18:10 / 05.11.2019
4
18761
Ishdan nohaq bo‘shatilgan xodim ishi. Angor tumani hokimligi nega sud qarori ijrosini paysalga solmoqda?

Kun.uz’ga Surxondaryo viloyati Angor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Erkin Gapparov tomonidan murojaat yo‘llandi. Arizada u muqaddam «Oxunboboyev» mahalla fuqarolar yig‘inining mas'ul kotibi lavozimida ishlagani, nohaq ishdan bo‘shatilib, sudga murojaat qilishga majbur bo‘lgani, Angor tumani hokimligi sudlarda yutqazgani, ammo qaror ijrosi bajarilmayotganini bildirgan.

Gapparov noqonuniy ishdan bo‘shatilganini vaj qilib fuqarolik ishlari bo‘yicha Sherobod tumanlararo sudiga murojaat qilgan. Sud 2019 yilning 20 avgust kunidagi hal qiluv qarori bilan uning da'vosini qanoatlantirgan. Tuman hokimi farmoyishining unga tegishli qismi bekor qilingan. Qarorda ishga tiklash darhol ijroga qaratilishi, hokimlik hisobidan Gapparov foydasiga majburiy bekor yurgan 3 oy vaqti uchun ish haqi va mas'ul kotibning oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ma'naviy zarar undirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Hokimlik norozi bo‘lgan va qaror ustidan Surxondaryo viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati kiritgan. Asos sifatida «Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan barcha xodimlar egallab turgan vazifalaridan ozod qilingani, «Oxunboboyev» MFY yig‘ini Gapparov bilan mehnat shartnomasi tuzmagani, unga mayda bezorilik qilgani sabab 15 sutka qamoq jazosi berilgani, moddiy huquq normalarini buzgani ko‘rsatib o‘tilgan.

«Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘inining mas'ul kotibi fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) taqdimiga ko‘ra fuqarolar yig‘ini tomonidan tasdiqlanadi. Mas'ul kotib bilan fuqarolar yig‘ini nomidan mehnat shartnomasi tuzish va bekor qilish vakolati fuqarolar yig‘ini raisiga berilgan.

Sudga taqdim qilingan hujjatlarga ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Gapparovni ishdan bo‘shatish haqidagi arizasi olmagan va uni ishdan bo‘shatish haqida buyruq chiqarmagan.

Tuman hokimi U.Turapov nomiga yozilgan arizada esa Gapparov vakolati bo‘lmagan hokimdan 1 iyun sanasidan boshlab ishdan bo‘shatilishini so‘ragan. Tuman hokimi esa 30 may kunidan (1 kun avval) ishdan bo‘shatish haqida farmoyish chiqargan. 28 mayda Gapparovga mayda bezoriligi sabab 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan bo‘lgan.

«Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonun, mehnat kodeksi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni asos qilib birinchi instansiya sudi asosli xulosaga kelgan.

Surxondaryo viloyat sudi ham ishni ko‘rib chiqib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini to‘ldirish yo‘li bilan o‘zgarishsiz qoldiradi. Ajrimda hokimlikdan Gapparovga majburiy bekor yurgan vaqti uchun (soliq va boshqa chegirmalarni ushlab qolgan holda hisoblab) 4 705 540 so‘m ish haqi va 1 102 861 so‘m ma'naviy zarar undirilishi belgilandi.

Birinchi instansiya sudidan so‘ng, Gapparovning noqonuniy ishdan olinishi  masalasi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgandi. Shunda Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati Angor tumani hokimligi fuqaro E.Gapparovning mahalla kotibi lavozimiga qayta tiklanish yoki tiklanmaslik masalasiga Surxondaryo viloyat sudi apellyatsiyasi sudlov hay'ati hal qiluv qarori asosida aniqlik kiritilishini ma'lum qilgandi.

Gapparovga ko‘ra, hokimlik bilan bu muammo shu yilning aprel oyida boshlangan. «O‘shanda tuman hokimi katta yo‘lni tozalash bo‘yicha ko‘pchilikka topshiriq bergandi. Men prezidentimizning majburiy mehnat bo‘yicha aytgan tanqidlaridan keyin bunga unamaganman. Hamma lavozim yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan o‘z ishini qilgani yaxshi.

Kamiga jarayon vaqti biror falokat yuz berib, xodimim aziyat cheksa, kaltak mening boshimda sinishi aniq. Tuman hokimlarini yaxshi bilaman, shunaqa vaqtda «men buyurmaganman» deyishdan nariga o‘tolmaydi. Shular sabab rozi bo‘lmagandim. Barcha tortishuvlar shundan boshlandi.

Hozir esa sudlarda yutgan bo‘lsam ham «istagan joyingga bor, sud qarorini bajarmayman, oliy sudni kutasan» deyishmoqda. Mahalla raisiga borsam, «hokim bilan kelishib hal qilib olinglar» demoqda. Yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararimni ham berishmayapti. Bormagan tashkilotim qolmadi», deydi Gapparov.

Shundan so‘ng, tuman hokimi matbuot kotibi To‘ychi Choriyev bilan suhbatlashdik. U majburiy mehnat holati bo‘lganini rad etdi. Shuningdek, Gapparov kotiblik qilgan mahalladagi 52 nafar fuqaro uning faoliyatidan norozi bo‘lib tuman hokimiga ariza yozgani, sud qarori ijrosi Oliy sud natijasiga ko‘ra ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Tuman hokimligi sud qarorini apellyatsiya natijasiga ko‘ra Gapparov ishga tiklanish yoki tiklanmaslik masalasi hal etilishini bildirgandi. Nega tuman hokimligi va ijrochilar ishning ijrosini paysalga solishmoqda?

Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 266-moddasiga ko‘ra sudning mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan xodimni avvalgi ishiga tiklash to‘g‘risidagi chiqarilgan hal qiluv qarori darhol ijro etilishi kerak.

Shuningdek, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart.

Umid qilamizki, viloyatning mas'ul idoralari Angor tuman hokimiga qonunlarni hurmat qilishi va sud qarorini ijro etishi lozimligini tushuntirib qo‘yishadi.

Zafarbek Solijonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top