10:47 / 30.10.2019
1
10331
YaIM o‘sishi 8 foiz deb ko‘rsatilgan yillarda haqiqiy ko‘rsatkich qanday bo‘lgan?

Qayta hisoblashda avvalgi yillardagi YaIM o‘sishining 8 foizlik ko‘rsatkichi aslida 7 foiz atrofida bo‘lgani ma'lum bo‘lgan.

Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida yalpi ichki mahsulot 7,5–8 foiz deb ko‘rsatilgan yillardagi statistik ko‘rsatkichlar qanday olingani haqidagi savolga javob berildi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Oxirgi ikki yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishini hisoblash tizimini qayta ko‘rib chiqib, tegishli o‘zgartirishlar kiritdik. Hozirgi kunda «Milliy hisoblar tizimi–2008» usuli bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hisob-kitoblarimizni amalga oshiryapmiz. Hali bu to‘liq yakuniga yetmagan, tizimni yanada takomillashtirish harakatidamiz», – deya Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A'zam Ikromovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat statistika qo‘mitasi Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Mamirovning qo‘shimcha qilishicha, qo‘mita tomonidan 2010 yildan boshlab to hozirgacha bo‘lgan statistik ma'lumotlar qayta hisoblab chiqilgan. Bu Milliy hisoblar tizimi va Davlat moliyasi statistikasi ma'lumotlari o‘rtasida o‘zaro muvofiqlikni ta'minlash maqsadida amalga oshirilgan.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Statistika talablariga ko‘ra ma'lumotlar avvalgi yillardagisi bilan taqqoslama bo‘lishi kerak. Bitta yilni qayta hisoblab, ikkinchi yilni qayta hisoblamasak, xatoliklar YaIM defilyatoriga yoki o‘sish sur'atlariga ta'sir qilishi mumkin edi. Avvalgi yillardagi YaIM ko‘rsatkichlarini hisoblashda uslubiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqdik. Qayta hisoblashda eng katta o‘zgarishlar qishloq xo‘jaligi sohasida kuzatildi. Ilgari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini hisoblashda bozor narxlariga nisbatan ancha past bo‘lgan narxlardan foydalanilgan. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining barcha turlari bo‘yicha o‘rtacha yillik narxlar qayta ko‘rib chiqilib, bozor narxlariga o‘tkazildi. YaIM qamrovini kengaytirish va ma'lumotlarning haqqoniyligini ta'minlash maqsadida mahsulotlar narx-navosiga aniqlik kiritildi. Ayni paytda bizda oxirgi 9 yil uchun qayta hisoblangan statistik ma'lumotlar mavjud. Qayta hisoblashda avvalgi yillardagi YaIM o‘sishining 8 foizlik ko‘rsatkichi 7 foizlarga tushgan», deydi Aziz Mamirov.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, yalpi ichki mahsulot o‘sishini qayta hisoblash jarayonida Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlarining 2019 yil 4-15 mart kunlarida o‘tkazilgan milliy hisoblar statistikasi bo‘yicha texnik ko‘mak missiyasi doirasida uslubiy yordamlari ko‘rsatilgan. Qayta hisoblash natijalari bo‘yicha solishtirma jadval bilan mana bu havola orqali tanishish mumkin.

Yaqinda Senat raisi Tanzila Norboyeva «Ilgari faqat qog‘ozlarda aks etgan quruq raqamlardan farqli o‘laroq YaIM hajmining o‘sishi amalda 5,8 foizga yetgani»ni aytgandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqishlaridan birida sobiq moliya vaziri O‘zbekistonda YaIM ko‘rsatkichlarini 8 foiz deb ko‘rsatib yolg‘on ma'lumot berganini tanqid qilgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top