17:15 / 30.10.2019
13
70874
Vazirlik Alisher Qodirovning so‘zlarini o‘z xodimlariga nisbatan haqorat sifatida qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati «Milliy tiklanish» partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovning ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilarni kommunal xodimlariga qiyoslashini soha xodimlariga nisbatan haqorat deb atadi.

«Mamlakatimizda suv ta'minoti va kanalizatsiya hamda issiqlik ta'minoti ishlariga qaratilayotgan yuksak e'tibor natijasida sohada ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.

Kommunalchilarning sa'y-xarakati bilan tasdiqlangan maqsadli dasturlar doirasida kommunal soha obektlari foydalanishga topshirilmoqda.

Kommunalchilar (suv ta'minoti va kanalizatsiya, issiqlik ta'minoti xodimlari) sababli biz nafaqat muhandislik kommunikatsiya obektlariga balki qulay va xavfsiz ichimlik va issiqlik suv ta'minotiga xam ega bo‘lamiz. Har bir muhandislik kommunikatsiya obektlari - ko‘p sonli kommunalchilar mehnati mahsuli hisoblanadi.

Qayd etish lozimki, kommunal xizmatidagi xodimning «Sha'ni», «qadr-qimmati», «ishchanlik obro‘si» tushunchalari aslida shaxsning ma'naviy maqomini, uning o‘ziga beradigan bahosini va jamiyatdagi o‘rnini belgilovchi qadriyatlarga mos tushadi. Ishchanlik obro‘si fuqaroni xodim sifatida tavsiflaydi, uning mehnat bozorida talab qilinadigan kasbiy sifatlariga baho beradi.

Shu o‘rinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari hurmatli Alisher Qodirovning «Tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar kommunal xodimlarga o‘xshab qolyapti. Ular oddiygina kommunal xizmatchilarga o‘xshab qolgan» deya  ta'kidlagan jumlalari zamirida nimalar demoqchi bo‘lgani bizga noma'lum.

Agarda boshqa soha vakillari, ya'ni o‘qituvchi yoki shifokorlar o‘z ishiga mas'uliyatsizlik bilan yondashsa, shifokorlar o‘ziga yuklatilgan vazifasini uyma-uy yurib bajarsa, bularning barchasini kommunalchiga qiyoslash, bugungi kunda kommunal sohasida faoliyat yuritayotgan 32 mingdan ortiq xodimlarga nisbatan past nazar bilan qarash haqorat sanalmasmikin?

So‘z erkinligini ko‘ndalang qo‘yib kommunal soha xodimlarining ishchanlik obro‘sini nazarga ilmaslik, jamoatchilikda yoki aholi o‘rtasida noto‘g‘ri fikr tarqalashiga sabab bo‘ladi. Bu kabi sha'ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi ma'lumotlar soha vakillarini kamsitish hisoblanadi.

Xalqimizda shunday naql bor «O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir», degan. Ayrim mansabdor shaxslar jamoatchilik oldida so‘zga chiqib har qanday soha vakillariga noto‘g‘ri nazar bilan qarashlari, ularni sha'nini toptash orqali o‘zlarining ishchanlik faoliyatini ko‘rsatmoqchidek bo‘lishadi. Ammo tanganing ikkinchi tarafi ham bor, kamchilikni topish oson, lekin ana shu sohani rivojlantirishga yordam berish orqali yurt ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi», deyiladi vazirlik munosabatida.

Eslatma: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-modda birinchi qismiga asosan fuqaro o‘zining sha'ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma'lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma'lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli. Demakki, mazkur moddaning tuzilishi jabrlanuvchiga ushbu Kodeksning 1022-moddasiga muvofiq diffamatsiya tufayli yetkazilgan ma'naviy zararni qoplashni talab etish huquqini beradi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top