08:03 / 30.10.2019
0
1216
«Axborot-kutubxona tahlili» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

“INFOLIB UZBEKISTAN-2019” VIII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Axborot-kutubxona tahlili” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarining rahbar va mutaxassislari ishtirok etdilar.

Tanlov o‘tkazilishning asosiy maqsadi axborot-kutubxona muassasalarida ko‘rsatiladigan axborot-kutubxona xizmatlari sifatini baholash, axborot-kutubxona fondi va elektron resurslar rivojlanishini o‘rganish va tahlil qilishdan iborat.

Tanlov olti oy mobaynida bosqichma-bosqich o‘tkazilgan. Ishtirokchilarga hududiy axborot-kutubxona muassasalari faoliyatining muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatish va aholining barcha qatlamlarini axborot-kutubxona xizmati bilan qamrab olish hamda faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini faollashtirish, yangi axborot-kutubxona xizmatlari turlarini joriy qilishga ko‘maklashish, mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish, soha rivoji uchun ishlab chiqilgan, tatbiq etilgan va amaliy ahamiyatga ega innovatsion loyihalarni kutubxonalarga joriy qilish kabi vazifalar belgilab berilgan. 

Tanlov natijalariga ko‘ra:

1-o‘rin Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazi kitob sotib olish uchun 60 000 000 so‘mlik sertifikat bilan taqdirlandi;

2-o‘rin Andijon viloyati axborot-kutubxona markazi kitob sotib olish uchun 40 000 000 so‘mlik sertifikat bilan taqdirlandi;

3-o‘rin Navoiy viloyati axborot-kutubxona markazi kitob sotib olish uchun 20 000 000 so‘mlik sertifikat bilan taqdirlandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top