21:53 / 06.11.2019
1
21529

O‘zbekistonda brakonerlik eng kuchli rivojlangan hududlar ma'lum qilindi 

Bugun, 6 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mutasaddilari ishtirokida O‘zbekiston «Qizil kitobi»ning yangi nashrini tayyorlash borasida olib borilayotgan tadqiqot ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda 2019 yilning oxiriga qadar nashr qilinishi reja qilinayotgan yangi tahrirdagi «Qizil kitob» va uni chop etishning sabablari bo‘yicha ma'lumot berildi.

Baxtiyor Ibragimov

Xususan, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Baxtiyor Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, «Qizil kitob»ning amaldagi nashri 2009 yilda nashr etilgani sababli, undagi mavjud ma'lumotlar «ma'nan eskirgan» edi va shu tufayli so‘nggi 10 yil mobaynidagi tadqiqot natijalari umumlashtirilib, o‘simlik turlarining bugungi kundagi zamonaviy holati bo‘yicha ma'lumotlarni keng ommaga taqdim etish uchun kitobning yangi nashrini chop etish zarurati tug‘ilgan.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan brakonerlarning qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlanishi holatlari respublikaning qaysi hududlarida eng ko‘p uchrashi borasida savol berildi.

«Men faqat hayvonot dunyosi haqida gapirmoqchiman. Brakonerlarni eng ko‘p qiziqtiradigan hayvonlar – jayron, bug‘u, sayg‘oq va qor barsi kabi hayvonlar hisoblanadi. Ularning eng ko‘p hujumlari aynan mana shu jonivorlarga bo‘lmoqda.

Brakonerlikning eng yuqori darajasi ham aynan shu hayvonlar yashaydigan hududlar, ya'ni, Buxoro, Navoiy va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Jaloliddin Azimov

Mana shu hududlarda ahvol juda og‘ir. Eng achinarlisi, brakonerlar bitta o‘lja bilan chegaralanmaydi, bir ovlaganda 10-15talab kamyob hayvonlarni ovlashadi. Bu dahshat, ahvol shunday davom etsa va biz uning oldini olmasak, kamyob hisoblangan barcha hayvonlarimizni yo‘qotamiz», deya akademik Jaloliddin Azimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi qonunchilik brakonerlikka qarshi «juda yumshoq» muomalada. 

«Bunga aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish va kamayib borayotgan hayvonlarni o‘ldirganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish orqali erishish mumkin», deydi akademik Jaloliddin Azimov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top