabar qilishgan.

Fam Txi Cha Mi va Nguyen Din Lyong yuk mashinasidagilar orasida bo‘lgan bo‘lishi mumkin / EMPICS

«Juda afsusdaman, juda afsusdaman, oyi va dada, mening boshqa mamlakatga safarim omadsizlik bilan yakunlanmoqda. Men o‘lyapman, nafas ololmayapman. Men sizlarni juda sevaman», - deya yozgan 26 yoshli Fam Txi Cha Mi. 

Qizning akasi Bi-bi-si muxbiriga u kontrabandachilarga Britaniyaga olib borishi uchun 30 ming funt to‘lagani haqida aytib bergan.

19 yoshli Buy Txi Ngunning yaqinlari ham tashvishga tushishgan.  U 39 kishi orasidagi eng yosh yo‘lovchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

19 yoshli Buy Txi Ngun Ngean provinsiyasida yashagan / REUTERS

Vetnam nashrlarida yozilishicha, Esseksdagi voqea bilan bir vaqtda Vetnamdagi 20ga yaqin oila o‘z yaqinlari bilan aloqa bog‘lay olmayotgani haqida ma'lum qilgan.

Ular nima uchun Vetnamdan ketishadi?

Vetnamliklar aksar holatlarda Buyuk Britaniyaga ishlash uchun kelishmoqda. Nima uchun ular bunday qimmat va xavfli sayohatga otlanishadi?

«Hozir Vetnam - iqtisodi gullab-yashnayotgan davlat, ammo hammaga ham bu yerda yaxshi ish topilmaydi. Vetnamda ishchi kuchi ko‘p va ishsizlik yuqori», deydi Bi-bi-sining Vetnam xizmati rahbari Xazyang Nguyen.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Vetnam mamlakat aholisi daromadini sezilarli darajada oshirgan. Ammo bir jiddiy muammo bor - boy va kambag‘al odamlar daromadlari orasidagi farq o‘sib bormoqda.

Bunday disbalans aholining turli ijtimoiy qatlamlariga qarab ham, kim qaysi mintaqada yashashiga qarab ham kuzatiladi.

«Vetnamdan Yevropaga, xususan Britaniyaga keluvchi mehnat muhojirlari asosan ushbu mamlakatning bir necha qashshoq hududlariga mansubdir», deydi Xoshimin shahrida kontrabandaga qarshi kurash bo‘yicha ekspert Mimi Vu.

So‘nggi yillarda vetnamliklarning Yevropaga oqimi oshdi / REUTERS

«So‘nggi o‘n yilliklarda bu hududlarda chetga ketish urf bo‘ldi. Odamlar o‘z oilasiga pul yuborish uchun chet davlatlarga ham qonuniy yo‘l bilan, ham noqonuniy yo‘llar bilan jo‘nab ketishadi», deydi Mimi Vu.

So‘nggi 10 yil davomida vetnamlik mehnat muhojirlarning aksari mamlakat shimolidagi Xayfon shahri va Kuangin provinsiyasi shimoli-sharqi orqali Britaniyaga kelishi kuzatilgan. Ammo so‘nggi bir necha yilda markazdagi Ngean, Kuangbin va Xatin provinsiyalaridan noqonuniy muhojirlar oqimi ham ortdi.

Ekspertlarning baholashicha, har yili o‘rtacha 18 ming nafar atrofidagi vetnamlik Yevropaga yo‘l oladi, yana ming nafarga yaqini AQShga.

Nega aynan Britaniyaga?

Mehnat muhojirlari uchun Vetnamdan Britaniyaga borish Yevropaga bo‘lgan yo‘nalishlarning asosiysidir. 

Oksford universitetida siyosiy sotsiologiyadan dars beruvchi Tamzin Barberning aytishicha, ular Britaniyada osonlik bilan katta maosh to‘lanadigan ishlarni topishlari mumkin.

Shuningdek, Britaniyada vetnamliklarning katta jamoalari mavjud va bu jamoalar rahbarlari yangi kelgan vatandoshlariga boshpana va ish topishda yordam ko‘rsatishadi.

Yangi kelganlar birinchi navbatda Vetnam restoranlari, shuningdek, maishiy xizmatlar ko‘rsatiladigan salonlarga ishga joylashishni ko‘zlashadi. Ayrimlar esa marixuana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tarmoqlarga qo‘shilib qolishi ham mumkin.

Vetnamlik ayollar asosan Britaniyadagi manikyur salonlarda ishlashadi GETTY IMAGES

Vetnamliklarning aksari jismoniy mehnat talab qiladigan ishlarda ishlashadi - baliqchilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida, shuningdek boshqa mavsumiy ishlarda. Albatta, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yganlar ham topiladi. Faqat sanoqlilari ishsiz qolishadi.

Barberning so‘zlariga ko‘ra, hozirda malakasi yo‘q muhojirlar uchun Vetnamdan Britaniyaga kelishning qonuniy yo‘llari yo‘q. Shu tufayli, bunday migrantlarda xavfli yo‘lni tanlashdan boshqa yo‘l qolmaydi.

