21:59 / 31.10.2019
1
6280
«O‘zneftgazinspeksiya»: oktyabrda 5 mlrd so‘mlik tabiiy va suyultirilgan gaz o‘g‘irlangan  

1 oktyabrdan 25 oktyabrgacha respublika bo‘yicha 3 mlrd 885 mln so‘mlik gazdan noqonuniy ravishda foydalanilganligi ma'lum bo‘ldi.  

Joriy yilning oktabr oyi davomida “O‘zneftegazinspeksiya” tomonidan respublikada gazdan noqonuniy foydalanish va axoliga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlar natijasida katta hajmlarda gaz o‘g‘irlanishi holatlari aniqlandi. “O‘zneftgazinspeksiya” axborot xizmatining ma'lum qilishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra yetkazilgan zarar 4 mlrd 778 mln so‘mni tashkil etdi. 

Umuman olganda, 1 oktyabrdan 25 oktyabrgacha o‘tkazilgan tadbirlar natijasida respublika bo‘yicha 208 ta holat aniqlanib, 3 mlrd 885 mln so‘mlik 4 mln 209 ming kub metr gazdan noqonuniy ravishda foydalanib zarar yetkazilganligi ma'lum bo‘ldi.  

Xususan, Farg‘ona hamda Jizzax viloyatida joylashgan “Zafarobod agroeksport” va “Quvasoy shaffof ohak” korxonalariga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida jami 1 mlrd 690 mln so‘mlik (1 mln 873 ming kub metr), shuningdek, Toshkent viloyatida joylashgan “Vayt Keramik” MChJga qarashli chinni sexida jami 128 772 kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi.

Suyultirilgan gazni gaz ballonlarda aholiga tarqatishda esa 13,1 mln so‘mlik 3,9 tonna kamomad, 9,5 mln. so‘mlik 2,8 tonna ortiqchalik, 12,5 mln so‘mlik 3,7 tonna asossiz hisobdan chiqarish, 155,9 mln so‘mlik 46,5 tonna iste'molchilar haqidan urib qolish hisobiga o‘zlashtirilganligi ma'lum bo‘ldi.

Yil boshidan buyon 2500 dan ortiq tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari hamda suyultirilgan gazni gaz ballonlarda tarqatish bo‘yicha 200 dan ortiq holatlar aniqlangan bo‘lib, tegishli choralar ko‘rish uchun hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top