11:00 / 30.10.2019
1
2872
«O‘zkimyosanoat»: «Navoiyazot» hududida hech qanday favqulodda holat yuz bermagan

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida 2019 yil 29 oktabr kuni “Navoiyazot” AJga qarashli PVX zavodida yuz bergan favqulodda holatdan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda” sarlavhali xabar e'lon qilindi. 

“O‘zkimyosanoat” AJ matbuot xizmatiga ko‘ra, joriy yil 28 oktabr kuni PVX zavodi va umuman “Navoiyazot” AJ hududida hech qanday favqulodda holat yuz bermagan. Shu kuni soat 17:00lar atrofida “Navoiyazot” AJ Tibbiy sanitariya qismiga “Navoiyazot” AJ hududidagi “PVX, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi” qurilishida ishtirok etayotgan 4 nafar xodim o‘zlarini yomon his etganliklari tufayli shaxsan murojaat etganlar.

“Navoiyazot” AJ Tibbiy sanitariya qismi tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rik vaqtida ularning organizmida hech qanday kimyoviy moddalardan zaharlanish alomatlari aniqlanmaganligi tufayli ovqatdan zaharlanish taxmini bilan Navoiy shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga “Navoiyazot” AJ xizmat avtomobilida olib borilgan. U yerdagi ko‘rikdan so‘ng bir nafar xodimga shu kunning o‘zida javob berilgan, qolgan 3 nafar murojaat etgan xodimlar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Navoiy viloyat filiali toksikologiya bo‘limida olib qolingan va 29 oktabr kuni soat 10:00 da ahvoli yaxshiligi tufayli shifoxonadan chiqarilgan. 

Bildirilishicha, ayni vaqtda ushbu xodimlar o‘z xizmat vazifasini bajarmoqda.

“Yuqoridagilarni inobatga olib, xabarda keltirilgan hamda tekshirilmagan ba'zi ma'lumotlarga oydinlik kiritishni lozim deb hisoblaymiz. Ya'ni xabarda keltirilishicha, “Tez tibbiy yordam brigadasi voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan” deb ta'kidlangan. Aslida tez tibbiy yordam brigadasi zavodga kelmagan, aksincha xodimlar Navoiy shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan. 

Shuningdek, tibbiyotda “Noma'lum kuydiruvchi gazdan” zaharlanish tashxisi haqida ma'lumot mavjud emasligini ma'lum qilamiz”, - deyiladi “O‘zkimyosanoat” bayonotida. 

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top