14:00 / 06.11.2019
2
33092
Kelajak yulduzi. U qayerdan paydo bo‘ldi o‘zi?

Norvegiyalik vunderkind Erling Holand kecha «Napoli» bilan javob uchrashuvida ham gol urdi va Chempionlar Ligasidagi gollari sonini 7taga yetkazdi. Bu oson gap emas, masalan, tarkibida YeChL qiroli Krishtianu Ronaldu bo‘lgan «Yuventus» butun jamoa bo‘lib shuncha gol urgan. Messi boshchiligidagi «Barselona» esa, 4 o‘yinda 4 gol urdi, xolos. «Borussiya», «Inter», «Valensiya», «Napoli», «Atletiko» va «Real» klublari ham hatto, hali 7 gol urishning uddasidan chiqishgani yo‘q.

19 yoshli hujumchi haqida dastlab, shu yilning may oyida gapirishni boshlashgandi. U yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bir o‘yinda 9 gol urdi va barchaning e'tiboriga tushdi. Raqib Honduras terma jamoasi bo‘lgani bilan, bir o‘yinda 9 gol urish uchun alohida iste'dod lozimligi shubhasiz.

Holand Chempionlar ligasini ham juda kuchli boshladi va ilk o‘yinidayoq «Genk» darvozasiga het-trik qayd etdi. «Napoli» darvozasiga dubl qayd etgan hujumchi, hatto «Enfild»da ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Xullas, Erling Holand Chempionlar Ligasidagi dastlabki uch o‘yinda 6 gol urishga erishgan tarixdagi ilk futbolchi bo‘ldi. Shuningdek, u kechagi goli bilan, dastlabki uch o‘yinning barchasida gol urishga muvaffaq bo‘lgan Karim Benzemani ortda qoldirdi – 4 o‘yin.

Holandlar oilasi va Roy Kin

Raqamlar o‘z yo‘liga, hozirda yosh hujumchi bilan Yevropaning deyarli barcha top-klublari qiziqishmoqda. Kimdir uni Messi yoki Ronaldu bilan solishtirayotgan, kimdir unga futboldagi ilk qadamlariga yordam bergan Sulsher tufayli «Manchester Yunayted»ning imkoniyatlarini baholagan, shuningdek, Holandning otasi «Manchester Siti» safida to‘p surganini ham kozir sifatida ilgari surayotganlar bor. Aytgancha, Erlingning otasi Alfa-Inge Holandni balki ko‘pchilik eslamas, ammo u va Roy Kin o‘rtasida mojaroli tarix bo‘lib o‘tgan.  

Alfa-Inge Holand o‘z vaqtida «Lids» va «Manchester Siti» jamoalari safida o‘ynagan, Roy Kin bilan bog‘liq voqea tufayli faoliyatini 30 yoshda tugatishga majbur bo‘lgan.

1997/98 yilgi mavsumda Holand Roy Kinga jarohat yetkazadi, lekin Kin simulyatsiya qilyapti, deb gumon qilib, uning tepasida turib yomon gaplar bilan haqorat qila boshlaydi. Roy Kin deyarli bir yil futbol o‘ynay olmaydi. Ammo oradan to‘rt yil o‘tib, «dushmani» bilan yana maydonda to‘qnash kelgan Roy qasosini oladi. Kin ataylab raqibiga jarohat yetkazdi.

«Men buni to‘rt yil kutgandim. Maydonga tushganimda hech narsa bilan ishim yo‘q edi, ko‘zlarim bilan uni qidirdim. Nihoyat biz to‘qnash keldik. U ingrab yotganida tepasiga bordim va to‘rt yil oldingi voqeani eslatdim. «Bundan keyin Roy Kin yiqilib yotganida simulyatsiya haqida og‘iz ochmaydigan bo‘lding» dedim», – deya eslaydi irlandiyalik yarim himoyachi o‘z avtobiografiyasida.

