12:29 / 31.10.2019
1
25253

Pokistonda poyezd yonib ketishi oqibatida 60dan ortiq kishi halok bo‘ldi 

Pokistonda yo‘lovchi poyezdi yonib ketishi oqibatida kamida 64 kishi halok bo‘ldi. Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, yo‘lovchilar ovqat tayyorlash uchun ishlatgan gaz balloni portlab ketgach olov chiqqan.

Olov darhol poyezdning uchta vagonini qamrab olgan. Hukumat ma'lumotiga ko‘ra, ko‘pchilik yonib ketayotgan poyezdan sakrashi natijasida halok bo‘lgan.

Shuningdek, 30 kishi jarohatlangani aytilmoqda, hukumat qurbonlar soni ortishi mumkinligini istisno qilmagan.

Hodisa Panjob viloyati hududida, Rahimyor-Xon shahri yaqinida ro‘y berdi. Poyezd Karachi shahridan Ravalpindiga tomon harakatlanayotgandi.

«Ikkita gaz plitkasi portlagan. Ularda ovqat qilingan, ovqat uchun ishlatilgan yog‘ tufayli olov tez otarqalgan», - degan Pokiston temir yo‘l vaziri Shayx Rashid Ahmad.

Uning so‘zlariga ko‘ra, temir yo‘l reyslarida gaz orqali ishlaydigan bunday plitalardan foydalanishi keng tarqalgan muammodir. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, poyezddagi yo‘lovchilarning aksari diniy konferensiyaga ketayotgandi.

Pokiston temir yo‘llarida ko‘plab kishilar o‘limi qayd etilgan hodisalar ko‘p marta kuzatilgan. Aksar holatlarda poyezdlar keragidan ortiq yo‘lovchi olishi tufayli noxush hodisalar ro‘y beradi.

Iyul va sentabr oylarida Pokiston temir yo‘llaridagi noxushliklar tufayli 15 kishi halok bo‘lgan. 2007 yilda Mehrobpur shahri yaqinida avariya sodir bo‘lishi oqibatida 56 kishi halok bo‘lgan va 120 kishi jarohatlangandi.

2005 yilda Sind viloyatida Pokiston temir yo‘llari tarixidagi eng yirik halokat ro‘y bergan - uchta poyezd to‘qnashishi oqibatida 130 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top