19:50 / 08.11.2019
0
33362

Moskva-Farg‘ona aviareysida o‘zbekistonlik yo‘lovchi vafot etdi

Foto: RIA Novosti / Anar Movsumov

Moskvaning Domodedovo aeroportidan Farg‘onaga reys bajargan samolyot yo‘lovchining o‘limi sababli Samarada favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda Samara aeroporti matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda “RIA Novosti” axborot agentligi xabar berdi.  

Ma'lum qilinishicha, Domodedovo-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha SVR2419 reysini bajargan samolyot yo‘lovchilardan birining sog‘ligi yomonlashgani sababli Samaradagi “Kurumoch” aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgan.  

Shifokorlar samolyotga yetib kelishganda, yo‘lovchi vafot etib bo‘lgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, vafot etgan yo‘lovchi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Uning o‘limiga infarkt sabab bo‘lgan.  

Avvalroq, 6 noyabr kechki vaqt “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Pekin-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchgan (HY-502 reys) samolyoti yo‘lovchilardan 5 nafari - O‘zbekistonning 3 fuqarosi hamda Rossiyaning 2 fuqarosi sog‘ligi yomonlashgani sababli Gansu provinsiyasining Lanchjou shahri aeroportiga favqulodda qo‘nishiga to‘g‘ri kelgandi. Yo‘lovchilarga samolyot qo‘nganidan keyin birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ular shahar klinik shifoxonasiga joylashtirilgan. Shundan keyin samolyot 7 noyabr ertalab Toshkentga uchib ketgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top