13:54 / 30.10.2019
0
20221

DXX tranzit orqali olib o‘tilayotgan 300 ming dollarlik giyohvand moddalarni musodara qildi

Illyustrativ foto

Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati Boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida qo‘shni Tojikistondan mamlakatimiz orqali Qozog‘iston Respublikasiga olib o‘tilayotgan ko‘p miqdordagi giyohvand modda ushlab qolindi.

Aniqlanishicha,  Tojikiston fuqarosi S. giyohvand moddani kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib kiradi va Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan Sh.A. xonadoniga olib boradi.

Ushbu ajal og‘usini mamlakatimiz orqali tranzit sifatida o‘tkazish ishlarining tashkilotchisi bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi, Turkiston viloyatida istiqomat qiluvchi E.J. Sh.A. xonadoniga kelib, giyohvand moddalarni qabul qilib oladi.

Tezkor xodimlar tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida E.J. og‘uni Sirdaryo viloyatiga olib borib, aylanma yo‘llar orqali Qozog‘istonga olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan paytida qo‘lga olindi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, E.J.dan ashyoviy dalil sifatida olingan giyohvand modda “geroin” bo‘lib, jami og‘irligi 20 kg 32 gr.ni tashkil etdi.

Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda 20 kg “geroin” moddasining narxi 300 ming AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni tashkil qiladi. Agarda u iste'molga chiqarib yuborilganida minglab insonlarning umriga zomin bo‘lishi mumkin edi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan DXX Sirdaryo viloyati Boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246- va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top