Holand shu jarohatdan qayta tiklanmadi, futboldagi orzularini esa, o‘g‘li orqali ro‘yobga chiqarish uchun, Erlingning mashg‘ulotlariga zo‘r berdi, uning ilk ustoziga aylandi.

Erling Holand aslida Angliya terma jamoasiga ham nomzod bo‘lishi mumkin edi. Chunki u 2000 yilda Lidsda tug‘ilgan va yoshligidan aynan shu klub fanati bo‘lgan edi. Otasi bilan sodir bo‘lgan yuqoridagi voqea oila Norvegiyaga ko‘chib ketishiga sabab bo‘ldi va balki mana shu burilish kichik Holandning futbol faoliyatiga zamin bo‘lgandir.

Bryunedan terma jamoagacha

Erling Bryunedagi akademiyada voyaga yetdi va 15 yoshidayoq profesional futbolda debyut qildi. Ko‘p vaqt o‘tmay, yuqoriroq maqomda bo‘lgan «Molde» tarkibidan joy oldi. O‘sha paytlarda «Molde»ni Norvegiya futboli afsonasi, bugungi kunda «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi bo‘lgan Ole Gunnar Sulsher boshqarardi. 

Ilk mavsum yangi jamoaga, kattalar futboliga ko‘nikish bilan o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi yili Holand jamoaning asosiy kuchlaridan biriga aylandi. 2017 yilgi mavsumda u 25 o‘yinda 12 gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Eng yaxshi o‘yini sifatida esa 2018 yilning iyul oyida «Brann»ga qarshi kechgan uchrashuvni aytish mumkin. U o‘sha uchrashuvda pokerga erishgandi. Qizig‘i, bu o‘yingacha «Brann» 14 o‘yinda o‘z darvozasidan atigi 5ta gol olib chiqqandi, xolos.

Shundan so‘ng, Holandga Yevropaning top-klublari «ov» boshladi, lekin norvegiyalik hujumchi katta nomlar ortidan quvishni istamadi va Avstriyaning «Zalsburg» klubi safiga 10 million yevro evaziga o‘tdi. Hozirdan uni «Zalsburg» tarixidagi eng zo‘r transfer deb atash ham mumkin.

Yuqorida aytib o‘tganimiz, Honduras darvozasiga 9 gol esa futbolchini yanada mashhur qilib yubordi. To‘g‘ri, bu rekord emas, JCh-2002 saralashlarining birida Avstraliya Samoani 31:0 hisobida yenggan va o‘shanda Archi Tompson 13 gol muallifiga aylangan. Ammo hatto Messi va Ronaldu bir o‘yinda eng ko‘pi bilan 5 gol bilan maqtanishi mumkin bo‘lgan paytda, Holandning natijasi albatta, e'tirofga loyiq va bu natija «Zalsburg»ning asosiy tarkibidan joy olishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Top-futbolchilar bilan bir ro‘yxatda

Erling ushbu mavsumda allaqachon 20 gol urishga erishdi va o‘zi qatnashayotgan 3 turnirning 2tasida – Chempionlar Ligasi va Avstriya Bundesligasida to‘purar bo‘lib turibdi. Misol uchun, Messida bugungacha 3 gol bor, Ronaldu atigi 5 gol urdi. Top futbolchilar ichida Robert Levandovski 18 goli bilan Holandning natijasiga yaqin kelishi mumkin, xolos. Avstriya chempionati-ku, mayli, ammo Chempionlar Ligasida, «Bavariya» yoki «PSJ» emas, oddiy «Zalsburg» tarkibida shuncha gol urish, albatta, hujumchi uchun ajoyib natija. Sentabr oyida qahramonimiz Norvegiya terma jamoasi safida ham debyut qilib ulgurdi. U Shvetsiya va Maltaga qarshi kechgan Yevro-2020 saralash o‘yinlarida 80 daqiqa harakat qildi.

