20:40 / 31.10.2019
1
9550
«Trastbank»: «Islomiy darcha» tamoyilining birinchi bosqichi boshlandi

Islom korporatsiyasi qurol, spirtli ichimliklar, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni moliyalashtirmaydi. Xizmatdan foydalangan mijozning mablag‘ni islom shariati qonunlari asosida sarflanishi ham nazorat qilib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 dekabrdagi “Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 maydagi “Islom taraqqiyot banki guruhi va arab muvofiqlashtirish guruhi jamg‘armalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini amalga oshirish maqsadida, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi o‘rtasida joriy yilning 22 avgust kuni tuzilgan “Islomiy darcha” xizmatini bankda tadbiq etish bo‘yicha kelishuvning shartlariga muvofiq, 2019 yilning 30-31 oktabr kunlari “Trastbank” rahbariyati va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi vakillari o‘rtasida o‘zaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki rahbarlari va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi rahbari Mohammed Maher Mannai, IT-loyihalarini boshqarish bo‘yicha eksperti Ibrahim Al-Saywed va loyiha menejyeri Muzaffar Nizomiddinovlar ishtirok etdi.

Ta'kidlash joizki, islomiy bankchilik – dunyoning qator mamlakatlarida keng qo‘llaniladigan moliyalashtirish tamoyillariga mos keladigan moliyaviy xizmatlarning muqobil turidir.

Uchrashuv davomida Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi rahbari Mohammed Maher Mannai va loyiha menejyeri Muzaffar Nizomiddinovlar bank rahbariyati va tegishli bo‘lim mutaxassislariga “Islomiy darcha” tamoyillari va islom moliyasi to‘g‘risida o‘z taqdimotlarini namoyish qildilar. 

-      Assalamu alaykum va rohmatullohi va barakatuh, birinchi navbatda shuni mamnuniyat bilan aytamanki, O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurganimizdan juda mamnunmiz. Sababi, bizning tashrifimizning asosiy maqsadi, “Trastbank” orqali O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan musulmon va musulmon bo‘lmagan aholiga islomiy-moliyaviy xizmatlarni taklif qilish, shuningdek tashrifimizning ikkinchi sababi, Imom Buxoriy, Imom Muslim va boshqa buyuk ulamolar yurtiga bo‘lgan bizning mehr-muhabbatimiz, ana shu buyuk allomalarimiz o‘tgan yurt bizni o‘ziga jalb qiladi, - deydi Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi rahbari Mohammed Maher Mannai.

Bizning tashkilotimiz va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishi juda sharafli bo‘lgani uchun ham “Trastbank” tomonidan “Islomiy darcha”ni ochish tashabbusini biz mamnuniyat bilan qabul qildik. Demak o‘z navbatida shuni aytib o‘tishim joizki, “Islomiy darcha” bu faqat musulmonlar uchun emas, balki musulmon bo‘lmagan din vakillari uchun ham qo‘llaniladi. Islomiy moliyaning asosiy maqsadlaridan biri, bu real iqtisodiyotga ta'sir qilish va uning o‘sishini ta'minlashdan iborat. Shu maqsadda “Trastbank” orqali “Islomiy darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yishni ko‘zda tutganmiz. Albatta, bu mamlakatda bank xizmatlaridan foydalanmayotgan mijozlar uchun ham qo‘l keladi. Chunki, bu “Islomiy darcha”ni ochish orqali mijozlarga va jismoniy shaxslarga ularning e'tiqodidan kelib chiqqan holda muqobil moliyaviy xizmat turlarini taklif qilish hamda ularning moliyaviy ehtiyojlarini qondirish mumkin bo‘ladi.

Bu juda katta tashabbus va respublika tarixida birinchi marotaba amalga oshirilayapti. Misol uchun aytadigan bo‘lsam, Islom taraqqiyot banki va Islom moliya korporatsiyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlarni shohidi bo‘lmoqda. Shu navbatda respublika bo‘yicha islomiy moliyani rivojlantirish sohasida ham juda katta ishlar amalga oshirilmoqda va aminmanki, kelajakda islomiy moliyani rivojlanishida O‘zbekiston avvalgidek buyuk ulamolari va islom madaniyati markazi bo‘lgani kabi “Islomiy moliya markazi” sifatida faoliyat olib boradi. Ishonchim komilki, mamlakatda bunga keng imkoniyatlar yaratilgan va bu ishlarni bank mutaxassislari bilan birga amalga oshirishda bizning tashkilot qo‘ldan kelgancha yordam berishga tayyor.

Yana bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tishni istardim, “Trastbank” nomi ham bejiz emas,  ya'ni buning tarjimasini “Ishonch” bank deb tushunadigan bo‘lsak, bizning maqsadimiz mijozlar tarafidan “Islomiy darcha”ga bo‘lgan ishonchni ham ta'minlashdan iborat. Bu qanday ta'minlanadi? - degan savol tug‘ilishi tabiiy. Albatta, “Islomiy darcha”ning tranzaksiyalari, bankning an'anaviy tranzaksiyalari faoliyatidan ajratilgan holatda bo‘ladi. Ya'ni, informatsion texnologiyasi, buxgalteriya hisobi va hokazo. Asosiy maqsad, shariat tamoyili va qoidalari asosida islomiy-moliya xizmatlari bilan ta'minlashdan iborat.

“Trastbank” orqali “Islomiy darcha”ning ishga tushishi mamlakatda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga sabab bo‘ladi. Iqtisodiyotda mamlakat aholisiga muqobil moliyaviy xizmatlarning ko‘rsatilishi aholi uchun ko‘pgina qulayliklar yaratadi, bu esa iqtisodiyotning to‘laqonli rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Misol uchun aytadigan bo‘lsam, hozirgi vaqtda “islomiy moliya” va “islomiy bankchilik” Singapur, Angliya va boshqa rivojlangan davlatlarda tez sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Singapurning musulmon aholisi 5 foiz bo‘lishiga qaramasdan, islomiy bankchilikka bo‘lgan talab va ehtiyoj yuqori. Shundan kelib chiqqan holda men aminmanki, O‘zbekistonning 95 foiz aholisi musulmonlarni tashkil etgan mamlakatda islom moliyasi bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjud.

Bugungi kunda Xalqaro valuta fondi va Jahon banki rahbarlari tomonidan ham islom moliyasi qo‘llab-quvvatlanmoqda hamda uni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi alohida departamentlar tashkil etilgan. Shundan kelib chiqqan holda, biz O‘zbekiston Respublikasida ham bu yo‘nalishda ishlar rivojlanishiga va “Islom moliya markazi” bo‘lishiga qattiq ishonamiz va bunga aminmiz, - deya so‘zini yakunladi Mohammed Maher Mannai.

Shuningdek mehmon Islomiy darcha xizmatlariga oid muzoraba, murobaha, ijara, takaful kabi atamalar izohini ham batafsil tushuntirib o‘tdi.

Ta'kidlash joizki, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida “Islomiy darcha” xizmatining joriy etilishi, bank mijozlariga islomiy tamoyillarga asoslangan chakana va korporativ bank xizmatlari hamda mahsulotlarini taklif etuvchi yangi moliya-bank xizmatlaridan muvaffaqiyatli foydalanish imkonini beradi.

Uchrashuv so‘ngida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi o‘rtasida “Islomiy darcha”ni ishga tushirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.

Abror Zohidov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top