17:13 / 07.11.2019
0
9253

Jyerar Deparde: O‘zbekiston musulmon dunyosi uchun insonparvarlik rivojlanish modelining poydevorini qo‘ymoqda

Foto: O‘zbekkino

Taniqli fransuz aktyori Jyerar Deparde Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Mashhur fransuz aktyori Jyerar Deparde O‘zbekiston haqidagi hujjatli filmni suratga olish ishlari uchun Toshkentga keldi. Aktyor Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning qurilish jarayonlari bilan tanishdi. Bu haqda «O‘zbekkino» milliy agentligi xabar berdi.

Deparde, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov va «O‘zbekkino» agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov bilan ham suhbatlashdi. 

Uchrashuvda fransuz aktyori O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom dinining chinakam insonparvarlik mohiyatini keng jahon jamoatchiligiga yetkazish borasidagi tashabbuslari muhimligini ta'kidlab o‘tdi.

«Men ushbu markazni barpo etish tashabbusi bilan chiqqan mamlakatingiz prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu yondashuviga qo‘shilaman. Mamlakatingizda ushbu muqaddas dinni insonparvarlik qadriyatlarning diqqat markazi sifatida ulug‘laydilar va bu buyuk e'tiqodni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan tenglashtirganlarni qoralaydilar. Bugungi kunda ko‘plab ekspertlarning ta'kidlashicha, O‘zbekiston musulmon dunyosi uchun insonparvarlik rivojlanish modelining poydevorini qo‘ymoqda. Bu haqiqatan ham tarixiy lahzalardir», - deya o‘z fikrlarini bildirdi Deparde. 

Aktyor O‘zbekiston azaldan olimlar va buyuk mutafakkirlarni dunyoga keltirgan zamin ekanligini alohida ta'kidlab o‘tdi. 

«VIII asrdan beri bu yerda noyob intellektual muhit yaratilgan. Matematika, tibbiyot va umuman barcha fan sohalarida katta yutuqlarga erishildi. Ilohiyotga ham kam e'tibor berildi. Eng nufuzli hadislar to‘plami - Payg‘ambarning hikmatlari - Imom Muhammad al-Buxoriy tomonidan tuzilgan. Naqshbandiyning eng katta so‘fiylik nishoni (zamonaviy O‘zbekiston hududida paydo bo‘lgan – tahrirchi izohi ) butun Yevrosiyo bo‘ylab - Bolqondan Indoneziyaga qadar tarqalgan. Ko‘plab taniqli buyuk olimlar Movarounnahrda yashab kelganlar, jumladan, Islom ilmining «oltin davri»da - IX-XI asrlarda O‘zbekistonda. Yevropa dunyosining hech bir mamlakati bunday ilmiy markaz bilan faxrlana olmaydi. Bu Islom ma'rifat g‘oyalarini targ‘ibotchisi ekanligining yaqqol belgisi emasmi?» - deb xulosa qildi Deparde.

Qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida gapirganda, aktyor ushbu markaz Islom dinini e'tirof etgan xalqlarning eng boy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish va boshqa dinlarni hurmat qilishda o‘z hissasini qo‘shishiga ishonch bildirdi. 

Shuningdek, aktyor o‘zbek xalqining mehmondo‘stligidan va O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosidan hayratda ekanligini bildirdi. 

«O‘zbekistonga noyob jug‘rofiy o‘rin (hudud) tuhfa etilgan. Osiyoning qoq yuragida joylashgan bu mamlakat o‘zidan tashqaridagi mamlakatlarning madaniyatidan ko‘plab madaniy an'analarni to‘pladi va shu bilan birga o‘z tajribasini tashqi olamga yetkazdi», - deb ta'kidladi Deparde.

Deparde so‘zining oxirida Islom merosi, ma'rifatli islom mavzusi O‘zbekistonda suratga olish ishlari boshlangan filmning asosiy mavzularidan biri bo‘lishini qo‘shimcha qildi. 

«Bizning vazifamiz - fransuz tomoshabinlariga va butun dunyoga islomning haqiqiy qiyofasini - madaniyati, ilmi, san'atini namoyish etishdan iboratdir», - deya ta'kidladi aktyor. 

Ta'kidlash joizki, Jyerar Deparde ishtirokida hujjatli filmni suratga olish tashkilotchilari sifatida «O‘zbekkino», Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbus ko‘rsatmoqdalar. Filmni suratga olish ishlari O‘zbekistonning 5 ta shahri - Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Nukusda olib boriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top