20:39 / 29.10.2019
0
5114
Xitoylik investorlar bilan 4ta yirik kelishuv imzolandi

Xitoylik investorlar yaqin davrda O‘zbekiston Xitoy investitsiyalarini jalb etish hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqishi kutilayotganini qayd etishdi. 

29 oktabr kuni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investorlar tomonidan tashkil etilgan “Namangan Qianxing Invesment” xorijiy korxonasi delegatsiyasini qabul qildi. 

Uchrashuv chog‘ida Xitoy investitsiyalarining viloyat iqtisodiyotidagi ulushi tobora ortib borayotgani qayd etildi. 

Xitoylik investorlar yaqin davrda O‘zbekiston Xitoy investitsiyalarini jalb etish hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqishi kutilayotganini qayd etishdi. Bu borada Namangan viloyatida xorijiy investorlarga, xususan xitoylik hamkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda sharoitlarni alohida tilga olgan mehmonlar hamkorlikni yangi bosqichlarga ko‘tarishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Namangan shahrida 4 gektar yer maydonida barpo etilayotgan “Mehmonxona, shopping-mol hamda ko‘p qavatli turar-joy kompleksi" loyihasini amalga oshirayotgan “Namangan Qianxing Invesment” kompaniyasi vakillari loyihaning borishi haqida viloyat hokimiga ma'lumot berishdi. 25 dekabr kuni qurib bitkazilishi ko‘zda tutilayotgan ikki qavatli “Sotish ofisi” ochilishida loyihaning tantanali yalpi taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilayotgani bildirildi.

“Namangan Qianxing Invesment” rahbari Xung Yui Jyen hamkorlari bilan birgalikda Namanganda Xitoy sarmoyasini jalb etgan holda moliyaviy fond tashkil etish istagida ekanliklarini bildirdi. Xayrullo Bozorovning viloyatda tashkil etish yuzasidan ish olib borilayotgan Namangan investitsion bankiga ulushdor sifatida qo‘shilish taklifi xitoylik investorlarda katta qiziqish uyg‘otdi. 

Uchrashuv yakunida 78 gektar maydonda barpo etiladigan “Namangan city” xalqaro ishbilarmonlik markazi, “Yuksalish”massivida 50 gektarlik hududda qad ko‘taradigan “Smart siti” ekologik toza zamonaviy shaharcha, Marg‘ilon ko‘chasida 65 gektar maydonda quriladigan zamonaviy turar-joylar, mehmonxona va savdo markazi majmuasi loyihalarida “Namangan Qianxing Invesment” kompaniyasini ishtirokini ko‘zda tutgan hamkorlik kelishuvlari imzolandi. 

Mehmonlar zamonaviy texnologiyalar bilan ishlaydigan g‘isht zavodi qurish rejalarini ham bayon qildilar. Ushbu zavodni qurish bo‘yicha viloyat hokimligi hamda “Namangan Qianxing Invesment” o‘rtasida kelishuv imzolandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top