21:49 / 05.11.2019
0
5159

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Vazir tomonidan qabul qilingan bemorlarning murojaatlari qanoatlantirildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, vazir Alisher Shodmonov qabuliga kelganlar 5 soat davomida kutib qolishgani to‘g‘risidagi videoxabar yuzasidan izoh berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Sog‘liqni saqlash vazirligida buyrak ko‘chirib o‘tkazgan bemorlar besh soatdan beri vazir Alisher Shodmonov qabuliga kira olmayotgani haqidagi videoxabar yuzasidan vazirlik quyidagilarni ma'lum qiladi.

Ushbu videoxabarda keltirilgan vajlar mutlaqo asossiz bo‘lib, buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarning tashrifi kutilmagan va oldindan rejalashtirilmagan tarzda yuz bergani, shuningdek, vazirlik rahbariyati aynan o‘sha paytda xorij delegatsiya bilan muzokara olib borayotgani sababli ma'lum muddatdan so‘ng ular qabul qilindi. Bemorlar bilan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning shaxsan o‘zi, vazirning birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev va vazirlik mas'ul xodimlari ishtirokida uchrashdi. Ochiq muloqot asosida bo‘lib o‘tgan qabulda, hatto, ommaviy axborot vositalari vakillarining ham ishtirok etishiga sharoit yaratib berilgan.

Muloqot davomida Sog‘liqni saqlash vaziri dorilar tender asosida, qonuniy ravishda sotib olingani, bemorlarning talablari inobatga olingan holda ularga uzluksiz yetkazib berilayotganini ma'lum qildi.

Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, bemorlar xavotiriga sabab bo‘layotgan «Allosept» va «Roligraf» dori vositalari respublikamiz hududida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va tegishli muvofiqlik sertifikatlariga ega. «Roligraf»ning tarkibi bemorlarga ilgaridan berib kelingan «Pangraf»ning tarkibi bilan mutlaqo bir xil. «Allosept» dorisi ham ilgaridan ishlatib kelinadigan «Maysept» dorisining to‘liq analog shaklidir. Eng muhimi, ushbu dori vositalari zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘z davlatida va boshqa xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilib, tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan.

Ayni paytda V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak transplantatsiyasi o‘tkazilgan bemorlar «Roligraf» va «Allosept» dori vositalari bilan davolanyapti. Ammo hozirgacha nojo‘ya ta'siri haqida shikoyat bo‘lmagan. Ayni paytda birgina Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham ushbu dori vositasini qabul qilgan bemorlar soni 30 nafardan ortiq kishini tashkil etadi. Shu kungacha ushbu bemorlarda ham nojo‘ya ta'sir kuzatilgani yo‘q.

Shunga qaramay vazir «Allosept» va «Roligraf» dori vositalari bilan bir qatorda, «Maysept» va «Pangraf» dori vositalari ham berilishi borasida bildirilgan murojaat qanoatlantirilishini va ushbu preparatlar shu hafta ichida joylarga to‘liq yetkazib berilishni ma'lum qildi. Shuningdek, vazir chirchiqlik bemor Bahodir Po‘latovning Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida doimiy dializ olishi ta'minlanishi bilan bog‘liq so‘rovni ham qanoatlantirdi.

Shu o‘rinda e'tirof etishimiz joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz tibbiyoti jadal rivojlanib bormoqda. Jumladan, 2018 yildan buyon mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta inson azolari va to‘qimalari, shu jumladan, buyrak kasalligining terminal bosqichida bo‘lgan bemorlar uchun buyrak, shuningdek, jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirligi buyrak va jigar transplantatsiyasini boshidan kechirgan barcha bemorlar uchun zarur bo‘lgan immunosupressant dorilar bilan bepul taminlashni yo‘lga qo‘ygan. Transplantatsiya amaliyotini boshidan o‘tkazgan bemorlarning joylardagi ahvolini o‘rganish va ular bilan muntazam muloqotda bo‘lib turish maqsadida transplantolog mutaxassislarning yurtimiz bo‘ylab doimiy ravishda xizmat safarlari uyushtirilib, hozirda ro‘yxatda turgan 700 nafarga yaqin bemor bilan yuzma-yuz uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, buyrak transplantatsiyasi o‘tkazilgan bemorlarning dori ta'minotida xavotirga o‘rin yo‘q. Bu borada barcha jarayon Sog‘liqni saqlash vazirligining qat'iy nazoratida. Shu biga birga, vazirlik bundan buyon ham fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi va bunga doimiy ravishda jiddiy e'tibor qarataveradi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top