14:50 / 01.11.2019
2
20766

Tergov departamenti «Human xususiy bandlik agentligi» ta'sischilari bilan bog‘liq xabarlarga munosabat bildirdi

«Human xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishining ba'zi tafsilotlari oshkor qilingan edi. Endi esa fuqarolar ko‘rgan zararlar qoplanmasligi, pullarini qaytarishning iloji yo‘qligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi. Ularda bandlik agentligi ta'sischilaridan biri sifatida aytilayotgan «JOINT-BUSINESS-GROUP A» shirkati javobgarlikka tortilmayotgani, barcha ta'sischilari ishga guvoh sifatida chaqirilayotgani aytilmoqda.

Ushbu masala yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tergov guruhi jinoyat ishining qo‘shimcha tafsilotlarini ma'lum qildi.

«So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Human xususiy bandlik agentligi» MChJ haqida turli gaplar tarqalmoqda. Jumladan, agentlik ta'sischisi hisoblangan «JOINT BUSINESS GROUP A» MChJ mansabdor shaxslari agentlikka fuqarolar tomonidan to‘lov qilingan pullarini egallab olgani, mazkur jamiyatning hisob raqamida 240 mln so‘m miqdordagi pul mablag‘i borligi, dastlabki tergov organi tomonidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar o‘rnini qoplashga qaratilgan biror-bir harakat amalga oshirilmayotgani to‘g‘risida maqolalar chiqdi.

Tergov departamenti tomonidan «JOINT BUSINESS GROUP A» MChJ bosh direktori G‘.A. so‘roq qilinganda, u o‘z ko‘rsatuvida «Human xususiy bandlik agentligi» MChJga 460 000 000 so‘m miqdordagi pul mablag‘lari bilan ta'sischi sifatida kirganini, so‘ng agentlik rahbari Sh.Z.Fayzullayev bilan o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqani va shu munosobat bilan 2019 yil 30 yanvar kuni 1-sonli ta'sischilar yig‘ilish bayonnomasiga asosan agentlik ta'sischiligidan chiqqani, agentlik o‘z navbatida G‘.A.ga ustav fondiga kiritgan pullaridan 70 mln so‘mini ustav hisobidan va 240 mln so‘mni moddiy yordam tariqasida qaytargani, hozirgi kunda agentlik unga yana 150 mln so‘m qaytarishi lozimligini ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, dastlabki tergov davomida Sh.Z.Fayzullayevga tegishli bo‘lgan Toshkent shahridagi 4ta xonadon, Toshkent viloyatidan 1 xonadon, jami 4ta avtomashina aniqlanib xatlangan. Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi depozit hisob raqamida mavjud bo‘lgan va «Human xususiy bandlik agentligi» MChJga tegishli 50 000 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lariga band solingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha hujjatli taftish tayinlangan va taftish yakuniga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi», – deyiladi berilgan ma'lumotda.

Bundan avvalroq, «Human xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslari 2018 yil noyabr oyidan 2019 yil sentyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litva davlatlariga yuborib, ishga joylashtirishni va'da qilib, har bir fuqarodan taklif etilgan ish turidan kelib chiqib, 11,5 mln so‘mdan 35 mln so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini jamiyatning bankdagi hisob raqamiga o‘tkazish orqali qo‘lga kiritib, shu kunga qadar ularni ishga joylashtirish choralarini ko‘rmasdan, fuqarolarning 20 milliard so‘mdan ziyodroq juda ko‘p miqdordagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan egallab olishgani aniqlangani haqida xabar qilingandi.

Qo‘shimcha sifatida ma'lum qilinishicha, «JOINT BUSINESS GROUP A» MChJ 2019 yil 30 yanvar kuni 1-sonli ta'sischilar yig‘ilish bayonnomasi tuzilgan, biroq davlat ro‘yxatidan o‘tmagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top