23:19 / 04.11.2019
0
7839
AQSh oyatulloh Xomanaiyning o‘g‘liga qarshi sanksiyalar kiritdi

AQSh moliya vazirligi Eronga qarshi yangi sanksiyalar kiritilganini e'lon qildi. Sanksiyalar ostiga Eron qurolli kuchlari bosh shtabi tushgan.

Bundan tashqari, sanksiyalar ro‘yxatiga 9 kishining ismi kiritilgan. Ular orasida Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiyning ikkinchi o‘g‘li, 1969 yilda tug‘ilgan Mujtabo Xomanaiy ham bor. Shuningdek, sanksiyalar ostiga bosh shtab boshlig‘i Muhammad Husayn Bogariy, uning o‘rinbosari G‘ulom Ali Rashid, Eron rahbarining xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiy, Eron oliy sudi raisi Ibrohim Raisiy, Eronning sobiq mudofaa vaziri Husayn Dehqon tushgan.

Xabarda ta'kidlanishicha, Mujtabo Xomanaiy Eron islom inqilobi soqchilari korpusining “Al-Quds” maxsus kuchlari qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga tushish AQShdagi aktivlarning muzlatilishi va AQSh fuqarolari yoki kompaniyalariga sanksiya ostidagi kishilar bilan biznes olib borish taqiqlanishini anglatadi. 

2015 yilda Tehron va 6 ta davlat Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Unda Tehron o‘z yadro dasturini cheklashi evaziga unga qarshi kiritilgan sanksiyalar bekor qilinishi ko‘zda tutilgandi.

Biroq 2018 yilda AQSh prezidenti Donald Tramp AQShning kelishuvdan bir tomonlama chiqishini va Eronga qarshi sanksiyalar tiklanishini e'lon qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top