17:24 / 30.10.2019
0
4012

Qo‘mita: Tayyorlanayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining aksariyatiga raqobat prinsiplariga zid normalar kiritilgan

Foto: Ramil Sitdikov

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini raqobatga ta'siri muntazam ravishda Qonun hujjatlarining raqobatga ta'sirini baholash metodikasi asosida o‘rganib borilmoqda.

Raqobatga ta'sirni baholash 2 xil usulda, ya'ni “ex-ante” –loyihalarni raqobatga ta'sirini baholash va “ex-post” – amaldagi qonun hujjatlarining raqobatga ta'sirini baholash tarzda amalga oshiriladi.

Birinchidan, “ex-post” usulida baholash ishlari:

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan 2019 yilning o‘tgan davri (iyun-sentabr oylari) mobaynida respublikaning 134 ta shahar va tumanlarida mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni talablariga muvofiqligi o‘rganib chiqildi.

O‘rganish natijalarida 680 ta qonun buzilish holatlari aniqlanib, ushbu holatlar hududiy organlar qoshidagi Maxsus komissiyalarda ko‘rib chiqilgan. Jumladan, 199 ta hujjatlar (shundan, 142 ta Jizzax viloyati, 23 ta Samarqand viloyati, 14 ta Surxondaryo viloyati, 12 ta Namangan viloyati, 5 ta Toshkent viloyati, 2 ta Qashqadaryo viloyati va 1 ta Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlar hokimliklarining hujjatlari) qonun talablariga muvofiq bo‘lmaganligi sababli bekor qilingan.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasiga asosan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag‘larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo‘nalishlarining afzalligi to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi sub'yektga ko‘rsatmalar berishi ta'qiqlangan.

Lekin, Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan o‘z tizimidagi tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari va davolash-profilaktika muassasalariga sug‘urta xizmatlaridan foydalanishda “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi Buxoro viloyat filiali bilan hamkorlik qilish topshirilgan.

Shuningdek, tizimdagi davolash profilaktika muassasalariga ayrim turdagi dori-vositalarini Toshkent shahridagi MChJdan xarid qilish tavsiya etilgan.

Ikkinchidan, “ex-ante” usulida qonun hujjatlari loyihalarini ko‘rib chiqish natijalari:

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga o‘tgan davrda 219 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari kelishish (imzolash) uchun tegishli vazirlik va idoralar tomonidan kiritilgan. Shundan, 170 tasiga Qo‘mita tomonidan tegishli e'tirozlarni bildirgan holda xulosalar berilgan,
5 ta holatda hujjatni qabul qilinishi maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xat yuborilgan, 44 ta holatda esa (20 foiz) bo‘yicha e'tirozlarsiz loyiha kelishilgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sholichilikni barqaror rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida sholichilik klasterlariga yer maydoni ajratish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va tashabbuskorlar o‘rtasida yozma ravishda tuziladigan bitim asosida ya'ni tanlov o‘tkazilmasdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasiga asosan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining tovar yoki moliya bozorining normal faoliyat ko‘rsatishiga, raqobatni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi hamda iste'molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga, shu jumladan:

• tegishli bozorni hududiy prinsip bo‘yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo‘yicha, tovarlarning xillari bo‘yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo‘yicha bo‘lib olishga;
• xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning bozorga kirishini cheklashga yoki ularni bozordan chetlatishga olib keladigan kelishib olingan harakatlari va kelishuvlariga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatilgan.

Sholichilik klasterlariga yer maydoni ajratishni tanlovsiz berilishi boshqa tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan cheklashlarga olib kelishi mumkinligini inobatga olib, yer maydoni ajratishni tanlov asosida berilishi bo‘yicha loyihaga norma kiritilishi taklif etildi.

Bildirilishicha, Qo‘mitaga kelishish (imzolash) uchun vazirlik va idoralar tomonidan kiritilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari loyihalarining har 5 tadan 4 tasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga mos kelmaganligi uchun loyihalarga salbiy xulosalar berilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top