12:39 / 06.11.2019
0
3530
Karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yish, qaytarib yuborish va yo‘q qilish tartibi tasdiqlandi
Foto: 123RF

Karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yish, qaytarib yuborish va yo‘q qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma yozmoqda.

Ma'lumot uchun:

• karantin ostidagi mahsulot - o‘simliklar karantini obektlarini tashuvchilar bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘simliklar, ularning qismlari, ekish materiallari, qayta ishlash mahsuloti, boshqa mahsulot va yuklar;

• o‘simliklar karantini obekti - dunyoda karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida mavjud bo‘lmagan yoki cheklangan tarzda tarqalgan zararli organizmlar (“O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi).

 Tasdiqlangan Nizom o‘simliklar karantini obektlari bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotni tegishli hujjatlar mavjud bo‘lmaganda olib qo‘yish, qaytarib yuborish va yo‘q qilish tartibini belgilaydi. Hujjat talablari karantin ostidagi mahsulotni olib kirish, olib chiqish, tranzit tarzida olib o‘tish, ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash va sotish ishlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.

 Olib qo‘yish

 Karantin ostidagi mahsulot quyidagi hollarda olib qo‘yiladi:

• o‘simliklar karantini obektlari aniqlanganda;

• O‘zbekistonga olib kirilishi taqiqlangan ekish materiallari va mahsulotlar aniqlanganda;

• karantin ostidagi mahsulotning tegishli hujjatlari (karantin ruxsatnomasi, xorijiy mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi) mavjud bo‘lmaganda.

Olib qo‘yish vaqtida o‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan ikki nusxada tegishli dalolatnoma tuzilib, ulardan biri mahsulotning egasiga beriladi. Tegishli tadbirlar amalga oshirilgunga qadar davlat inspektori tomonidan olib qo‘yilgan mahsulotni saqlab turishga doir choralar ko‘riladi. Dalolatnoma tuzilgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini bosh davlat inspektoriga yozma ravishda xabar beriladi. Olib qo‘yilgan karantin ostidagi mahsulotdan namunalar olinadi va ular ekspertizasidan o‘tkazish uchun tegishli laboratoriyaga yuboriladi.

 Olib qo‘yilgan mahsulot tegishli hujjatlar yoki mahsulotda o‘simliklar karantini obektlari mavjud emasligi haqida laboratoriya ekspertizasi xulosasi taqdim qilinganda davlat inspektorining ko‘rsatmasiga asosan yuk egasiga (uning vakili yoki yukni qabul qilib oluvchi, tashuvchiga) qaytarib beriladi.

 Qaytarib yuborish

 Laboratoriya ekspertizasi xulosasiga ko‘ra olib qo‘yilgan mahsulotda karantin obektlari aniqlansa, davlat inspektorining yozma ko‘rsatmasiga asosan fitosanitar ishlov beriladi va/yoki yuk jo‘natuvchi davlatga qaytarib yuboriladi.

 Quyidagi hollarda karantin ostidagi mahsulot yuk egasiga (uning vakili yoki yukni qabul qilib oluvchi, tashuvchiga) qaytarib yuboriladi:

• karantin ostidagi mahsulot o‘simliklar karantini obektlari aniqlanganda;

• O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan ekish materiallari va mahsulotlari aniqlanganda;

• karantin ostidagi mahsulotning tegishli hujjatlari (karantin ruxsatnomasi, xorijiy mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi) mavjud bo‘lmaganda.

 Qaytarib yuborish uchun o‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan ikki nusxada tegishli dalolatnoma tuzilib, ulardan biri mahsulotning egasiga (uning vakili yoki yukni qabul qilib oluvchi, tashuvchiga) beriladi.

 Yo‘q qilish

 Karantin va boshqa xavfli zararkunandalar, o‘simlik kasalliklari va begona o‘tlar bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish va yuk jo‘natuvchiga qaytarib yuborishning imkoniyati mavjud bo‘lmasa ular maxsus joyda yoqib yuborish yoki chuqur qazib ko‘mib tashlash yo‘li bilan yo‘q qilinishi lozim.

 Mahsulotni yo‘q qilish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat inspeksiyalari boshliqlari tomonidan Davlat ekologiya qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining hududiy organlarining vakillarini jalb qilgan holda, tarkibida kamida 5 kishidan iborat komissiya tuziladi. Komissiya olib qo‘yish dalolatnomasiga va/yoki ekspertiza xulosasiga asosan mahsulotning atrof muhit uchun zararli ekanligini hisobga olgan holda yo‘q qilish sanasi, usuli va joyini aniqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

 O‘simliklar karantini obektlari tarqalishi va karantin ostidagi mahsulot o‘g‘irlanishi holatlarining oldini olish maqsadida, ular davlat inspektorining ko‘rsatmalariga binoan maxsus joylarda plomba bosilgan holda saqlanadi. Yo‘q qilish mahsulot egasi (uning vakili yoki yukni qabul qilib oluvchi, tashuvchi) ishtirokida Komissiya tomonidan qaror qabul qilingan sanadan boshlab 5 ish kunidan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.

 Hududiy inspeksiya Komissiya tomonidan qaror qabul qilingan sanadan boshlab 1 ish kuni ichida mahsulot egasiga (qabul qilib oluvchi) mahsulotni yo‘q qilish sanasi, usuli va joyi haqida xabar beradi. Mahsulot egasi (yukni qabul qilib oluvchi)ning kelmaganligi yo‘q qilish jarayonini to‘xtatib turmaydi, bu haqda 4 nusxada tuziladigan yo‘q qilish dalolatnomasiga qayd etiladi. Yo‘q qilish jarayoni fotosurat yoki video yozuvga olinadi. Jarayonda mahsulotning barcha iste'mol xususiyatlari to‘liq yo‘q qilinishi shart.

 Komissiyaning qarorlari va fotosurat (video yozuvlar) nusxalari yo‘q qilish dalolatnomasi nusxalariga ilova qilingan holda mahsulot egasiga (uning vakili yoki yukni qabul qilib oluvchi, tashuvchiga) hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining hududiy organlariga yuboriladi.

 Karantin nazoratidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya, degazatsiya, refrejyeratsiya qilish yoki boshqa usullarda), yuklarni, bagajlarni, pochta jo‘natmalarini ochish yoki qadoqlash, ularni zararsizlantirish joylariga olib borish va u yerdan qaytarib olib kelish tadbirlariga xarajatlar mahsulotni jo‘natuvchilar hisobidan amalga oshiriladi.

 Mahsulot egasi ekspertiza xulosasi yoki komissiyaning qarori ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top