19:40 / 05.11.2019
0
2523
O‘zbekistonda IT yo‘nalishida masofaviy universitet tashkil etilishi mumkin

O‘zbekistonda AKT yo‘nalishida masofaviy universitet tashkil etilishi mumkin. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ayni paytda Oliy ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasiga shu haqda taklif tayyorlamoqda. Bu haqda AKT vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev ma'lum qildi.

«AKT sohasida ta'limni rivojlantirish yo‘nalishida ham hozirgi kunda taklif ishlab chiqyapmiz. Har bir sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining kirib borishi bilan IT yo‘nalishidagi mutaxassislarga talab oshib borayotgani munosabati bilan Oliy ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda On-line, ya'ni masofaviy universitet tashkil etish borasida hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan takliflarni ishlab chiqyapmiz», deya Qahramon Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, axborot-kommunikatsiya texnologiyalar sohasidagi yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarining ta'lim dasturlarini tatbiq etish, professor-o‘qituvchilarini jalb qilish hamda talabalar almashinuvini jadallashtirish ustida ham ish olib borilmoqda. Xususan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) tomonidan ko‘pgina davlatlar bilan universitetlararo bitim imzolanmoqda.

«Yil yakunida Yaponiyaga tashrif ko‘zda tutilyapti. Tashrif doirasida ham TATU bilan Yaponiyadagi profil universitetlar o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha muzokara olib borilmoqda», deydi vazir o‘rinbosari.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top