16:50 / 01.11.2019
1
23444
«Ukrainageyt»: AQSh Kongressi Trampning impichmenti bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi

31 oktabr kuni AQSh Kongressi prezident Donald Trampning impichmenti bo‘yicha ochiq muhokamalar jarayoni boshlanishi uchun rezolyutsiya qabul qilindi. Vakillar palatasi a'zolarining ko‘pchilik qismi Oq uyning amaldagi rahbari hokimiyatdan chetlatilishini yoqlab ovoz berishdi.

AFP

AQSh Kongressi Vakillar palatasining maxsus qo‘mitasi avvalroq ushbu rezolyutsiyani ma'qullagan edi. Ovoz berish jarayoni AQShning sharqiy qirg‘og‘i mahalliy vaqti bilan payshanba kuni ertalab (Toshkent vaqti bilan payshanba kuni kechqurun) bo‘lib o‘tdi.

Rezolyutsiya qabul qilinishi uchun shunchaki vakillarning ko‘pchilik qismi ovozi yetarli bo‘lar edi. Yakunda demokratlar tomonidan nazorat qilinadigan quyi palataning 232 nafar a'zosi rezolyutsiya uchun ovoz berdi, 196 kishi qarshi bo‘ldi. To‘rt kishi ovoz berishda qatnashmadi.

Tramp o‘z odatiga ko‘ra tvitterida ushbu rezolyutsiya qabul qilinishiga munosabat bildirdi.

Foto: REUTERS / Joshua Robers

«Bu AQSh tarixidagi eng katta  «jodugar ovi» bo‘ldi», - deya yozdi prezident.

Trampning 2020 yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasi menejyeri Bred Paskal ko‘proq so‘z bilan izoh qoldirdi.

«Bu qonuniy saylangan prezidentni siyosiy vaj bilan hokimiyatdan chetlatishga bo‘lgan navbatdagi urinish ekanini har bir amerikalik tushunib turibdi. Bugungi ovoz berish jarayoni shuni ko‘rsatmoqdaki, impichment jarayoni avvalboshdan qalloblik bo‘lgan va Nensi Pelosi [Palata spikeri, demokrat] uni qonuniylashtira olmaydi. Har kim Ukraina prezidenti bilan telefon muloqoti rasshifrovkasini o‘qib ko‘rishi va u yerda hech qanaqa xizmat almashuvi haqida gap ketmaganiga ishonch hosil qilishi mumkin», deya yozdi u.

Ovoz berish natijalari qanday bo‘lishini oldindan aytish qiyin edi.

Ovoz berish jarayoni arafasida Vakillar palatasida faqatgina uch nafar demokrat rezolyutsiyani ma'qullamasligi, respublikachilar partiyasining kongressdagi vakillaridan olti vakili esa «Ukrainageyt» nomini olgan ushbu ish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishini yoqlashini bildirdi.

«Ertaga (Vashington vaqti bilan 31 oktabr kuni) Vakillar palatasining har bir a'zosi o‘zi uchun axloqiy me'yorlar partiya istaklaridan ustunmi yoki yo‘qligi, Konstitutsiya korrupsion manfaatlardan, demokratiya tamoyillari rasmiy maqomdan foydalanishdan ustunroqligiga ishonadimi yoki yo‘qligini hal qilishi kerak. Umid qilamanki, demokratlar ushbu rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlashadi va u ma'qullanadi», - degandi chorshanba kuni demokratlar vakili Xakim Jyeffris. 

Rezolyutsiya nega kerak?

Demokratik partiya vakillari shu yilning sentyabrida prezident Trampning impichmenti bo‘yicha jarayonni boshlash haqida e'lon qilishgandi. Bunga AQSh prezidentining Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan telefon muloqoti tafsilotlari oshkor bo‘lishi sabab bo‘lgandi.

O‘shanda maxfiy xizmatning o‘z nomini sir tutishni so‘ragan xodimi Oq uy rahbari ukrainalik hamkasbidan AQShning sobiq vitse-prezidenti, 2020 yilgi saylovlarda Demokratik partiyaning asosiy nomzodi bo‘lishi kutilayotgan Jo Baydenga nisbatan tekshiruv boshlashni talab qilgani haqida ma'lumot bergandi.

Jarayon qariyb ikki oydan buyon davom etmoqda, ammo Oq uydagilar va Kapitoliy tepaligidagi respublikachilar prezident Trampga qarshi tekshiruv o‘tkazilishi qonuniy bo‘lmasligini ta'kidlab kelishmoqda.

Rezolyutsiya nimani o‘zgartiradi?

