09:00 / 30.10.2019
0
1513
«KAFOLAT sug'urta kompaniyasi» AJning jahon sug‘urta bozoriga integratsiyalashuvi

Sug‘urta xizmatlari iqtisodiyotni turli xil moliyaviy xatarlardan himoya qiluvchi vositalardan biridir. Mamlakatimiz rahbarining  tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan iqtisodiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida sug‘urta yo‘nalishining rivojlanishi uchun ham qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 2 avgustda qabul qilingan PQ-4412-sonli «O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  Qarori  hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi PF-5780-sonli «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida»gi Farmoni fikrimizning dalilidir.

Mazkur hujjatlar ijrosini ta'minlash maqsadida «KAFOLAT sug'urta kompaniyasi» AJ tomonidan uchrashuvlar tashkil etilmoqda, jumladan Qoraqalpog‘istonda 2 ta, Surxondaryoda 2 ta, Qashqadaryoda 2 ta, Jizzaxda 3 ta, Sirdaryoda 2 ta, Samarqandda 2 ta, Navoiyda 2 ta, Buxoroda 2 ta,  Xorazmda 2 ta  tumanda uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Kompaniya tomonidan tijorat banklari bilan ham hamkorlik qilinmoqda. Xususan, tijorat banklari, «KAFOLAT sug'urta kompaniyasi» AJ, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi ishini muvofiqlashtiruvchi avtomatlashtirilgan tizim ishlab chiqildi. Bu tadbirkor uchun bir joyning o‘zidan barcha xizmatlarni onlayn olish imkonini beradi. Bugungi kunda Surxondaryo viloyatining Denov va Sirdaryo viloyatining Xovos tumanlarida avtomatlashtirilgan tizim sinovdan o‘tkazildi.

«KAFOLAT sug'urta kompaniyasi» AJ O‘zbekiston sug‘urta bozorini yetakchi sug‘urta bozorlarida tanitish hamda halqaro sug‘urta olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lish maqsadida qator ishlarni amalga oshirdi.

Kompaniya Londonda joylashgan «International Underwriting Association of London» (IUA) Halqaro assotsiatsiyasining O‘zbekiston sug‘urta bozori ishtirokchilaridan yagona a'zosidir.

Bugungi kunda «KAFOLAT sug'urta kompaniyasi» AJ «Abu Dhabi National Insurance Company», «Oman Insurance Company», «Insurance House» (BAA), «Polish RE» (Polsha), Lloyd`s Syndicate Canopius (CNP 4444), «Direct Insurance London Market Plc» (Buyuk Britaniya), «Skor Perestraxovaniye», SAO «VSK» (Rossiya), «Neftyanaya straxovaya kompaniya» AJ (Kozog‘iston), «Barens Reinsurance SA» (Lyuksemburg), «Ace Insurance Pvt. Ltd.» (Xindiston) va boshqa shu kabi dunyoning nufuzli sug‘urta tashkilotlari bilan qayta sug‘urta yo‘nalishida xamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

Kompaniya Respublikaga valuta olib kirishda sug‘urta bozorida eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda, 2019 yil 9 oyi mobaynida 2,4 mln. AQSh dollariga teng sug‘urta eksporti amalga oshirildi (qayta sug‘urta orqali xorijiy risklar qabul qilindi).

2019 yil 1 oktabr holatiga ko‘ra, kompaniyaning ustav kapitali 35,3 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

Jismoniy va yuridik shaxslar bilan 668,3 mingta sug‘urta shartnomalari imzolanib, 118,4  mlrd. so‘m sug‘urta mukofoti yig‘ildi, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 140,9 foizga ko‘p. Sug‘urta mukofotlari tushumining asosiy qismi, ya'ni 76,4 foizi – 90,5 mlrd. so‘m kompaniyaning mintaqaviy filiallari tomonidan amalga oshirildi. Kompaniya tomonidan tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha qabul qilingan sug‘urta majburiyati hajmi 67,5 trln. so‘mni tashkil etgan.

Hisobot davrida 5732 sug‘urta hodisalari bo‘yicha mijozlarga 24 mlrd. so‘mdan ortiq sug‘urta qoplamalari amalga oshirildi. To‘langan sug‘urta qoplamalarining asosiy qismi majburiy sug‘urta turlariga to‘g‘ri keladi.

Kompaniya keng geografik joylashuvga ega bo‘lib, bugungi kunda filiallar tarmog‘i 227tani tashkil etmoqda, ya'ni 15 ta filial, 60 ta bo‘lim va 152 ta sug‘urta markazlari mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston sug‘urta bozorida faoliyat yuritayotgan 30 dan ortiq sug‘urta kompaniyalaridan ikkitasi xalqaro reytingga ega bo‘lsa, shundan bittasi – «KAFOLAT sug'urta kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyatidir. Fitch Ratings xalqaro nufuzli reyting agentligi «KAFOLAT sug'urta kompaniyasi» AJ reytingini ««BB-», «Barqaror» istiqbolini joriy yilning oktabr oyida qayta tasdiqladi.

«SAIPRO» axborot-reyting agentligi «KAFOLAT sug'urta kompaniyasi» AJ ning «uzA++» (eng yuqori moliyaviy ko‘rsatkich) reytingini tasdiqladi.

Reytinglarning tasdiqlanishi kompaniya uchun yangi mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xalqaro moliya institutlari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalari ko‘lamini yanada kengaytirishga imkon yaratadi.

Kompaniyaning bosh maqsadi – mijozlar oldidagi majburiyatlarni to‘liq va sifatli bajarish va bu orqali ijtimoiy yo‘naltirilgan O‘zbekiston iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.

«KAFOLAT sug'urta kompaniyasi» AJ Matbuot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top