20:00 / 30.10.2019
0
3650

Tuman bandlikka ko‘maklashish markazlariga 345 ming nafar ayol murojaat qilgan – Mehnat vaziri

2019 yilning 9 oyi davomida 145 ming nafar ayol doimiy haq beruvchi ishlarga joylashtirildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«[2019 yilning] 9 oyi davomida tuman bandlikka ko‘maklashish markazlariga 597 ming nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lsa, shundan 345 ming nafari – ayollar. Shundan 145 ming nafarini bugungi kunda doimiy ish haqi beruvchi ishlarga joylashtirdik. Qolgan qismi hududiy hokimliklar bilan birgalikda vaqtinchalik jamoat ishlariga jalb qilindi», – dedi Husanov Senat qo‘mitasi majlisida.

Vazir xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarni ijtimoiy jihatdan himoyalash bo‘yicha qilingan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Shu kungacha xorijda og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan, Rossiya Ichki ishlar vazirligining fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlarida bo‘lgan 2000 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi xorijdan vatanga qaytarib olib kelindi.

Mehnat migratsiyasi vaqtida sog‘ligi yomonlashib, vafot etgan 178 nafar fuqaroning jasadlari O‘zbekistonga olib kelindi. Tibbiy yordam kerak bo‘lgan 60 nafar fuqaroga xizmatlar ko‘rsatildi», – deya senatorlarga hisob berdi Nozim Husanov.

Majlis davomida senator Shohida Aripova: «Tuman-shahar mehnat inspektorlari sonini oshirish rejalashtirilganmi, bu kamchiliklarni hatto xorijlik ekspertlar ham e'tirof etishgan edi?» deya savol berdi.

«Xalqaro Mehnat Tashkilotining normalariga qaraydigan bo‘lsak, iqtisodiy faol aholi soniga nisbatan har 20 mingga bittadan inspektor to‘g‘ri kelishi kerak. Shundan kelib chiqsak, respublikamizda 890 nafar inspeksiya xodimi bo‘lishi kerak.

Hozirgi kunda bizda 200 nafar inspeksiya xodimi mavjud. O‘zingiz tushunasiz, bularning hammasi budjet xarajatlariga borib taqaladi. Shtatlarni yiliga 100tadan ko‘paytirib borishni reja qilib olganmiz», – deya javob berdi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top