Hozircha impichment jarayoni doirasidagi barcha harakatlar faqat AQSh Vakillar palatasining razvedka bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Adam Shiff va Kongressning yuridik qo‘mitasi tashabbusi bilan boshlanishi mumkin.

30 oktabr kuni Kongressda Demokratik partiya vakillari tomonidan ma'qullangan rezolyutsiya loyihasi prezident Trampning raqiblari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.

Endilikda Kongressning razvedka bo‘yicha qo‘mitasi rezolyutsiya qabul qilinishidan oldin yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan va maxfiy hisoblangan eshituvlar rasshifrovkasini e'lon qilish huquqiga ega. Shu bilan birgalikda, qo‘mita ilgari milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan maxfiy bo‘lishi talab etilgan eshituvlarni jamoatchilik uchun ochiq tarzda o‘tkazishi mumkin.

Rezolyutsiya shuningdek, razvedka bo‘yicha qo‘mitasi rahbari va uning o‘rinbosariga ko‘rsatma berish uchun chaqirilgan guvohlarga o‘z shaxsiy savollarini berish huquqini taqdim etadi. Bungacha ular faqat eshituvni olib borish huquqiga ega edi. Razvedka qo‘mitasi apparati xodimlari ham 45 daqiqa davomida savol berish va so‘roq qilish huquqi bilan ta'minlanadi.

Rezolyutsiya Kongressning yuridik qo‘mitasiga AQSh prezidentiga qarshi ayblovlarni ilgari surish va ushbu ayblovlarni asoslash huquqini beradi.

Shu bilan birga, respublikachilar ham muayyan huquqlarga ega bo‘lishadi. Masalan, Vakillar palatasida razvedka bo‘yicha qo‘mita a'zosi bo‘lgan Donald Tramp tarafdorlari ham o‘z guvohlarini chaqirish va hujjatlarni taqdim etish uchun chaqiruv qog‘ozlarini yuborishlari mumkin. To‘g‘ri, lekin buning uchun qo‘mita rahbari va qo‘mita a'zolarining ko‘pchilik qismi roziligi kerak bo‘ladi.

AQSh prezidenti va uning yuridik jamoasi vakillari ham Vakillar palatasining yuridik qo‘mitasining impichmentga doir majlislarida ishtirok etish huquqiga ega. Ular o‘z guvohlarini chaqirishi, hujjatlar taqdim etishi, shuningdek, qarshi so‘roqlar o‘tkazish tashabbusini bildirishlari mumkin.

Respublikachilar qanday munosabatda?

AQSh prezidenti Donald Tramp, Oq uy vakillari va Trampning Respublikachilar partiyasidagi tarafdorlari bir necha marta demokratlarning tashabbusini «siyosiy sabablarga ega» va «adolatsiz» deb atashdi.

Impichment to‘g‘risidagi rezolyutsiya demokratlarning «bir partiyali» tashabbusi ekaniga urg‘u qaratgan respublikachilar o‘z guvohlarini chaqirib, AQSh prezidenti aybsizligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etish huquqiga egalar. Respublikachilarning yana bir talabi ochiq eshituvlar o‘tkazish va unda o‘zlari taklif qilgan ekspertlar chiqish qilishiga erishish bilan bog‘liq edi.

Impichment jarayoni qanday kechadi?

24 sentabr kuni Vakillari palatasi spikeri Nensi Pelosi impichment jarayoni boshlanganini e'lon qilgandi

Sentabr oyida AQSh Kongressining Vakillari palatasi spikeri Nensi Pelosi olti qo‘mitaga surishtiruv bilan shug‘ullanish haqida topshiriq berish orqali impichment jarayonini boshlab bergandi. Keyingi bosqichlarda qo‘mitalar dalillarni to‘plab, guvohlar bilan savol-javob qilishi ko‘zda tutilgan. 

31 oktabr kungi Vakillar palatasidagi ovoz berish jarayonidan keyin Senatdagi eshituvlar o‘tkazilishi kerak. Endilikda prezidentni chetlatish uchun Senat a'zolarining uchdan ikki qismi (100 ovozdan 67ta) ma'qullab ovoz berishi kifoya qiladi - bu o‘rinda Vakillar palatasi a'zolari prokuror, Senat a'zolari esa hakam rolida. Qayd etish kerakki, ayni vaqtda Senatda respublikachilar ustunlik qiladi - 53 respublikachi va 45 demokrat, 2 mustaqil senator. Agar shunda ham Trampni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlamasa, prezidentning vakolatlari yangi saylovlarga qadar AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens zimmasiga o‘tadi.

Aziz Qarshiyev tayyorladi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top