16:42 / 07.11.2019
0
5105
BAA va Saudiya Arabistoni qo‘shma viza joriy etmoqchi

BAA Iqtisodiyot vaziri Saudiya Arabistoni bilan qo‘shma viza joriy etish masalasida muzokaralar olib borilayotganini e'lon qildi.

Foto: Emirates aviakompaniyasi

Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni rasmiylari har ikkala mamlakatga ham kirish huquqini beruvchi yangi qo‘shma viza turini joriy etish ustida ish olib bormoqda.

Bu haqda BAA Iqtisodiyot vaziri Sulton bin Said Al-Mansuriga asoslanib, Dubayda nashrdan chiquvchi Khaleej Times xabar tarqatdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yangi viza sayyohlarga ham BAA, ham Saudiya Arabistoni hududida bo‘lish imkonini beradi.

«Natijada ikkala mamlakat o‘rtasidagi sayohatlar ikki barobargacha ko‘payishi mumkin. Bu tashabbus har ikki davlatdagi ko‘plab mahalliy kompaniyalar uchun ham manfaatli bo‘ladi», – dedi Al-Mansuri Ar-Riyodda o‘tgan investitsiya forumida.

Saudiya Arabistonining Al Arabiya telekanali ma'lumotiga ko‘ra, BAA bilan qo‘shma viza loyihasi 2020 yilda tatbiq etilishi mumkin.

Ma'lumot uchun, ikkala mamlakat ham eng ko‘p sayyoh boruvchi top-25 davlatlar ro‘yxatiga kiradi. Jahon Turizm Tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yilda Saudiyaga 15,3 mln, amirliklarga 15,9 mln sayyoh borgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top