15:40 / 31.10.2019
0
1706
SSV: Perinatal markazlar ona va bola hayoti xavf ostida bo‘lgan tug‘ruqlar uchun ixtisoslashgan

Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan Surxondaryo viloyati perinatal markazida pullik tibbiy xizmatlar narxlari aks etgan preyskurant (rasm) bo‘yicha munosabat bildirdi.

«Ma'lumki, so‘nggi yillarda homilador ayollar va chaqaloqlarni perinatal hamda neonatal skriningdan o‘tkazish orqali ularda tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Perinatal xizmatning asosiy vazifasi homila holatini kuzatish, jarrohlik yo‘li bilan o‘z vaqtida davolash uchun tug‘ma nuqsonlarni aniqlash, muddatiga yetmay va kam vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlashdan iborat. Bu borada erishilayotgan muvaffaqiyatlar nafaqat go‘daklar hayotini va salomatligini saqlab qolish, balki ona salomatligini ham ta'minlash imkonini beradi.

Qolaversa, yurtimiz perinatal muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi barobarida, mutaxassislarimizning ham malakasini oshirish orqali eng kam vaznli go‘daklar, hatto besh yuz gramm vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish va reabilitatsiya qilish muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tabiiyki, tizimida amalga oshirilgan bunday muhim islohotlar natijasida yurtimizda ayollarni salomatligini mustahkamlashga, onalar va go‘daklar o‘limini keskin kamayishiga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi ikki yil ichida go‘daklar o‘limi har bir ming nafar tirik tug‘ilganlarga nisbatan 1,6 promillega kamaydi.

Ta'kidlash joizki, Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 29 oktyabrdagi «Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 589-sonli hamda 2014 yil 28 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida perinatal xizmatni hududiylashtirish to‘g‘risida»gi 185-sonli buyruqlari asosida muddatdagi fiziologik, asoratlanmagan homiladorlik, doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan homilador ayollarni joyidagi tug‘ruq muassasasida bepul tarzda tibbiy xizmat ko‘rsatiladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Marat Sadikov mamlakatdagi perinatal markazlari homilada tug‘ma nuqsoni bo‘lgan, ona va bola salomatligiga xavf soluvchi tug‘ruqlarni amalga oshiruvchi muassasa hisoblanishini ta'kidlab o‘tgan.

«Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, mamlakatimizdagi perinatal markazlari homilada tug‘ma nuqsoni bo‘lgan, ona va bola salomatligiga xavf soluvchi tug‘ruqlarni amalga oshiruvchi muassasa hisoblanadi. Ushbu holatlarda barcha tug‘ruqlar bepul tarzda amalga oshiriladi. Shuningdek, ayni paytda fuqarolarning talab va istaklariga asosan boshqa hududlarda bo‘lgani kabi Surxondaryo viloyat perinatal markazida sifatli, malakali va ixtisoslashtirilgan pullik tibbiy xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Markazda pullik tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilgunga qadar fiziologik tug‘ruqlar 47 foizni tashkil etgan bo‘lib (me'yor 25 foizgacha) pullik tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilgach, ushbu ko‘rsatkich 20-25 foizga tushirish ko‘zda tutilgan. Pullik xizmat nafaqat qonun hujjatlari ijrosini ta'minlash barobarida, budjet mablag‘larini tejash, sanitariya qoidalariga rioya qilish, korrupsiyaning oldini olish, muassasaning tibbiy va moddiy texnika bazasini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda», deydi u.

Vazirlik munosabatida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan preyskurant tegishli huquqiy hujjatga asosan pullik tibbiy xizmat uchun belgilangan narxlar hisoblanishi, shu bois fiziologik holatdagi homilador ayollar, hududlaridagi tug‘ruq muassasasida bepul tarzda tibbiy xizmatdan yoki o‘z xohishlariga qarab, perinatal markazlaridagi pullik xizmatlardan foydalanishlari mumkinligi qayd etilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top