Britaniyaga safar qanchaga tushadi?

Yevropaga borishni istovchilar anchagina katta pul to‘lashi kerak bo‘ladi, ammo bunday to‘lovlar farqlicha bo‘lishi ham mumkin.

Masalan, qashshoqlar 10-15 ming dollar to‘laydi. Ularni mashaqqatli yo‘l kutadi. Ba'zida, yo‘lning bir qismini piyoda bosib o‘tishga to‘g‘ri kelishi ham mumkin - masalan, tunda o‘rmon orqali yurish.

40-50 ming dollar to‘lay oladiganlarga esa kontrabandachilar samolyot uchun chipta sotib olib berishadi.

Qayd etish kerakki, 40 ming dollar jamg‘arish uchun qishloqda yashovchi vetnamlik 30 yil ishlashi kerak bo‘ladi.

«Bu astronomik summa, ammo ayrim oilalar Yevropaga yetib olib, bolalari uchun yaxshiroq kelajakda yashashi uchun shuncha pulni to‘lash o‘zini oqlaydi, deb bilishadi. Vetnamda oila juda muhim, shuning uchun hamma o‘z oilasi uchun harakat qiladi», deydi Mimi Vu.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Vetnamdan Yevropaga noqonuniy olib borish bilan shug‘ullanuvchi kontrabandachilar bir yilda 300 million dollar atrofida pul ishlab olishadi.

Vetnamlik yo‘l uchun pulni oilasi va tanishlaridan oladi. Ayrimlar esa juda yuqori foiz evaziga norasmiy kredit olishga majbur bo‘ladi.

Yevropaga yetib olishga birinchi urinish omadsizlikka yuz tutsa ham ular yana bir bor urinib ko‘rishlari oddiy holatdir, chunki bu ular uchun qarzga olingan pulni qaytarishning yagona imkonidir.

Barberning so‘zlariga ko‘ra, ba'zilar  kontrabandachilar bilan hisob-kitob qilish uchun o‘z yerlari va ko‘chmas mulklarini sotadi.

Vetnamdagi oilalar bunday tavakkal qilishiga sabab Yevropaga borishni oilani ta'minlab qo‘yish imkoni deb ko‘rishidadir, deydi mutaxassis.

Ular Britaniyagacha qanday yetib olishadi?

Vetnamliklarni Yevropaga tashish bilan shug‘ullanadigan kontrabandachilar asosan ikki variant - «premium» va «tejamkor» variantlarni taklif qilishadi, deyiladi Buyuk Britaniyaning qullikka qarshi mustaqil komissari hisobotida.

«Premium» variantda yo‘l xavfsiz bo‘ladi va ancha kam vaqt oladi - bu asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar orqali bo‘ladi.

Vaziyatlardan birida shunday paketlardan biriga to‘lov qilgan kishiga Shengen biznes-vizasi rasmiylashtirilib, Parijgacha chipta olingan. Fransiyada unga ijaraga uy olingan.

Lekin «tejamkor» variantini tanlaganlar yo‘l uchun bir necha oy sarflashi mumkin.

«Ammo siz qaysi toifa uchun pul to‘laganingiz muhim emas, baribir yo‘lning so‘nggi qismida chegarani yuk mashinasi yukxonasida kesib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi», deydi Mimi Vu.

Britaniyaga yo‘l olgan Vetnam fuqarolarining aksari Rossiya va Sharqiy Yevropa hududi orqali o‘tadi. Ular yo‘lni Xitoy orqali boshlashadi.

Xitoy, Rossiya, Polsha, Germaniya va Fransiya - Britaniyaga boruvchi vetnamliklar uchun tranzit mamlakatlardir.

Ular yo‘ldagi mamlakatlarda ushlanib qolishlari ham mumkin, masalan, Polsha yoki Ukrainada - qiyin ishlarni bajarishga rozi bo‘lib bir muddat ishlashlari mumkin. Bu yerlarda ular yo‘lning keyingi qismiga pul yig‘ish yoki kontrabandachilar bilan hisob-kitob qilish uchun ishlashadi.

Yo‘lning so‘nggi qismi - Fransiyadan Britaniyaga o‘tish. Bu yerda migrantlar kontrabandachilarga o‘zlarini portda turgan yuk mashinalariga uning haydovchisi ham ko‘ra olmaydigan qilib joylashtirishlari uchun pul to‘lashadi.

Ichki ishlar vazirligi hisobotiga ko‘ra, kontrabandachilar o‘zlari Britaniyaga tashigan Vetnam fuqarolarini amalda qullik sharoitlarida ishlashga majburlagani holatlari ma'lum bo‘lgan.

Noqonuniy migrantlar Yevropaga borish yo‘lida tez-tez zo‘ravonliklar bilan to‘qnashadi. Qizlar va ayollar jinsiy tajovuzga uchrashadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top