Erling – bo‘yi baland hujumchi. Uning bo‘yi 191 sm, lekin shu gavdasi bilan ham, egiluvchan, tanasini yaxshi boshqaradi va yetarlicha tezkor harakatlana oladi. U shuningdek, yuqori qavatlardagi kurashlarda ham foydali, to‘pni darvozaga teskari holatda ham qabul qilib, samarali natija chiqara oladi.

«Men uchun Zlatan – eng zo‘ri. U ham skandinaviyalik, demak kimdir uni ham bir kun ortda qoldirishi lozim», – deydi Erling Holand. Demak, kumir borasida hammasi joyida, tashvishlanishga hojat ham yo‘q. 

«Leypsig» – keyingi manzilmi?

Hozirdan matbuotda futbolchi bilan «Real», «Barselona», «Yuventus» va «Manchester Yunayted» qiziqayotgani haqida xabarlar chiqib turibdi.

Bu yerda «Zalsburg» «Red Bull» zanjirining bir halqasi ekanini ham unutmaslik kerak. Ralf Rangnik ismli koordinator boshqaradigan seleksion tizim mavjud bo‘lib, Ralf Braziliyadan ham yosh futbolchilarni «Zalsburg» akademiyasiga olib keladi. Ular Avstriyada «Red Bull»ning boshqa jamoasi bo‘lgan «Lifering» safida o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladilar. Keyin esa «Zalsburg»ning asosiy tarkibi uchun kurashib, ishonchni oqlay olmaganlar «Lifering»ga qaytsa, eng yaxshilari endi Bundesliganing «Red Bull Leypsig» klubiga yo‘l oladilar. So‘nggi yillarda Xaydara, Valf, Laymer, avvalroq esa, Gulachi, Upamekano, Zabitser hamda Nabi Keyta kabi futbolchilar xuddi shu yo‘lni bosib o‘tgandilar. Shu orqali, yosh futbolchilarning bosqichma-bosqich rivojlanib borishlari ta'minlansa, «Leypsig» Bundesliga va Chempionlar Ligasida g‘olib chiqish uchun tayyorlanayotgani ham sir emas.

Ushbu tizimdagi keyingi katta loyiha sifatida aynan Erling Holand ismi tilga olinmoqda. Hozirda uning Yevropaning turli top-klublariga o‘tishi haqida fikrlar ko‘p bo‘lsa-da, «Red Bull» tizimida Holand uchun keyingi bekat aynan «Leypsig» ekaniga shubha yo‘q. Holandni balki Italiya yoki Angliyada kutishdan ma'no yo‘q bo‘lishi mumkin. Agar «Leypsig»ning asosiy quroli Timo Verner boshqa klubga o‘tishga tayyorlanayotgani hisobga olinsa, kelasi yozda Holand Bundesligaga ko‘chib o‘tishining ehtimoli katta.

«Matbuot menga haddan tashqari ko‘p e'tibor qaratmoqda. Bu jiddiy bosim, menga maydonda ham, uning tashqarisida ham xalaqit qiladi. Klub meni bunday hujumlardan himoya qilishga urinmoqda va o‘ylaymanki, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Men bunday gaplardan butunlay xalos bo‘lishni istayman. Mish-mishlar jonga tegdi», – deya yozg‘irgandi yaqinda Holand.

«Xoland bulutlarda suzgani yo‘q. U yuqoriga bosqichma-bosqich chiqib borish kerakligini tushunadi. U yaxshi futbolchi va yaxshi inson ham», – dedi «Napoli»ga qarshi o‘yindan so‘ng avstriyaliklar ustozi Jyessi Marsh.  

Bugungi kunda Holand turli e'tiroflardan boshi aylanib qolmasligi muhim. Bu yigitda kelajakda Yevropaning yangi yulduzi bo‘lish uchun barcha imkoniyat mavjud.

Q.Aslanov tayyorladi

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentyabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top